Teriarinxoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Teriarinxoz
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar
Tip: Chuvalchanglar
Sinf: Tasmasimon chuvalchanglar
Turkum: Gelmintlar
Tur: Qoramol solitori
Binar nomi
Taeniarhynchus saginatus

Teriarinxoz (lotincha: {{{1}}} taeniarhynchosis) – parazitlar tomonidan keltirilib chiqariluvchi kasallik. Asosan ingichka ichakni zararlaydi[1]. Qoʻzgʻatuvchisi – Taeniarhynchus saginatus – qoramol solitori hisoblanadi[2].

Marfologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoramol solitorining tanasi tasmasimon shaklda boʻlib, 2000ga yaqin boʻgʻimlardan iborat va uzunligi 5-6 m gacha yetadi[3]. Chuvalchangning boshchasi 1,5-2 mm diametr hamda toʻrtta soʻrgʻichi mavjud. Ingichka boʻynida oʻsish zonasi joylashgan va u bir qancha boʻgʻimlarga boʻlingan tanasi bilan qoʻshiladi. Tanasining boshlanish sohasida joylashgan yosh boʻgʻimlari (strobilalar) kvadrat shaklida boʻlib, ular germafroditlardir. Oxiridagi yetilgan boʻgʻimlari bachadonga ega, u esa har tomonidan 18-36 yon shoxlardan tuzilgan oʻrta oʻq(stvol)dan iborat. Boʻg‘imlar preparatida bachadon koʻplab (150 minggacha) tuxumlar bilan toʻlgan. Oxirgi boʻgʻimlari yetilish mobaynida strobilalardan ajraladi, oʻzining faol harakati tufayli ichakdan tashqariga chiqadi. Har kuni 6-8 minggacha boʻgʻimlar ajralishiga qaramay, chuvalchangning tana uzunligi kichraymaydi, chunki oʻsish sohasida yangi boʻgʻimlar doimo hosil boʻlib boraveradi. Yashash muddati 20 yil va undan ortiq boʻladi. Tuxumlari yumaloq yoki oval shaklida boʻlib, ularning qobigʻi yupqa va tiniq. Ichkarisida embrion (onkosfera) joylashgan boʻlib, ular 3 juft ilmoqdan iborat.

Rivojlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoʻzgʻatuvchi odam ingichka ichagida parazitlik qiladi. Boʻgʻimlari najas bilan yoki koʻpincha orqa chiqaruv teshigi orqali faol oʻrmalab chiqadi. Boʻgʻimlar parchalanganda (ichakda yoki ichakdan tashqarida) tuxumlarning bir qismi najas bilan ajraladi. Boʻgʻimlar yoki najas atrof muhitga tushganda tuproq, oʻtlar, mollar saqlanadigan joylar va yaylovlar onkosferalar bilan ifloslanadi. Onkosferalar zararlanangan yemish bilan yirik shoxli hayvonlar organizmiga tushadi va mushaklarga joylashib, lichinkalar (finnalar yoki sistiserkalar)ga aylanadi. Hayvon tanasida finnalar 1-2 yilgacha yashaydi, soʻngra nobud boʻadi.

Yuqish yoʻllari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odamga kasallik tarkibida finnalar boʻlgan xom yoki yarim xom mol goʻshti (finnali goʻsht)ni isteʼmol qilganda yuqadi. Finnalar kabobda, yetarlicha qaynatilmagan goʻshtda, mol goʻshtidan tayyorlangan qiymada (ayrim kishilar buni tatib koʻradi yoki xomligicha isteʼmol qiladi) va boshqa mahsulotlarda tirik saqlanishi mumkin. Odamning ingichka ichagida 3 oydan keyin gelmint yetiladi va bir necha oʻn yillar davomida parazitlik qiladi.

Patogenezi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Invaziya patogenezida ingichka ichak shilliq pardalarining gelmint soʻrgʻichlari bilan zararlanishi, ichakning taʼsirlanishi, chuvalchang organizmida almashinuv mahsulotlarining odam organizmiga toksik taʼsiri hamda ichak funksiyasi buzilishi natijasida organizmning ovqat moddalariga tanqisligi katta rol oʻynaydi. Invaziya belgilari surunkali bosqichda, yaʼni ichakda katta (yetilgan) chuvalchang shakllanganda kuzatiladi[4].

Klinikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bemor umumiy darmonsizlikdan, ta ’sirlanuvchanlikdan va ishtaha pasayganidan shikoyat qiladi. Qorinda quldirash va ogʻriq kuzatiladi, koʻngil aynib, ich dam boʻladi (meteorizm) va vaqti vaqti bilan ich ketadi. Koʻpchilik bemorlarda glossit rivojlanishi mumkin. Bu vaqtda til kattalashib, uning shilliq pardalarida yorilishlar paydo boʻladi. Nimjon bemorlarda invaziya ogʻir nevrologik belgilar bilan kechadi, uyquning buzilishi, hushdan ketish, hatto talvasa xurujlari kuzatiladi. Qonda ozroq leykopeniya va eozinofiliya aniqlanadi. Ayrim bemorlarda anemiya rivojlanadi. Asoratlarsiz hollarda invaziya sogʻayish bilan yakunlanadi.

Diagnostikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tashxis qoʻyishda oddiy va hammabop usul – parazit boʻgʻimlari ajralishi haqida soʻrab-surishtirish katta ahamiyatga egadir, chunki bu hol deyarli barcha bemorlarda kuzatiladi. Laboratoriya usullaridan mikroskopda perianal qirma va najas surtmasi tekshiriladi. Yirik surtma Kato boʻyicha tekshiriladi[5] .

Davolash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Degelmintizatsiya uchun fenasal keng qoʻllanadi[6]. Kattalarga 2 g dan kechqurun bir marta yoki ertalab sahar paytida beriladi. Fenasal qabul qilishdan 10-15 minut oldin bemor 1-2 g kalsiy gidrokarbonat qabul qiladi. Kombinatsiya holida dixlosal (0,5-1 g dixlorofen va 2 g fenasal) va trixlosal (0 ,5 −1 g trixlorofen va 2 g fenasal) qoʻllanadi. Preparat shakar yoki sharbat bilan aralashtirilgan holda ovqatlanishdan 1 – 1,5 soat oldin nahorga ichiladi[7]. Qirqquloqning efirli ekstrakti kattalarga 4,5-5,5 g miqdorda beriladi. 2 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun uning miqdori 1 g, 3 yoshda —1,5 g, 4 yoshda 2 g, 5—6 yoshda – 2-2,5 g, 7— 10 yoshda 3g, 11 – 16 yoshda 3,5-4,0 g ni tashkil qiladi. Qirqquloq ildizidan tayyorlangan quruq preparat – filiksan kattalarga 7-8 g dan beriladi[8]. Qirqquloqdan olingan preparatlarni qoʻllashda davolash boshlashdan 1-2 kun oldin yogʻ va spirtli ichimliklar ratsiondan chiqariladi, kechqurun ich boʻshatuvchi dorilar tayinlanadi va davolash boshlangan kuni esa ertalab bemorga huqna qilinadi[9]. Yarim soat oʻtgach bemor kapsula holida yoki asal, jem, shakar bilan birga mayda porsiyalar bilan 30-40 minut davomida dorini qabul qiladi. Preparatni qabul qilgandan 1 soat oʻtgach bemor yana tuzli ich suradigan dorilar ichadi. 1 – 1,5soatdan keyingina nonushta qilishi mumkin. Najas kelmagan vaqtda dori qabul qilgandan 3 soat oʻtib huqna qilinadi.

Profilaktikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Teniarinxoz bilan kurashishda dastlab mazkur qoʻzgʻatuvchi bilan zararlangan kishilarni oʻz vaqtida aniqlab, albatta degelmintizatsiya oʻtkaziladi[10]. Sogʻaygan kishilar 6 oy davomida dispanser roʻyxatida turadilar. Ular bu davrda uch marta soʻrab-surishtiriladi va najas hamda perianal qirma tahlil qilinadi. Bu koʻrsatkichlar ijobiy boʻlmagandagina ular dispanser roʻyxatidan chiqariladi. Kompleks profilaktik tadbirlar chorva yemishini najas bilan ifloslanishdan saqlash, mollarni hovlida soʻymaslik, goʻshtlarni veterinar-sanitar koʻrigidan oʻtkazish va aholining sanitar madaniyatini oshirish kabilarni oʻz ichiga oladi. Goʻshtni kamida 2 soat davomida qaynatish zarur[11].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Gelmintlar“. as-med.uz. 2023-yil 28-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 28-sentyabr.
  2. „Бычий цепень (Taenia saginata)“. gastroscan.ru. Qaraldi: 2023-yil 28-sentyabr.
  3. Qoramol solitori — 23-24 bet. 2809.2023da qaraldi. 
  4. „Invaziya“. medik.uz. Qaraldi: 2023-yil 28-sentyabr.
  5. Kato tekshiruvi. Toshkent — 58 bet. 
  6. „Фенасал“. medu.uz. Qaraldi: 2023-yil 28-sentyabr.
  7. „Fenasal ko'rsatmalar“. apteka.uz. Qaraldi: 2023-yil 28-sentyabr.
  8. „ФИЛИКСАН . Filixanum.“. cnshb.ru. Qaraldi: 2023-yil 28-sentyabr.
  9. „ich yumashtuvchi dorilar“. library.tsdi.uz. Qaraldi: 2023-yil 28-sentyabr.
  10. „Дегельментизация“. pets.mail.ru. Qaraldi: 2023-yil 28-sentyabr.
  11. „Invazion kasalliklarga qarshi kurashish chora - tadbirlari“. scienceweb.uz. Qaraldi: 2023-yil 28-sentyabr.