Umurtqalilar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Umurtqalilar
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar

Umurtqalilar, boshskeletlilar (Vertebrata yoki Craniata) — xordalilar tipiga mansub hayvonlar kenja tipi. Turlari soni umurtqasizlarga nisbatan kam; shunga qaramay ular hozirgizamon biosferasida muhim oʻrin tutadi. U. yuksak tuzilgan; oʻzgaruvchan yashash xususiyatiga ega. Ular okean suvining turli qatlamlarida, baland togʻlarda, choʻllarda va boshqa joylarda yashaydi. Barcha umurtqalilar evolyutsiyasida ular tuzilishining bitta umumiy reja asosida rivojlanishi kuzatiladi. Bunday rivojlanish morfologik, biokimyoviy va fiziologik xususiyatlari, xattixarakatlari hamda psixik faoliyati jihatidan takomillashgan formalar vujudga kelishiga olib kelgan. U.ning qad. ajdodlari (bosh skeletsizlar, pardalilar) dengizda yashagan. Umurtqalilar dastlab chuchuk suvda paydo boʻlib, evolyutsiyaning dastlabki bosqichini oʻtgan. Ular evolyutsiyasi davomida birlamchi oʻq skelet — xorda oʻrniga dastlab togʻayli, keyinroq suyakli umurtqa pogʻonasi paydo boʻlgan. Natijada suv oqimiga qarshi xarakatlana oladigan kuchli muskulatura uchun pishiq va elastik tayanch skelet vujudga kelgan. Umurtqalilarning suvdan quruqlikda yashashga oʻtishi bilan ular organizmida muhim oʻzgarishlar yuz bergan. Harakat organlarining faol ishlashi uchun ovqat hazm qilish, nafas olish, qon aylanish, ayirish, sezgi organlari va markaziy nerv sistemasi yaxshi rivojlangan. Ovqat hazm qilish sistemasi (ogʻiz boʻshligʻi, qiziloʻngach, oshqozon, ichaklar)ning turli qismlaridan fermentlar ajralib, ovqatni uzluksiz parchalash imkoniyati tugʻilgan; jigar organizmda muhim kimyoviy "laboratoriya" vazifasini bajargan. Umurtqalilar yuragi boʻlmacha va qorinchadan iborat. Qon aylanish sistemasi yopiq. Jabra yoki oʻpka orqali nafas oladi. Qadimgi U.ning chuchuk suvda yashashga oʻtishi bilan suvtuz almashinuvi birlamchi buyrak — mezonefros oʻrniga amniotalarda ikkilamchi buyrak — metanefros paydo boʻlgan. Metabolizmning gormonal boshqarilishi murakkablashgan. U.ning nerv sistemasi va sezgi organlari ishi rivojlangan. Baʼzilarida elektr va magnit sezuvchi organlar ham bor. Umurtqalilar, odatda, ayrim jinsli, birok, germafroditizm ham uchrab turadi. Tuban Umurtqalilar tuxum qoʻyib, koʻpchiligi tirik bola tugʻib koʻpayadi. Yuksak Umurtqalilar nasliga gʻamxoʻrlik qiladi. Eng qadimgi U. qoldiklari ordovik davri chuchuk suv xavzalari yotqiziqlaridan topilgan. Sudralib yuruvchilar mezozoyda juda keng tarqalgan. Ulardan sut emizuvchilar va kushlar paydo boʻlgan. Hozir Umurtqalilarning 40—45 ming turi mavjud boʻlib, 7 sinf (toʻgarak ogʻizlilar, togʻayli baliqlar, suyakli baliqlar, suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar, qushlar va sut emizuvchilar)ga boʻlinadi.

Umurtqalilar odam hayotida juda katta ahamiyatga ega. Bir qancha U. yuqumli kasalliklar (ulat, tulyaremiya, quturish, ensefalit va boshqalar) qoʻzgʻatuvchilarini tashuvchi hisoblanadi.