Xon dorixonasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xon dorixonasi yoki zindon
Joylashuvi Xiva, Xorazm viloyati
Koordinatalar 41°23′07″N 60°21′47″E / 41.3851784564364°N 60.36301135047113°E / 41.3851784564364; 60.36301135047113 G OKoordinatalari: 41°23′07″N 60°21′47″E / 41.3851784564364°N 60.36301135047113°E / 41.3851784564364; 60.36301135047113 G O
Arxitektura uslubi Xorazm va Yevropa meʼmorchiligi
Asos solinishi 1910—1912-yillar
Qarovchi Xorazm viloyati Madaniy meros boshqarmasi
Qurilish materiali pishiq gʻisht
Map
Xon dorixonasi yoki zindon xaritada

Xon dorixonasi yoki zindon – Xorazm viloyati, Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. 1910—1912-yillarda qurilgan bino. Xiva shahridagi Mevaston mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan. Xorazm viloyati madaniy meros boshqarmasi tasarufida[1].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xon dorixonasi Qoʻshdarvoza yonida, Xiva shahrining qoq markazida joylashgan boʻlib, mazkur tarixiy yodorlik aslida zindon boʻlgan. Baʼzi mutaxassislar fikriga koʻra, kasalxona yaqinida joylashgani va XX asr 60-yillarida dorixona sifatida foydalanilgani tufayli xon dorixonasi deb atalgan. Xiva shahrida kasalxona qurilganda dorixona qurish ham rejada boʻlgan, ammo uni qurish amalga oshmay qolgan[1].

XVIII asr oxiri va XIX asrni boshida dastlab zindon Koʻhna Ark ichkarisidagi darvozaning chap tomonida, zarbxonaga kiraverishning old tomonida joylashgan. Keyinchalik zindon Koʻhna Arkdagi darvozaning janubiy qismiga koʻchirilgan. Mazkur zindon aybdorlarni jazolash uchun vaqtinchalik qamoqxona vazifasini oʻtagan. Xorazm vohasida yer osti suvlarining sathi baland boʻlgani uchun yer ostida imoratlar qurishga imkon bermagan. Shu sababdan Xiva xonligining zindoni yer ostida emas, balki yer ustida joylashgan. Rossiya davlatining 1000 yillik va Romanovlar sulolasining 300 yillik yubileyiga bagʻishlab, rus podshosi Nikolay II Xiva xalqiga yangi yevropacha uslubda zindon sovgʻa qilgan, zindon keyinchalik Xiva dorixona boshqarmasining omborxonasi boʻlgan. Bugungi kunda ushbu binoda „Oltin Meros“ jamgʻarmasi va „Hunarmand“ uyushmasi joylashgan[2]. Zindonning bosh fasadi gʻarbga yoʻnalgan boʻlib, ikkita kirish yoʻlagi mavjud. Zindon toʻgʻri burchakli 260x130x65 mm hajmdagi pishgan rus gʻishtidan Yevropa meʼmorchiligi uslubida barpo qilingan. Zindon noaniq shaklda qurilgan. Bu ehtimol, oʻsha paytdagi mavjud qurilish maydonining holatidan kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Zindonning ichkarisida hovli va hovli oʻrtasida quduq qazilgan, quduqdan yaqin yilllargacha foydalanib kelingan. Hovlining janubidan Xorazm meʼmorchiligiga xos boʻlgan baland ayvon qad koʻtargan[2]. Hovlining tevarak atrofida perimetr boʻylab xonalar joylashtirilgan. Mazkur yodgorlik Xorazm va rus meʼmorchiligi uslublari uygʻunlashgan holda qurilgan binolardan biri hisoblanadi. Ichki xonalar baland tom yopmasi, yaʼni tekis yogʻoch (bolor) bilan yopilgan[1]. Xonalarning kirish eshigi va derazalari Xon kasalxonasi va Pochta-telegraf binosi kabi bir xil shaklda ishlangan. Baʼzi xonalarning kirish eshiklari va deraza romlari vaqtlar oʻtishi bilan eskirib, almashtirilgan. Biroq deraza romlari tashqarisiga oʻrnatilgan temir panjaralar holatida saqlanib turibdi[1].

Zindonning trapetsiya shaklidagi oʻlchami 30,4 x 29,74 metr va 24,7x21,7 metr, asosiy fasaddagi kirish peshtoqining balandligi 4,30 metr, kichkina ayvonning balandligi 3,6 metrni tashkil qilgan. Hovliga qaralgan xonalar soni 15 tadan iborat. Xonalar tomi yogʻoch toʻsinlar bilan tekis yopilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]