Vulkanizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Vulkanizm — magmaning yer qaʼridan yer yuzasiga otilib chiqishi bilan bogʻliq boʻlgan hodisalar majmui. V. natijasida harakatga kelgan magma Yer poʻstida qotgach, intruziv jinslarni va yer yuzasiga otilib chiqib vulkan jinslarini hosil qiladi. V. jarayonlari Yer poʻstining chuqur qismlarida boʻlganda magma oʻchoqlari va kanallari hosil boʻladi, ularning atrofidagi togʻ jinslari yuqori harorat va magmaning taʼsir etishidan oʻzgaradi. Yer yuzasida vulkan konuslari (qarang Vulkanlar), vulkan gumbazlari, kalʼderalar, lava oqimlari, pemzali qoplamlar, geyzerlar, issiq buloqlar va sh. k. hosil boʻladi. Turli xil V. jarayonlari sodir boʻlishi natijasida Yer poʻstidagi togʻ jinslarining hajmi har yili 5 km3 ga koʻpayadi. V. jarayonida atmosferaga koʻp vulkan gazlari, suv bugʻlari ajralib chiqadi va yerning gaz hamda gidrosfera qobigʻini hosil qiladi. V. bilan koʻpgina yirik metall (oltin, kumush, surma, margimush va b. rudalar) va nometall (oltingugurt, alunit, boratlar, qurilish materiallari va b.) hamda qimmatbaho toshlar konlari bogʻliq, jumladan Oʻzbekistonda Qurama tizmasidagi alunit konlari. V. kuchli planetar jarayon; vulkanlar, kalderalar, lava oqimlari va maydon-lari Oy, Mars, Merkuriy va Io (Yupiter yoʻddoshi)da aniqlangan.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil