Sayfiddin Boharziy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sayfiddin Boharziy (1190.8.9. Xurosonning Boharz qishlogʻi — 1261.20.10, Buxoro) — kubroviylik tariqatining yirik namoyandasi, mutasavvif va shayx, Xorazmda Najmiddin Kubrodan tasavvuf taʼlimotini oʻrgangan va uning xalifasi sifatida keyinchalik Kubroviylik tariqatini rivojlantirishga xissa qʻoshgan. S. B.dan Kubroviylikning hind shoxobchasi — Firdavsiya boshlanadi.

Hirot va Nishopur madrasalarida tahsil olgan. Makka va Madinaga safar qilgan. Keyinchalik Xorazm va Buxoroda muqim yashagan.

Abdurahmon Jomiyning yozishicha, S. B. Kubro tomonidan Buxoroga yuborilgan va u bu yerda 40 yildan ortiq yashagan. U moʻgʻullar bosqiniga qattiq qarshilik koʻrsatgan. S. B. ning xalq oʻrtasidagi kuchli nufuzidan choʻchigan moʻgʻul hukmdorlari u bilan hisoblashishga majbur boʻlishgan. "Tarixi Banokatiy" (15-asr) asarida keltirilishicha, moʻgʻul xoqonlari Munkexon (1251—60), Hulaguxon (1256-65), Xubilayxon (1260-94)larning onasi — Suyurkoʻktani beka (Tuluyning bevasi) Buxoroda Xoniya madrasasi va xonaqoh qurdirib, unga juda koʻp qishloqlarni vaqf qilgan hamda shayx S.B. ni mudarris va mutavalli qilib tayinlagan. Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy hayotda shayxning oʻrni katta boʻlgan. Oltin Oʻrda xoni Berkaxon ham unga eʼtiqod qilib Buxoroga kelgan va pirga murid tushib, Islom dinini qabul qilgan (13-asrning 50y.lari). Berkaxon musulmon boʻlgach, oʻziga Barakaxon nomini olgan va Shimoliy Kavkazdan to Sibirgacha choʻzilgan ulkan davlati hududida Islom dinini joriy qilib, masjid va madrasalar qurdirgan. Bu voqeadan soʻng S.B.ga "Shayx ul-olam" (Olam shayxi) unvoni, Buxoro shahriga esa, Buxoroi sharif maqomi berilgan. S. B. arab va fors tillarida "Sharh al asmo al husno" ("Allohniug goʻzal ismlari sharhi"), "Risola dar ishq" ("Ishq haqida risola"), "Voqeai xilvat" ("Xilvatdagi voqea"), "Ruboiyot", "Roʻznoma", "Vasiyatnoma" va boshqa asarlar hamda toʻrtliklar yozgan. S. B. Fathobod mavzeida (Qarshi darvozasi roʻparasida) dafn etilgan. Qabri ustiga maqbara qurilgan (qarang Sayfiddin Boharziy maqbarasi).[1]

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Alisher Navoiy, Nasoyim ul muhabbat (Mukammal asarlar toʻplami, 20 j.li), 17j., T., 2001; Trimingem Dj., Sufiyskiye ordena v islame, M., 1989; Gafurova R. L., Kitobi Mullazade, T., 1992; Buxoro Sharq durdonasi, T., 1997.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Q. Rajabov.OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000.