Turkiston qayg'usi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Turkiston qayg'usi (I-II qismlar)
Muallif(lar) Alixonto'ra Shokirxo'ja o'g'li va Asilxon Alixonto'ra o'g'li
Muharrir(lar) Alisher Nazar
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i tarixiy asar
Nashr etilgan sanasi 2003-yil
Nashriyot Sharq nashriyoti
Sahifalar soni 496 bet
ISBN 978-9943-6613-8-7
Keyingisi Qutlug'xon Shokirov

Turkiston qaygʻusi — Alixontoʻra Shokirxontoʻra oʻgʻlining tarixga oid asarlaridan biri hisoblanadi. Asar 1917—1950-yillar mobaynida Gʻarbiy va Sharqiy Turkistonda sodir boʻlgan voqealarni koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan tomonlarini ochib beradi. „Turkiston qaygʻusi“ asari 1966—1973-yillarda Toshkentda yoziladi[1]. Asarning birinchi qismi muallifning oʻz qoʻli bilan 1969-yilda yozib bitirilgan. Ikkinchi qismi esa muallif xohishiga koʻra oʻgʻli Asilxon tomonidan 1969-yildan boshlab bir necha yil davomida yozilgan va asar butun holatga keltirilgan[2].

Voqealar rivoji[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alixontoʻra Sogʻuniy „Turkiston qaygʻusi“ nomli ushbu asarida Tukiston xalqi qanday qilib mustabid tuzumga qaram boʻlib qolganini davlat arbobi sifatida siyosiy va ijtimoiy jihatdan tahlil qilib ochiqlashga harakat qiladi. Shuningdek, asarda Markaziy Osiyo xalqlarining XIX asroxirlarigacha boʻlgan davrdagi davlatchilik tarixi, Amir Temur va turkiy xalqlar kelib chiqishiga doir qimmatli maʼlumotlar ham bor[3]. Shuningdek kitobning ikkinchi qismida Sharqiy Turkiston Jumhuriyati davlatining yuzaga kelishi va parokanda boʻlishi sabablari koʻrsatilgan. Jumhuriyatning qurilishi jarayoni, davlat asoslarini oʻrnatish yoʻl yoʻriqlari keltirilgan. Bu davlatning tugatilish sabablari yoritilgan.

Kirish so'zidan

Men Ali Sog'uniy yoshlik-yigitlik kunlarimdan boshlaboq arabiy, forsiy tillarini, to'liq ravishda o'zlashtirdim. Zamonning menga ko'rsatgan to'sqinliklariga qaramay Tangri yordami bilan keng ko'lamda diniy, tibbiy, ayniqsa, tarixiy ma'lumotlarga ega bo'ldim. Arabcha, forschalarni yozish, so'zlashgina emas, balki bu ikki tilda kitob yozish, she'r aytish qobilyati menda bo'lsa ham, o'z ona tilim turkchani boshqa tillardan ortiqroq ko'rdim. Chunki qaysi bir millatning ona tili o'z hojatini o'tay olmay, boshqa yot tillar oldida mag'lubiyatga uchrab, tiz bukar ekan unday millat ko'p uzoqlamayoq insoniy huquqlaridan ajraydi va uning hayot daftarlari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubxasizdir. Bunday millat yolg'izgina vatanlaridan emas, balki butun borlig'i bilan tarix yuzidan yo'qolishga majbur bo'ladilar. Endi yuqorida aytilgan oqillar tilidan aytilgan so'zga qarab, o'zimda topilgan fazilatlardan tarix ilmini tanlab oldim. Chunki shu hozirgi davrimiz 1966-yilda o'z vatanlarida turib g'arib bo'lgan xalqimiz uchun tarix ilmini bilish borliqqa suv o'rnida bo'lishi ko'pdan beri menga sezilmish edi. O'tmishdagi tarixni unutib, endigi tarixini tuymagan bir millat qorong'uda qolgan, qo'lida tayog'i yo'q bir ko'r kishi kabi qayoqqa oyoq qo'yishni bilmaganlikdan dushman yetakchisi keyinidan ketishga majbur bo'ladi. Ochiq fikrli, sezgir vatan o'g'lonlari tarixning qandayin zarur ekanligini manim shu so'zimdan ilhom olib chuqur tushunishlari kerak.

Alixonto'ra Shokirxo'ja o'g'li — Sog'uniy

Senzura va nashrlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Turkiston qaygʻusi“ning toʻliq oʻzbekchasi uzoq vaqt siyosiy sabablarga koʻra berkitib, nashr qilinmay kelgan. Ammo, endilikda xalqimiz tarix haqiqatlarini bilishi zarur deb hisoblaymiz. Asardan baʼzi parchalar „Yoshlik“ adabiyot jurnalida (1992-yil 3-4, 5-6 sonlar) eʼlon qilingan. 1-qism kitob holida oʻzbek tilida Toshkentda (Sharq nashriyoti 2003-yil) va uyg'ur tilida Istanbulda (Sharqiy Turkiston madaniyat vaqfi, 2007-yil) bosilib chiqqan. Ikkala qismdan iborat bir butun holida esa turk tilida Germaniyaning qadim nashriyotlaridan biri boʻlgan Vyutsburg sahrida (Ergon Verlag, 2006) bosildi[2].

Uslub[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muallifning oʻzi asarida taʼkidlashicha kitob qiymatini oshiruvchi asosiy unsurlardan biri uning, chigʻatoy turkchasida, yaʼni klassik oʻzbekchada „Boburnoma“ uslubini davom ettirib yozilganidir[2].

Tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kitobning Sharq nashriyotida nashr qilingan 2021-yilgi nashri ikki qism, 496 bet boʻlib, umumiy holda Mundarija, Qutlugʻxon (Ediqut) Shokirovdan „Taqdim“, „Ochiqlama“, Alixontoʻra Sogʻuniydan kirish soʻzi va I qism, Asilxon Alixontoʻra oʻglidan II qism hamda „Kim kimdir“ — Kitobda kelgan tarixiy va ahamiyatli shaxslar haqida qisqacha maʼlumotlardan iborat.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Shokirov, Uvaysxonto'ra „ULUG’ BOBOM VA «TURKISTON QAYG’USI» ASARI HAQIDA“. https://kh-davron.uz/. Qaraldi: 22-may 2022-yil.
  2. 2,0 2,1 2,2 Sog'uniy, Alixonto'ra. Turkiston qayg'usi I-II qism. Toshkent: Sharq nashriyoti — 7, 8, 9 bet. ISBN 978-9943-6613-8-7. 
  3. Davron, Xurshid „Alixontoʻra Sogʻuniy. Turkiston Qayg’usi“. https://kh-davron.uz/. Qaraldi: 22-may 2022-yil.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]