Leykopeniya (leyko — leykotsit va penia — yetishmaslik) — periferik qonda leykotsitlar sonining kamayishi (1 mm3 qonda 4000 dan kam boʻlishi). Leykotsitlar soni yoki ular shakllarining bir-biriga boʻlgan nisbati oʻzgarishi organizmning umumiy holatiga bogʻliq. Chunki leykotsitlar sonining kamayishi (yoki koʻpayishi) sogʻlom kishilarda ham uchraydi. Masalan, issiq vanna qabul qilgan yoki hammomdan chiqqan odamda, sportchilarda yoki muntazam ogʻir mehnat bilan shugʻullanuvchi shaxslarda (adashgan nerv tonusi oshib, parasimpatik nervniki pasayganda va boshqa holatlarda) qisqa muddatli leykopeniya kuzatiladi. Lekin baʼzi kasalliklar (ich terlama, brutsellyoz, gripp, bezgak) va qon yaratuvchi organlar faoliyatining susayishi natijasida patologik leykopeniya yuzaga keladi. Amidopirin, butadion, sulfanilamid preparatlar kabi dorilar meʼyori bilan qabul qilinmaganda ham leykopeniyaga kuzatilishi mumkin. Leykopeniyaga sabab boʻlgan zararli omillar bartaraf etilsa, leykotsitlar soni yana normallashadi[1].