Qoraqurtlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qoraqurtlar - oʻrgimchaklar urugʻi. 6 turi maʼlum. Shimoliy Afrika, Gʻarbiy Osiyo, Janubiy Yevropada, Oʻrta Osiyo, Moldaviyadan Yeniseygacha boʻlgan joylardagi dashtlarda, Ukrainaning janubida tarqalgan. Oʻzbekistonda oddiy qoraqurt, oq qoraqurt va Dala qoraqurti uchraydi. Oddiy Q. urgʻochisining uz. 10–20 mm, erkaginiki 4–7 mm. Q. usti baxmalsimon, qora tusda. Erkagi va voyaga yetmagan urgʻochi Q. qorni orqasida oq hoshiyali qizil nuqtalar bor. Hasharot (asosiy ozigʻi)ga boy dasht, choʻl va chala choʻllarda yashaydi. Urgʻochisi pana joylarga uya yasab, chiqaverishga oʻlja tutish uchun toʻr toʻqiydi. Uyasiga ilib qoʻyilgan har bir pillada (buning kattaligi kichik yongʻoqdek, umr boʻyi 4—7 dona) 200—400 tagacha tuxum boʻladi. Tuxumdan chiqqan yosh Q. pilla ichida qishlab, aprelda pilladan chiqadi. Yosh Q. 6 marta tullab, iyunda voyaga yetadi. Bahorda kun isishi bilan urgʻochi va erkagi vaqtinchalik toʻr toʻqiydi. Erkagi urgʻochisini urugʻlantirgandan soʻng nobud boʻladi. Urugʻlangan Q. uya yasash uchun joy qidirib koʻchib yuradi. Shu davrda Q. chaqishi (bezovta qilinganda) koʻp uchraydi. Q.ning zahar bezlari bosh koʻkragida joylashgan, bezlar yoʻli xelitseraga ochiladi. Zahari oqsil toksindan iborat; neyrotrop taʼsirga ega. Q. zahari tuya va otlarga ayniqsa kuchli taʼsir qilib, oʻlimga olib kelishi mumkin. Urgʻochi Q.ning chaqishi odam organizmining umumiy zaharlanishiga, baʼzan oʻlimga sabab boʻlishi mumkin. Bu koʻngilsiz hodisaning oldini olish uchun Q. zahariga qarshi zardobdan foydalaniladi. Zardob va zardoblar ilmiy tadqiqot institutida ishlab chiqariladi. Q. zahari farmatsevtika sanoatida ham qoʻllanadi. Oʻzbekiston FA Zoologiya institutida Q. maxsus lab.da zahar olish maqsadida koʻpaytirilmoqda.