Ubaydulloh ibn Mas’ud

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ubaydulloh ibn Mas’ud
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi olim, muhaddis faqih, alloma

Ubaydulloh ibn Mas’ud — (1346—yilda vafot etgan.) Qomusiy olim, mahbubiy, hanafiy alloma, muhaddis, mufassir, faqih, usul, kalom (aqoid), mantiq, nahv (arab tili grammatikasi) va adab ilmlari olimi bo‘lgan.

Ubaydulloh ibn Masʼud ibn Mahmud ibn Ahmad ibn Ubaydulloh Mahbubiy Buxoriy Ubaydulloh ibn Mas’udni Sadru-sh-shariʼati-l-asgʻar (kichik Sadru-sh-shariʼa) deb ham atashgan. „Sharhu-l-viqoya“ sohibidir. Doktor Abu Hojj Saloh Muhammad „Sharhu-l-viqoya“ga yozgan sharhining muqaddimasida allomaning nasabi haqida „Ubaydulloh ibn Masʼud ibn Umar“ deb, uning bobosini Mahmud emas balki Umar ekanligini taʼkidlab keltiradi. Buxorolik oʻnlab atoqli faqihlar (huquqshunos olimlar) orasida, Sadru-sh-shariʼalar oilasi oʻzlariga xos mavqega ega bo‘lib, islom huquqshunosligida mumtoz oʻrin tutgan hanafiy mazhabining yirik namoyandalari sifatida xizmat qildi. Sadru-sh-shariʼa Ahmad ibn Jamoluddin Ubaydullo Mahbubiy Buxoriy, XIII—asrda yashab ijod etgan va muhim fiqhiy asarlar, jumladan, „Al-hidoya“ga yozilgan sharhlardan birining muallifi sifatida tanilgan. Uning oʻgʻli Toju-sh-shariʼa laqabi bilan shuhrat qozongan Mahmud ibn Sadru-sh-shariʼa ham oʻz otasi singari, ajoyib huquqshunos olim bo‘lib, hanafiylar fiqhi sohasida oʻzidan unutilmas ilmiy asarlar qoldirdi. Toju-sh-shariʼa, oʻz nevarasi Sadru-sh-shariʼati-s-soniy (ikkinchi yoki kichik Sadru-sh-shariʼa)ni islom huquqi boʻyicha yaxshi tarbiyalab, fiqhiy masalalarni uning miyasiga singdirish maqsadida Burhoniddin Margʻinoniyning shoh asari boʻlmish „Al-hidoya“ning eng asosiy masalalarini qisqartirib olib, bir kitobda ijodiy shaklda jamlab, uni „Viqoyatu-r-rivoya fi masoili-l-hidoya“ („Hidoya masalalarida rivoyatlarni saqlash“) deb ataydi. Asar „Al-hidoya“ning eng yaxshi va qulay qisqartmasi sifatida katta eʼtibor qozonib, asrlar davomida oʻqilib, sharhlanib kelgan va uni izohlash uchun hoshiyalar yozilgan. Toju-sh-shariʼaning nevarasi Ubaydulloh ibn Mas’ud bu oilaning faxri va hanafiylar fiqhining porloq yulduzi hisoblanadi. Ubaydulloh ibn Mas’ud bobosi tarbiyasida kamol topib, sharq hikmati (falsafasi), kalom ilmi va tabiatga oid fanlarni oʻzlashtirib, fiqh ilmida buyuk alloma sifatida tanildi va hanafiy mazhabining atoqli va sermahsul olimlaridan biri bo‘lib ijod qildi. Ubaydulloh ibn Mas’ud ajdodlaridan qolgan ilmiy asarlarni jamlab, nafis yodgorliklarni toʻplash bilan shugʻullanib keldi va bobosi yozgan „Viqoyatu-r-rivoya“ni arab tilida sharhlab, uni „Sharhu-l-viqoya“ deb atadi. Bu kitob eng yaxshi va toʻliq sharh hisoblanadi. Shundan keyin baʼzi oʻquvchilarning „Viqoyatu-r-rivoya“ kitobini oʻzlashtirib olishga qurbi etmayotganligini sezib, undagi eng zaruriy masalalarni tanlab olib, uni „An-nuqoya“ („Qisqacha bayon“) yoki „Muxtasaru-l-viqoya“ deb atadi. Asarning muqaddimasiga muallif shunday deb yozadi: "Bobom Mahmud ibn Sadru-sh-shariʼa mening fiqh ilmini yaxshi oʻrganishim u-n „Viqoyatu-r-rivoya fi masoili-l-hidoya“ kitobini tuzdi. Bu kitobdek soʻzlari moʻʼjaz, mazmuni aniq va toʻla ikkinchi bir kitobni zamon ahli koʻrgan emas. Men baʼzi bir toliblar himmati bu kitobni oʻrganib oʻzlashtirishga qodir emasligini sezib, zaruriy masalalarni tanlab olib, ushbu „Muxtasar“ („Qisqartirilgan kitob“)ni yozdim. Har kim „Al-hidoya“da keltirilgan masalalarni oʻrganib, oʻz xotirasida saqlamoqchi boʻlsa, „Viqoya“ (bobom taʼlif etgan kitob)ni oʻrganib olishga uringay. Shoshilib turgan, vaqti oz boʻlgan kishi men taʼlif etgan bu „Muxtasar“ („Muxtasaru-l-viqoya“)ni oʻrganishga tavajjuh qilgay". Shuningdek, Sadru-sh-shariʼa ikkinchi usulu-l-­fiqh boʻyicha „At-tanqiyh“ („Soʻzni pokizalash, bir xos mavzuga taalluqli hukmni umumiylashtirish“) nomli asar yozdi, soʻngra uni bir chiroyli shaklda sharhlab „At-tavziyh“ deb atadi. Ushbu kitob usul ilmi boʻyicha shofiʼiy va hanafiy yoʻnalishlarini birlashtirib yozilgan muhim asar bo‘lib, yirik olimlar tomonidan sharhlangan „Al-muqaddimotu-l-arbaʼa“ („Toʻrtta muqa­ddima“), „Taʼdiylu-l-ulum va-sh-shurut…“ nomli asarlar ham katta eʼtibor va shuhrat kasb etib kelgan. Xayruddin Zirikliy bergan maʼlumotga koʻra, „Maʼoniy“ („Adabiyotga oid fanlar“) sohasida „Al-vishoh“ („Boʻyinga taqiladigan bezak“) nomli kitob ham Ubaydulloh ibn Mas’ud qalamiga mansubdir. Sadru-sh-shariʼa va uning barcha ajdodlari ilmu fan arboblari sifatida koʻp hurmat va izzat bilan yashaganlar. Hindistonlik mashhur olim Abdulhay Laknaviyning yozishicha, Sayyid Ahmad Tahoviyning shogirdi Mavlo Abdulmuʼmin Dimyotiy „Taoliyqu-l-anvor alo durri-l-muxtor“ („Durru-l-muxtor kitobiga yorqin hoshiyalar“) nomli asarida Ubaydulloh ibn Mas’udning nasabini Paygʻambar (s.a.v.)ning mashhur sahobalaridan biri boʻlmish Iboda ibn Somitga bogʻlaydi. U, jumladan, bunday deb yozadi: "Ustozimiz Sayyid Murtazo Husayn silsilasida koʻrdimki, Sadru-sh-shariʼaning nasabini quyidagidek zikr etgan: Ubaydulloh ibn Masʼud ibn Toju-sh-shariʼa Mahmud ibn buyuk Sadru-sh-shariʼa Ahmad ibn Jamoluddin Abdulmakorim Ubaydulloh ibn Ibrohim ibn Ahmad ibn Abdulmalik ibn Umar ibn Abdulaziz ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mahbub ibn Valid ibn Uboda ibn Somit Ansoriy Mahbubiy. Shuningdek, ustozimiz: „Uning nasabini Buxoro tarixida koʻrganman“, — dedilar". Sadru-sh-shariʼalar va ularning oila aʼzolari fiqh ilmini oʻz zamonalarining eng buyuk olimlaridan olgan. Ularning fiqh ilmini oʻrganish silsilasi buxorolik atoqli faqih Abu Abdulloh ibn Abu Hafs Kabirga yetib boradi. Abdulhay Laknaviy „Muxtasaru-l-viqoya“ muallifi Sadru-sh-shariʼa ikkinchini: „Barcha tomonidan qabul qilingan imom, shariat qonunlarining soqchisi, asliy va farʼiy (juzʼiy) muammolar ustodi va qisqartiruvchisi, aqliy va naqliy (sharʼiy) fanlar olimi, faqih (huquqshunos), fiqh usullarining bilimdoni, mantiqiy, muhaddis (hadisshunos) mufassir, tilshunos, adib, mutakallim, buyuk qadru manzilat va yuksak maqom egasi, ilmu adab bilan toʻlib toshgan, majdu azamatni ota-bobolaridan meros qilib olgan zot edi“, — deb tanitadi. „Muxtasaru-l-viqoya“ oʻzbek tilida toshkentlik faqih olim Maqsudxoʻja ibn Mansurxoʻja tomonidan „Majmaʼu-l-Maqsud“ nomi bilan katta hajmda sharh tarj. qilinib, XX a.ning oʻn ettinchi y.larigacha „Majmaʼu-l-Maqsud“ yo „Muxtasaru-l-viqoyati-t-turkiy“ nomi bilan ikki marta ikki jildda (1100 b.) nashr etilgan. Ushbu kitobning kirill alifbosida Mahmud Hasaniy tayyorlagan birinchi jildi 1999 y.da „Adolat“ nashriyoti tomonidan chiroyli shaklda bosmadan chiqarildi. Ubaydulloh ibn Mas’ud 747/1346—yilda vafot etgan. Qabri ota-bobolarining abadiy makoni — Buxoroning Sherobod degan joyidadir[1].

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Sharhu-l-viqoyati-r-rivoya fi masoili-l-hidoya“,
  • „Al-vishoh fi-l-maʼno va-l-bayon“,
  • „Taʼdiylu-l-ulum fi-l-kalom“,
  • „At-tavzih fi hilli gʻovamizii-t-tanqih“,
  • „Al-musannaf fi-n-nahv“,
  • „An-nuqoya“, „Muxtasaru-l-viqoya“,
  • „At-tanqiyh“,
  • „Al-muqaddimotu-l-arbaʼa“,
  • „Maʼoniy“.





Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi“; Samarqand:Imom Buxoriy xalqaro markazi 2018.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Kahhola. Muʼjamu-l-mualli-fiyn. J.6. — B. 246; Abdulhay Laknaviy. Al-favoidu-l-bahiyya. — B. 132; Saloh Muhammad. Sharhu-l-viqoya va maʼahu muntaho-n-niqoya ala sharhi-l-viqoya. J.1. — B. 33.