Raʼno Maʼrufova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Raʼno Maʼrufova
Tavalludi 3-iyun 1937-yil
Fuqaroligi Sovet IttifoqiOʻzbekiston
Kasbi kutubxonachi

Raʼno Maʼrufova — (1937-yil 3-iyun),Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining ilmiy kutubxonachisi, kutubxonachilik faoliyatini tizimlashtirish borasida samarali ishlarni amalga oshirgan oʻz kasbining ustasi.

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Raʼno Maʼrufova (Aliyeva) 1937-yil 3-iyunda Toshkentda ziyolilar oilasida tavallud topgan. Otasi Mirzarahim Aliyev oʻqituvchi, onasi Malohat Aliyeva Toshkentdagi Lektorlar uyi direktori lavozimida xizmat qilgan. Raʼno Maʼrufova oʻqimishli va kitobga mehri toʻlib-toshgan ziyolilar oilasida ulgʻaydi. Bu albatta yosh Raʼnoning keyingi hayot yoʻlini belgilashga salmoqli taʼsir qildi. Raʼno Maʼrufovaning ushbu muhitda tarbiya olgan barcha aka-singllari oliy maʼlumotli, ziyoli boʻlib yetishdilar. Katta farzand — Iroda Aliyeva Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan aktrisa, Roza Aliyeva OʻzRFA Geologiya institutida ilmiy xodim. Qobiljon Aliyev oʻqituvchilik kasbini tanladi.

Taʼlim[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mehnat faoliyati bilan birga 1962-1968-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida sirtdan oʻqib, „Pedagogika va psixologiya oʻqituvchisi“ mutaxassisligini egallaydi. 1963-yildan Sharqshunoslik instituti kutubxonachisi vazifasida ish boshlaydi va hozirgacha shu maʼrifat dargohida mehnat faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Mehnat faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

1957-yilda oʻrta maktabni tugallashi bilan Sharq yozma yodgorliklari jamlangan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining „Eron-Afgʻon boʻlimi“ga laborant boʻlib ishga kiradi. Ilk ishlaridan biri sifatida 1870-1917-yillarda nashr etilgan „Turkestanskie vedomosti“ gazetasining mavzular boʻyicha qisqa kartotekasini[1], soʻngra Ibn Sino nashrlari uchun koʻrsatkichlar tuzishdan boshlaydi. R. Maʼrufova kutubxonachilik sohasida ulkan tajribasi ortidan kasbiy mahorat maktabini yaratgan maʼrifatparvar kutubxonachidir.

Adabiyotlarni tizimlashtirish[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Mehnat faoliyati yillarida Sharqshunoslik instituti kutubxonasidagi mavjud adabiyotlar uchun turli (alifbo va davlatlar boʻyicha tizimli mavzu) kartotekalarni tuzib, kitoblarni ushbu tizimga asosan joylashtirib chiqdi.
  • Institut kutubxonasi fondini tavsiflash va axborot saqlashning yangi tizimga oʻtkazish, adabiyotlarning elektron katalogini yaratish hamda kitob fondini boyitish ishlarida jonbozlik koʻrsatish bilan bir qatorda yosh olimlar safidan shogirdlar tayyorlab, oʻz ilmiy-amaliy tajribalarini oʻrtoqlashmoqda.
  • Raʼno Maʼrufova yangi gʻoyalar bilan manbalarni saqlash va ularni kelgusi avlodga yetkazish borasida tinmay izlanishlar olib borgan. Jumladan, yirik sharqshunos olimlardan A.Oʻrinboyev, Q.Munirov, M.Hakimov, I.Petrushevskiy, O.Chexovichning shaxsiy kutubxonasi toʻplanib, tadqiqotchilarga foydalanishga topshirildi. Bu shaxsiy kutubxonalar sohiblarining mualliflik nashrlari, ular toʻplangan, mahalliy va xorijlik hamkasblari hadya qilgan kitoblaridan tashkil topgan. Ular uchun alohida shtempel yasatilib, har bir kitob muhrlangan.
  • Kartotekalar tayyorlanib, kerakli shifrlar bilan maxsus kitob javonlariga tartib bilan joylashtirilgan.
  • Shuningdek, Raʼno Maʼrufova boshchiligida Sharqning buyuk allomasi Ibn Sino hayoti va ijodiga bagʻishlab Oʻzbekiston, MDH va xorijiy davlatlarda (Ispaniya, AQSH, Hindiston va boshqa) chop etilgan maqolalar nusxalaridan iborat 24 jildlik ilmiy-bibliografik majmua yaratganidir (Sbornik materialov po Ibn Sine)[2][3]. Mazkur majmua kutubxonachilik talablari asosida tayyorlangan. U tadqiqotchilarning sinoshunoslik yoʻnalishida adabiyotlarni qidirib topishlari uchun juda qulaydir.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. TURKYeSTANSKIYe VYeDOMOSTI
  2. „avicenna.uz“. 13-iyul 2022-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 13-iyul 2022-yil.
  3. ABU ALI IBN SINA IZBRANNOYe