Geyzerlar
Geyzerlar (islandcha geysir — shiddatli oqim) — vaqt-vaqti bilan qaynoq suv va bugʻ favvora boʻlib otiladigan buloqlar. Geyzerlar asosan, soʻnish arafasidagi yoki yaqinda soʻngan vulkanlar yon atrofida vujudga keladi. Yoriqlardan suv katta bosim va yuqori temperaturada shiddat bilan (qaynoq suv 20–40 m, bugʻ 150 m balandlikkacha) otilib chiqadi. Geyzerlar suvi nisbatan toza, bir oz minerallashgan (1—2 g/l). Kimyoviy tarkibi xlorid-natriyli yoki xlorid-gidrokarbonat-natriyli. Silikat angidridi (SiO2) koʻp boʻladi. Vulkan kanalining ogʻzida va yon bagʻrida geyzerit hosil boʻladi. Geyzerlar muntazam va nomuntazam turlarga boʻlinadi. Geyzerlar ning otilish sikli va alohida bosqichlari muntazam xilida doimiy, nomuntazamida oʻzgaruvchan. Geyzerlar bosqichlarining harakati bir necha minut yoki undan koʻproq davom etishi mumkin. Tinchigan vakti esa bir necha minutdan bir qancha soat yoki kun boʻladi. Islandiya, Kanada, Yaponiya, Xitoy, AQSH, Yangi Zelandiya va Rossiya (Kamchatka) da geyzerlar koʻp. Geyzerlar dan xonalarni isitishda, energetikada foydalaniladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |