Sarob Fayyiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sarob Fayyiy (arabcha: سروب فايي — Sarob Fayyiy) — roviy.

Sarob Fayyiy IX asrning birinchi yarmida yashab oʻtgan. Fayyiy nisbasi Ishtixonga qarashli qishloqlardan biri boʻlgan "Fay"dan yasalgan qishloq Ishtixon va Kushoniya oraligʻida joylashgan. Abu Saʼd Idrisiy oʻzining „Kitob al-kamol“ ("Mukammal asar") nomli kitobida shunday keltiradi: „Menga Sarob Fayyiy muhaddis Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan hadis aytdi (yoki Muhammad ibn Ismoil Buxoriy haqida gapirdi). Nazarimda, Sarob Fayyiy Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan oldin vafot etgan boʻlsa kerak, vallohu aʼlam“.

Ustozi[tahrir | manbasini tahrirlash]

U dastlabki taʼlimni ona qishlogʻi Fayydagi olimlardan olgan. Keyinchalik Buxoro shahriga borib, muhaddis, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan hadis ilmi sir-asrorlarini oʻrgangan va u zotdan hadislar rivoyat qilgan.

Shogirdlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sarob Fayyiydan zohid Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Sahl va Shayx Muhammad ibn Hasan Samarqandiy kabi olimlar taʼlim olgan va hadislar rivoyat qilgan.

Rivoyat qilgan hadis[tahrir | manbasini tahrirlash]

Najmiddin Umar Nasafiyning „Al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand“ kitobida Sarob Fayyiyning Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan rivoyat qilgan quyidagi hadis keltirilgan: Sarob Fayyiy: Men Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan eshitdim, — dedi. U: Men Ali ibn Madiniydan eshitdim, — dedi. U: Men Sufyon ibn Uyaynadan eshitdim, — dedi. "U: Albatta, Alloh taolo iymondan oldin ilmga buyurdi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: "Bas, bilgin: Allohdan oʻzga ibodatga sazovor zot yoʻq"[1], — dedi[2]. Ushbu oyatdagi Alloh taoloning „Bilgin“ deb xitob qilishi aqida masalasida bilim zarurligiga taʼkiddir. Bu ishda koʻr-koʻrona taqlid foyda bermaydi. Demak, "Allohdan oʻzga ibodatga sazovor iloh yoʻq", — deb etiqod qilish, albatta, bilim asosida boʻlishi maqsadga muvofiq boʻladi[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur — T.: TIU, 2007. „Muhammad“ surasi 19-oyat.
  2. Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy. Al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand. — Tehron, 1999. 232.
  3. Isaev Y., Abbosov A. Ishtixoniy allomalar. Imom Buxoriy xalqaro markazi. 2016. 70.