Tavallo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Oʻzbek adabiyoti

Milodiy VII asrgacha
VIII-XIII asrlar (Qadimgi)

XIV-XV asrlar (Temuriylar davri)
XVI-XIX asrlar (Mumtoz)

XIX-XX asrlar (Milliy uygʻonish)
1905-30 yillar (Jadid davri)
1930-80 yillar (Sovet davri)
1990 yillaridan keyin (Mustaqillik)

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Tavallo (taxallusi; asl ism-sharifi Toʻlagan Xoʻjamyorov) (1883 – Toshkent – 1937.10.11) – shoir, publitsist. Tavallo 1883-yili Koʻkcha dahasida dunyoga kelgan. Beklarbegi madrasasida, rus-tuzem maktabida oʻqigan. Oʻzbek va fors adabiyoti klassiklarining ijodini, shuningdek, arab va fors tillarini oʻrgangan. 1905-yildan „Turkiston viloyatining gazeti“, „Sadoi Fargʻona“, „Taraqqiy“ kabi gazeta va jurnallarida sheʼr va maqolalari bilan muntazam qatnashgan. 1910-yillardan vaqtli matbuotda „Tavallo“ taxallusi bilan sheʼr va maqolalari bosila boshlagan. 1914-yil 30-avgustda Munavvarqori, Abdulla Avloniy, M. Podshoxoʻjayev, Husanxoʻja Dadaxoʻja oʻgʻli (yozuvchi Said Ahmadning otasi), Saidabdullo Saidkarim oʻgʻli Saidazimboyev, Komilbek Norbekov (jami 12 kishi)lar bilan birgalikda Toshkentda „Nashriyot“ shirkatini tuzib, kitob chiqarishni yoʻlga qoʻygan. 1915-yilda esa Avloniylar tashabbusi bilan tuzilgan „Turon“ jamiyatida faoliyat koʻrsata boshlagan. 1918–1919-yillarda Toshkentning dastlab Eski shahar, soʻng Yangi shahar ijroiya qoʻmitalarining aʼzosi boʻlgan. Keyinchalik turli xoʻjalik ishlarida ishlagan.

Ijodi[tahrir]

Tavalloning ijodkor sifatida shakllanishida Toshkent adabiy muhitining roli katta boʻlgan. Unga sayramlik shoir Yusuf Saryomiy ustozlik qilgan. Taxallusni ham unga Yusuf Saryomiy bergan.

Tavallo sheʼrlarida millat va Vatan tushunchalari keng oʻrin egallagan („Yordam etmak kuni yetdi siza Turon ahli…“). „Ravnaq-ul Islom“ (1916) sheʼriy toʻplami uning hayotlik davrida chop etilgan. Toʻplamga 70 ta sheʼr kiritilgan. Asar turkchilik, islomchilik ruhida. Vazn va ohang anʼanaviy – aruzda. Ushbu toʻplam 1993-yili professor Begali Qosimov tomonidan soʻzboshi va izohlar bilan qayta nashr qilindi.

Vafoti[tahrir]

Tavallo 1937-yil 14-avgustda Tavallo aksilinqilobiy „Turon“, „Shoʻroyi islom“ „Ittihodi taraqqiy“, „Milliy ittihod“, „Milliy istiqlol“ tashkilotlarining aʼzosi, „Millionerning oʻgʻli“, „sheʼrlarida millatchilik gʻoyalarini ilgari surgan“likda ayblanib, qamoqqa olinadi. 1937-yil 10-noyabrda NKVD qoshidagi uchlik hukmi bilan otib tashlangan. 1968-yil 18-oktabrda oqlangan.