Qashqadaryo (daryo)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qashqadaryo
Qashqadaryo Kitobda
Qashqadaryo Kitobda
Tavsif
Uzunligi 378
Suv sarfi 24,9 m³/s
Davlat Oʻzbekiston
Qashqadaryo (daryo)

Qashqadaryo (quyi oqimida Maymanoqdaryo) — Qashqadaryo viloyatidan oqib oʻtuvchi daryo.

Etimologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qashqadaryo nomi tuzilishiga koʻra turkiy qashqa hamda tojikcha daryo soʻzlarining yigʻindisi hisoblanadi. Qashqa soʻzi nafaqat turkiy balki eroniy tillar orasida ham uchrab turadi va ot yoki mol peshona qismidagi oq dogʻ, oq nishona maʼnosida qoʻllaniladi. Kinoya oʻrnida esa dongʻi chiqqan, taʼniqli maʼnosida ishlatiladi. Qashqa soʻzi bilan aloqador boʻlgan joy nomlari Markaziy Osiyo, Volgaboʻyi, Ural, Kavkaz, Sibir oʻlkalarida ham uchraydi. Kashkatau (Boshqirdistondagi togʻ), Qashqa (Uraldagi daryo), Kaskasu (Qozogʻistondagi suv havzasi), Obiqashqa (Tojikistondagi daryo), Qashqabel (Qirgʻizistondagi togʻ), Qashqa (Tojikistondagi dovon), Qashqa, Qashqanash, varman Qashqa, Yenesh Xerri Qashqa va Asla Qashqa (Chuvashistondagi aholi yashash punktlari) kabilar shular jumlasidandir. Oʻzbekiston hududida ham bu singari joy nomlari koʻplab topiladi (Qashqaariq, Qashqa, Qashqasuv, Qashqakariz va hokazo).

Qashqa soʻzi odatda balandlik, tepalik, togʻliklarga nisbatan koʻproq qoʻllaniladi. Shunga koʻra, Qashqadaryo bu togʻ daryosi balandlikdagi daro maʼnosida shunday nomlanadi[1].

Tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daryo havzasining umumiy maydoni 12 ming km² ni tashkil etadi. Daryo Tojikistonning Sugʻd viloyatidagi Hisor tizmasining gʻarbiy tarmogʻi boʻlgan Obixunda togʻlarining shimoliy yon bagʻridan, Tovtosh dovonidan 1,5 km shimoli-sharqda, 2960 m balandlikdan boshlanadi. Daryo oʻng irmogʻi Oʻrtabuloqning (Forob qishlogʻi yonida) quyilishigacha Shinchasoy deb ataladi.

Yuqori oqimida baland plato boʻylab chuqur vodiyda oqadi. Daryo vodiysining bosh qismi koʻp joylarda tor. Vodiy yon bagʻirlari koʻpincha tik, balandligi 50-120 metrdan kam emas. Yargʻak irmogʻi qoʻshilgandan soʻng vodiy bir oz (100-200 metr) kengayadi. Shu yerdan daryoda qayir paydo boʻladi (eni 100 metr, Dugʻoba qishlogʻi yaqinida). Chiroqchi shahridan pastroqda Hazratibashir qishlogʻidan boshlab daryo suvi ariq va kanallarga olinadi.

Irmoqlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qashqadaryoga sersuv bir qancha irmoqlar: Jinnidaryo, Chiroqchidan 18 km yuqorida Oqsuv, Tanxozdaryo, Gʻuzordaryolar kelib quyiladi. Bu irmoqlar yuqori oqimida chuqur va tor vodiyda oqadigan tipik togʻ daryolari hisoblanadi.

Qashqadaryoning oʻng sohil tomonidan uncha baland boʻlmagan Qoratepa togʻining janubiy yon bagʻridan 20 ga yaqin soy (Shoʻrobsoy, Makridsoy, Oyoqchisoy, Qalqamasoy va boshqalar) oqib tushadi. Togʻlikdan tekislikka chiqqach, daryo vodiysi kengayadi. Shu yerdan daryo suvi butunlay sugʻorishga olinadi. Qarshi choʻliga yetganda daryo tugaydi.

Jinnidaryo[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jinnidaryo Hisor tizmasining Oqota va Sherdogʻ togʻlari oraligʻidagi buloqlardan boshlanadi. Daryoning uzunligi 57 km.

Oqsuv[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oqsuv daryosi Hisor tizmasidagi Botirboy va Seversev muzliklaridan boshlanadi. Daryoning uzunligi 115 km.

Tanxozdaryo[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tanxozdaryo Hisor tizmasining Gʻozikoʻlidan boshlanadi. Daryoning uzunligi 104 km.

Yakkabogʻdaryo[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yakkabogʻdaryo Hisor tizmasining janubi-gʻarbiy yonbagʻirlaridan boshlanadi. Daryoning uzunligi 108 km.

Gʻuzordaryo[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻuzordaryo Chaqchar togʻidan boshlanadi. Daryoning uzunligi 68 km.

Suv sarfi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daryo suvi asosan qor, yomgʻir suvlaridan toʻyinadi. Oʻrtacha yillik suv sarfi Varganza qishlogʻi yonida 14,1 m³/sek dan (koʻp suvli yilda) 1,45 m³/sek gacha (kam suvli yilda) yetadi. Chiroqchi qishlogʻi yonida yildagi eng koʻp suv sarfi 781 m³/sek dan (koʻp suvli yilda) 21,4m³/sek gacha (kam suvli yilda) boʻladi.

Qashqadaryo irmoqlar
Qashqadaryo daryosining baland togʻ hududlaridan boshlanuvchi irmoqlari

Yillik oqimining 64% mart — iyun, 11,7% iyul —sentabr, 24—27% oktabr — fevral oylarida oqib oʻtadi. Yillik eng koʻp suv sarfi koʻproq jala yomgʻirlari hisobiga tez oʻzgarib turadi. Shunga koʻra, toʻlin suv davri (fevral — iyul) sel tusini oladi. Daryo havzasidagi yerlarni suv bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida Chimqoʻrgʻon suv ombori, Zarafshon daryosidan havzaga suv keltirish uchun Eski Anhor va Qarshi magistral kanallari qurilgan[2]. Qashqadaryo qor suvlaridan toʻyinsa ham unga quyiluvchi Jinnidaryo, Tanxoz, Oqsuv va Yakkabogʻ singari irmoqlari aslida qor-muzliklari hisobiga toʻyinadi. Mazkur irmoqlar havzasida maydoni 20.3 km² boʻlgan kichik muzliklar mavjud[3]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. To'ra Nafasov. Qashqadaryo qishloqnomasi. Toshkent: Muharrir nashriyoti, 2009-yil — 365-367 bet. ISBN 978-9943-354-60-9. 
  2. "Qashqadaryo (daryo)" OʻzME. Q-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. „Qashqadaryo tabiiy geografik okrugi“. geografiya.uz. Qaraldi: 08-2023.