Shimoli-Sharqiy Sibir o'lkasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shimoli-Sharqiy Sibir oʻlkasi- Lena daryosining quyi oqimidan sharqda, Aldanning quyi oqimidan shimolda joylashgan va sharqda Tinch okean havzasining suvayirgʻich togʻ massivlari bilan chegaralangan togʻ- tekislik morfostrukturalar, Novaya Sibir orollari Shimoli-Sharqiy Sibir tabiiy geografik oʻlkasini tashkil etadi. Maydoni 1,5 mln. km2.

Relyefi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uning asosiy orografik elementlari umumiy uzunligi 4000 km atrofida boʻlgan chekka togʻ tizmalaridan, oʻrtalik togʻlik va yassi togʻliklardan hamda pastekisliklardan iborat. Oʻlka paleozoyda va mezozoyning birinchi yarmida Verxoyansk-Chukotka geosinklinal dengiz havzasining katta bir qismi boʻlgan. Mezozoyning ikkinchi yarmida tektonik harakatlar intensiv namoyon boʻlishi natijasida burmali strukturalar hosil boʻlgan. Yuqori boʻr va paleogenning iliq iqlimli sharoiti tufayli togʻ tizmalarida yuz bergan denudasion jarayonlar tekislangan yassi yuzalarni vujudga keltirgan. Oʻlkaning hozirgi relef shakllari paleogen va neogenda sodir boʻlgan koʻtarilishlarning oqibatidir. Intensiv koʻtarilgan hududlarda baland togʻlar va tizmalar, choʻkkan joylarda bukilmalar hamda togʻoraligʻi botiqlari shakllangan. Togʻ relefining shaklanishiga antropogen davrda boʻlib oʻtgan Tobichan, Elgin va Boxapchin muzliklari ham taʼsir koʻrsatgan. Oʻlkaning yer usti tuzilishi morfogenetik xususiyatiga koʻra quyidagi relef tiplariga boʻlinadi: akkumulyativ tekisliklar, erozion-denudasion tekisliklar, yassi togʻlik, past togʻ, oʻrtacha baland togʻ va baland togʻ Alp relefi. Akkumulyativ tekisliklar Yana-Indigirka, Oʻrta Indigirka, Kolima pastekisliklaridan va togʻoraligʻi botiq tekisliklardan tashkil topgan. Ularning yuzasi tekis, kam parchalangan va dengiz sathidan 100 m gacha balandlikda joylashgan. Qirgʻoq boʻylarida abrazion-akkumulyativ tekisliklar uchraydi. Togʻ etaklarida akkumulyativ tekisliklar balandroq koʻtarilgan erozion-denudasion togʻoldi tekisliklari bilan almashinadi, balandligi 200 m dan oshmaydi. Erozion-denudasion tekisliklar Anyuy, Mom, Xaraulax, Koʻlar togʻ etaklari, Alazey va Yukagir yassi togʻliklarining chekka qismlarida yaxshi rivojlangan. Yassi togʻliklar relefi neotektonik harakatlar kuchsiz boʻlgan va denudasion yassi yuzalar yaxshi saqlangan hududlar uchun xarakterli. Bu yuzalar ustidan qattiq jinslardan tarkib topgan gumbazsimon qoldiq massivlar koʻtarilgan. Yana, Elgin, Oymyakon, Alazey, Yukagir yassi togʻliklari va Yuqori Kolima togʻligi ana shu tipdagi relyefga ega. Past togʻlar odatda togʻ tizmalarining chekkalarida, 300-500 m balandliklarda joylashgan, daryo vodiylarining qalin toʻri bilan parchalangan. Past togʻlar uchun nival-soliflyukasion, muzlik ishlagan relef shakllari, nuragan togʻ jinslarining uyumlari xarakterli. Yana-Kolima past togʻlari bunga yaqqol misol boʻla oladi. Oʻrtacha balandlikdagi togʻ relefi oʻlkada keng tarqalgan boʻlib, unga balandligi 800 m dan 2200 m gacha yetadigan koʻpchilik togʻ tizmalari va togʻliklar kiradi. Bu tipdagi relef ayniqsa Verxoyansk, Cherskiy, Tas-Xayaxtax, Mom togʻ tizmalari va Yudom-Maya togʻligi uchun xarakterli. Kolima togʻligi va Anyuy tizmasining ham katta qismi oʻrtacha baland togʻ massivlaridan iborat. Uning hamma joyida toʻrtlamchi davr muzliklari hamda koʻp yillik muzloq va soliflyukasion jarayonlar taʼsirida vujudga kelgan relyef shakllari keng tarqalgan. Baland togʻ Alp relefi intensiv neotektonik harakatlar natijasida vujudga kelgan va dengiz sathidan 2200 m dan yuqorida joylashgan. Bunday relyef tipi Suntar Hayot, Tas-Xayaxtax, Cherskiy, Ulaxan-Chistay togʻ tizmalarining baland oʻq qismlari va Verxoyansk tizmasining markaziy hududlari uchun xos. Baland togʻlarda glyasial relef shakllari koʻpchilikni tashkil etadi. Oʻlkaning eng baland nuqtasi ham shu geomorfologik yarusda joylashgan boʻlib, Ulaxan-Chistay togʻ tizmasidagi Gʻalaba (3147 m) choʻqqisidir.

Iqlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻlka iqlimi nihoyatda sovuq, keskin kontinental boʻlishi hududining katta qismi arktika va subarktika iqlim mintaqasida joylashganligi, yer yuzasining dengiz sathidan balandligi berk botiqlarining mavjudligi, Osiyo antisikloni taʼsiri, Tinch okean dengizlari taʼsiridan togʻ tizmalari bilan toʻsilganligi kabi omillarga bogʻliqdir. Oʻlkaning hamma joyida oʻrtacha yillik harorat −10°S dan past. Baland togʻlarda va Novaya Sibir orollarida - 15°,-16°S ga teng, qish 6-8 oygacha davom etadi. Koʻpchilik joylarda yanvarning oʻrtacha harorati −40°S. Eng qattiq sovuqlar togʻoraligʻi botiqlarida kuzatiladi. Botiqlarda joylashgan Verxoyansk va Oymyakon hududlari faqat Yevrosiyoning emas, balki butun shimoliy yarim sharning eng sovuq nuqtalari hisoblanadi. Bu joylarda yanvarning oʻrtacha harorati −48°, −50°S ni tashkil etadi. Mutloq minimal harorat Oymyakonda −71°S kuzatilgan. Togʻli hududlar havosining quyi qatlamida qishki harorat inversiyasi vujudga keladi. Togʻlarning yonbagʻri boʻylab har 100 m balandlikda harorat 1,5-2°S dan ortib boradi. Shuning uchun tagʻoraligʻi botiqlari sovuq, togʻ yonbagʻirlari unga nisbatan iliq boʻladi. Suntar Hayot togʻlarining 2063 m balandligida yanvarning oʻrtacha harorati −29,5°S gacha koʻtariladi. Yoz oylari bir oz iliqroq keladi. Iyulning oʻrtacha harorati Yana, Indigirka, Kolima daryolarining yuqori oqimida +14°,+16°S ni tashkil etadi. Ayrim kunlari harorat +35°S gacha koʻtariladi. Tundrada iyulning oʻrtacha harorati +10°S dan past. Oʻlkada yogʻin qishda kam va yozda koʻp boʻladi. Yillik yogʻinning 15-20% i sovuq davrga va 80-85% i iliq davrga toʻgʻri keladi. Tekisliklarda va togʻoraligʻi botiqlarida yiliga 200-300 mm, past togʻlarda va baland togʻlarning quyi yaruslarida 400-500 mm, baland togʻlarda 600-700 mm yogʻin yogʻadi. Qor qoplamining qalinligi botiqlarda 25-30 sm, togʻlarda 50-80 sm gacha yetadi. Oʻlkaning qattiq sovuq iqlim sharoiti koʻp yillik muzloq yerlarning keng tarqalishiga imkon beradi. Ularning qalinligi togʻlarda 200-400 m dan, shimoliy va markaziy hududlarda 500 m gacha yetadi. Muzloq gruntlarning harorati 5-10 m chuqurlikda −5°-10°S ni tashkil etadi. Pastekisliklarda va togʻoraligʻi botiqlarida yer osti muzliklari keng tarqalgan boʻlib, ular singenetik va epigenetik muzlardan iborat. Iqlim sharoiti baland togʻlarda hozirgi zamon togʻ muzliklarining ham shakllanishiga imkon yaratgan. Togʻlarning 2000-2500 m balandliklarida yogʻin koʻpincha qor tarzida yogʻib, muzliklarning hosil boʻlishiga sabab boʻlgan. Oʻlkaning Suntar-Hayot, Cherskiy, Tas-Xayaxtax, Xaraulax va Orulgan togʻ tizmalarida umumiy maydoni 380 km2 dan ziyod boʻlgan 650 ta muzlik mavjud. Yirik muzliklarning markazlari Suntar-Hayot tizmasida va Buordax massivida joylashgan.

Ichki suvlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻlka hududi Shimoliy Muz okeaniga quyiladigan daryolar toʻri bilan parchalangan. Ularning eng yirik irmoqlari Yana, Indigirka va Kolima daryolaridir. Oʻlkaning eng yirik daryosi Kolima, Yuqori Kolima togʻligidan boshlanib, Sharqiy Sibir dengiziga quyiladi. Uzunligi 2129 km, havzasining maydoni 643 000 km2 , oʻrtacha yillik suv sarfi 3900 m3 /sek. Indigirka kattaligi jihatidan ikkinchi oʻrinda turadi. Uzunligi 1980 km, havzasining maydoni 360000 km2 , daryo Oymyakon yassi togʻligidan boshlanib Cherskiy togʻini 1500-2000 m chukurlikda tik yonbagʻirli tor vodiy hosil qilib kesib oʻtgan. Yana daryosi Verxoyansk togʻlarining shimoli-sharqiy yonbagʻirlaridan boshlanib Laptevlar dengiziga quyiladi. Uzunligi 1490 km, havzasining maydoni 238000 km2 . Oʻrtacha yillik suv sarfi 1000 m3 /sek. Barcha daryolar qor, yomgʻir va qisman yer osti suvlaridan toʻyinadi. Tekisliklarda va botiqlarda termokarst koʻllari keng tarqalgan.

Tabiat zonalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻlkada tundra va shimoliy tayga siyrak oʻrmonlari hukmronlik qiladi. Tundra zonasida gileyli zax tuproqlar tarqalgan boʻlib, ular qiyoq-mox, momiqbosh-mox va lishaynik oʻsimlik formatsiyalari bilan qoplangan. Oʻrta Indigirka va Kolima pastekisliklarida gleyli-muzloq tayga tuproqlari rivojlangan. Bu yerlarda Dauriya tilogʻochidan tarkib topgan shimoliy tayga siyrak oʻrmonlari oʻsadi. Oʻlkaning togʻli katta qismida balandlik mintaqalar ham rivojlangan. Shimoli-sharqiy Sibirda oʻrmonlar mintaqasi ancha pastda joylashgan. Ularning yuqori chegarasi shimoliy togʻli hududlarda 200-400 m dan oshmaydi, markaziy hududlarda 600-700 m gacha koʻtariladi. Yana va Indigirka vodiylarining yuqori qismlarida hamda Yudom-Maya togʻligida tilogʻoch oʻrmonlari kamdan-kam 1400 m gacha balandliklarda uchraydi. Togʻ tayga zonasidan yuqorida yer bagʻirlab oʻsadigan qalin kedrzorlar, undan yuqorida togʻ tundrasi joylashgan. Baland massivlarning yuqori choʻqqilarida sovuq sahrolar hukmronlik qiladi, Oʻlka faunasi tarkibida Shimoliy Amerika faunasiga oʻxshash turlar qoʻproq uchraydi. Birgina Kolima havzasida yashaydigan 45 tur sut emizuvchilarning yarmidan koʻprogʻi Alyaskadagi hayvonlar bilan yaqinligi bor. Sariq qorinli lemming, och rangli boʻri, kolima losi shular jumlasidandir. Oʻlkada dashtlarga xos Verxoyansk sugʻuri, Kolima yumronqozigʻi kabi hayvonlar ham uchraydi. Yirtqich hayvonlardan Bering ayigʻi, Bering tulkisi, Sharqiy Sibir silovsini, rosomoxa, Sharqiy Sibir boʻrisi kabilar yashaydi.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
  • X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]