Xristianlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Xristian dinidan yoʻnaltirildi)


Din

Oʻz-oʻzini diniy anglash turlari

Monoteizm  · Dualizm  · Politeizm  · Deizm · Teizm  · Itsizm · Panteizm · Pandeizm

Ibtidoiy dinlar

Totemizm  · Animizm  · Fetishizm  · Shomonizm

Dunyo dinlari

Buddizm · Bahoiylik

Ibrohimiy dinlar

Yahudiylik · Xristianlik · Islom

Dharmik dinlar

Hinduiylik · Jaynizm · Sikhizm · Buddizm

Uzoq Sharqning anʼanaviy dinlari

Daosizm · Konfutsiylik · Sintoizm

Boshqa dinlar

Tangrichilik  · Zardushtiylik

Asosiy gʻoyalari

Tangri · Ruh · Gunoh  · Muqaddaslik · Ruh falsafasi · Iymon  · Dogma · Muqaddas kitoblar  · Oʻlimdan keyingi hayot  · Ibodat  · Ibodatxona

Dinlarning roʻyxati

g · m

Xristianlik — dunyoda eng keng tarqalgan diniy eʼtiqod. Yevropa, Amerika mamlakatlarida, Avstraliyada, faol missionerlik harakati natijasida Afrika, Yaqin Sharqda va Uzoq Sharqning bir necha mintaqalarda keng yoyilgan. Jahonda bu dinga taxminan 2.5 milliard kishi eʼtiqod qiladi.[1] Xristianlikning asosiy gʻoyasi xudo odam — Iisus Xristos (Iso Masih; Iso) haqidagi rivoyatlar bilan bogʻliq. Xristianlik taʼlimotiga koʻra, Xudo yagona, lekin u muqaddas uchlikda namoyon boʻladi, deb oʻylashadi. Iso kelajakda tiriklar va oʻliklar ustidan hukm chiqarish uchun oxirat kuni yerga qaytib keladi, deb uqtiriladi. Uning oʻgitlariga, vasiyatlariga amal qilganlar, hayot mashaqqatlariga u kabi bardosh berganlargina narigi dunyoda ajr (mukofot) ga erishadilar. Xristianlikning aqidalari, eʼtiqod talablari, huquqiy va axloqiy normalari, cheklash va taqiqlari Bibliya va boshqa muqaddas kitoblarda oʻz ifodasini topgan. Xristianlik I asrning 2-yarmida Rim imperiyasining sharqiy qismida yashovchi yahudiylar oʻrtasida paydo boʻlgan. Ilk Xristian dastlab fetishizmdan ajralib chiqqan. Sharq dinlariga xos ayrim tasavvurlar ham unda oʻz ifodasini topgan. Xristian jamoalarining ijtimoiy tarkibi vaqt utishi bilan ruhoniylar va oddiy jamoa aʼzolariga boʻlingan. Ayrim-ayrim jamoalar oʻrtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi yepiskop boshliq cherkovining tarkib topishiga olib keldi. Cherkov katta boylik toʻplab, siyosiy kuchga aylanib borgan. Dastlab xristianlarni taʼqib etgan Rim imperatorlari keyinchalik Xristian tarafdorlari boʻlishdi. IV asrda Xristianlik Rim imperiyasida mavjud ijtimoiy tuzum va uning tartiblarini himoya qiluvchi davlat diniga aylandi. Rim imperiyasining gʻarbiy va sharqiy qismidagi oʻziga xos tarixiy taraqqiyot Xristian cherkovini ikkiga: katolik (imperiyaning gʻarbiy qismi) va pravoslav (sharqiy qismi) boʻlinishiga olib keldi. Xristianlikning bu boʻlinishi 1054-yilda rasman eʼtirof etilgan boʻlsada, biroq bu jarayon XIII asrning boshlarida tugallangan. XVI asrda Reformatsiya natijasida Yevropadagi qator cherkovlar katolikdan ajralib chiqib, Xristianlikning uchinchi asosiy oqimi — protestav yuzaga keldi. 19-asrning oxirida xristian cherkovlarining missionerlik faoliyati kuchaydi!

Mil.ning boshlaridayoq Xristianlik Markaziy Osiyo, ayniqsa, Marv va Baqtriyada keng tarqalgan edi. Ana shu davrda xristianlarning Markaziy Osiyoda mavjud boʻlganini cherkov, monastir, Xristianlikka oid buyum, qabrtosh hamda tanga kabi tarixiy ashyoviy dalillar isbotlaydi. Arablar bu hududni egallaganidan soʻng xristian jamoalarining faoliyati toʻxtagan. Xristianlikning Turkiston oʻlkasida keyingi paydo boʻlishi 19-asrning 40-yillariga toʻgʻri keladi. Oʻrta Osiyoda muqim pravoslav cherkovlarining birinchisi 1847-yilda Sirdaryo viloyatidagi Raim istehkomida qurildi. Shundan keyin Avliyoota (1866), Julek va Marki (1866), Turkiston (1866), Chinoz (1868), Oʻratepa (1867) istehkomlari, Toshkent (1865), Chimkent (1868), Jizzaxda (1866) pravoslav jamoalari tashkil qilinib, ularda doimiy harbiy ruhoniylar faoliyat olib bordilar. Soʻngra Zarafshon okrugiga qarashli Samarqand va Kattaqoʻrgʻonda ham jamoalar shakllandi. 1871-yil Rossiya imperatorining farmoniga binoan, Turkiston yeparxiyasi tashkil etilib, uning markazi Verniy (hozirgi Olmaota) shahrida joylashdi. 20-asr boshlariga kelib Turkistonda 306 pravoslav cherkovi bor edi. Bundan tashqari, oʻlkada 10,1 ming staroobryadchilar, 8,2 ming lyuterchilar, 7,8 ming katolik, 26 ming yaxudochilar, 17,1 mingga yaqin boshqa dinga mansub kishilar istiqomat qilar edi. 1916-yilning oxiriga kelib yeparxiya markazi Toshkentga koʻchirildi. Bu vaqt Toshkentda 16 ta cherkov faoliyat koʻrsatar edi. 1936-yilda Rus Pravoslav cherkovi Patriarxining qaroriga asosan, yeparxiya Toshkent va Oʻrta Osiyo hamda Olmaota va Qozogʻiston yeparxiyasi nomi bilan 2 ga ajratildi. Toshkent va Oʻrta Osiyo yeparxiyasi tasarrufiga Oʻzbekistondan tashqari Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistondagi rus pravoslav cherkovlari ham kiradi. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda Xristianlikning turli oqimlariga mansub dindorlar yashaydi.

Islom dini kirib kelishidan avval Oʻrta Osiyoga Iso Masih taʼlimoti baʼzi bir Yevropa mamlakatlaridan oldin yetib kelgan.

Yana q.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „World's largest religion by population is still Christianity“ (en-US). Countrymeters. Qaraldi: 2020-yil 1-yanvar.

Oʻqish uchun[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]