Kontent qismiga oʻtish

Oqsaroy (Toshkent)

Koordinatalari: 41°30′8″N 69°25′9″E / 41.50222°N 69.41917°E / 41.50222; 69.41917
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oqsaroy

fevral 2023-yil
Joylashuv Toshkent, Oʻzbekiston Oʻzbekiston
Binokor Azamat To‘xtayev
Rustam Shokirov
Turi Memorial-majmua
Material Oq marmar,
Balandligi 29.5 m
Qurila boshlagan 1997-yil
Qurilish tamomlangan 1999-yil
Ochilish sanasi 31-avgust 1999-yil
Vebsayt islomkarimov.uz
Xarita
Map
Oqsaroyning xaritada koʻrinishi
Koordinatalari 41°30′8″N 69°25′9″E / 41.50222°N 69.41917°E / 41.50222; 69.41917

Oqsaroy — Toshkent shahri Yakkasaroy tumanining Afrosiyob koʻchasida joylashgan zamonaviy meʼmoriy inshoot boʻlib, 1999-yildan to 2016-yilga qadar sobiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning rasmiy qarorgohi boʻlib xizmat qilgan. Islom Karimov vafotidan soʻng, 2017-yil „Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi“ga aylantirilgan.

Oqsaroy yonidan oqib oʻtuvchi Anhor kanali

Ushbu joy qadimda „Tepaqo‘rg‘on“ deb atalgan va O‘rda yaqinida joylashgan bo‘lib, bu qadimdan boshqaruv joyi sifatida tanlangan. Bu yer anhor kanalining chap sohilida joylashgan hamda yashashab xo‘jalik yuritish va dehqonchilik uchun qulay joy hisoblangan. Arxeologlarning maʼlumotlariga qaraganda, bu maydonda V-XII asrlarda aholi istiqomat qilgan. Shu sababli Oqsaroy qarorgohi uchun aynan shu maydon tanlangan. Anhorning o‘ng qirgʻogʻida eski shaharning O‘qchi, Beshyog‘och, Olmazor, O‘rda, Qoratosh va boshqa mahallalari hamda harbiy qal’a joylashgan edi. Hozirgi Islom Karimov ko‘chasi o‘rnidagi shahar qal’asi devorining Qo‘ymas (Qatag‘on) darvozasi ilk o‘rta asrlarda barpo etilgan Qo‘ymas istehkomi o‘rnida bo‘lgan, uning qoldiqlari keyinchalik „Tali Qo‘ymas“, yaʼni „Qo‘ymastepa“ deb atalgan.

Chor Rossiyasi generali Chernyayev 1865-yilning iyun oyida Toshkent shahrini zabt etgach, ruslar Chernyayaev uchun uy quriladi. Bu ruslar tomonidan qurilgan birinchi bino edi ammo ushbu bino saqlanib qolmagan. 1966-yil harbiy qal’a qurish uchun aynan shu joy tanlanadi. Harbiy qal’aning mudofaa devorlari qurish uchun tuproq tashib kelinadi va tepalik qilib ko‘tarildi. Shu bois eski nom unutilib, „tepa qo‘rg‘on“ nomi bora-bora „tuproq qo‘rg‘on“, deb atala boshlaydi. Qal’a olti burchakli bo‘lib, burchaklarida mustahkam bastionlari bo‘lgan. Ko‘tarmalarning baʼzi joylariga o‘t ochish uchun shinaklar qilish maqsadida g‘ishtdan devor qurilgan.

Qal’a ichida ofitserlar uchun bino, 6 ta piyoda rotasi uchun moʻljallangan kazarma binosi, o‘q-dori, oziq-ovqat va kiyim-bosh omborxonasi, shifoxona hamda porox saqlash uchun yerto‘la qurilgan. Asosiy kirish yo‘li boʻlgan sharqiy darvoza hashamdor uskubda g‘ishtdan qurilgan. Ruslar yangi shaharning qurilishini „Tuproqqo‘rg‘on“ qal’asini qurish bilan boshlashadi. Qal’aning tepalikda joylashganligi harbiy eski shaharni nazorat qilish va shu bilan birga Yangi shaharni qo‘riqlab turish imkonini ham bergan. 1867—1883-yillar davomida har kuni soat 12:00 da xuddi Rus imperiyasi poytaxti Peterburg shahridagi kabi „Tuproqqo‘rg‘on“ qalʼasida zambaraklardan o‘q otilib, ham vaqtni, ham bu yerda ruslar borligini eslatib turilgan[1]. 80-yillarda harbiy muhandis N. G. Shleyfer tomonidan qurilgan qal’a esplanadasidagi ikki qavatli tosh binoda qal’a garnizoni ofitserlar kengashi joylashgan edi. Qal’aning o‘ng tomonida Anhor kanali bo‘yida Turkiston general-gubernatorining uyida bog‘ barpo etilgan. Keyinchalik bu yerda O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining Botanika bog‘i tashkil etilgan. Soʻngra u qayta qurilib, birinchi kosmonavt „Yuriy Gagarin“ nomidagi boqqa aylantirilgan.

XX asrning 60-yillarida Tepaqo‘rg‘on oʻrnida joylashgan harbiy qal’a tekislanib, uning o‘rnida Kompartiya markaziy qo‘mitasi binosi, keyinchalik bolalar istirohat bog‘i va Qo‘g‘irchoq teatri quriladi[2].

1996-yilda respublika rahbarining doimiy ish joyi, xalqaro marosimlar o‘tkazish va xorijiy mehmonlar qabul qilish uchun Prezident qarorgohini qurishga qaror qilindi. Qurilish ishlari 1997-yilda boshlanib, 1999-yili tugatilgan. Inshoot loyihasi meʼmorlar Azamat To‘xtayev hamda Rustam Shokirov tomonidan tayyorlangan.

Saroy oq marmardan foydalangan holda zamonaviy uslubda qurilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uning balandligi 29,5 metr, maydoni esa 4522 kvadrat metrni tashkil qiladi. Qurilish jarayonida beton, g‘isht, vitraj, gipsokarton materiallardan keng foydalanilgan. Asosiy qurilish ishlarini mahalliy kompaniyalar bajargan. Ichki bezaklar Yevropaning yetakchi dizaynerlari va qurilish kompaniyalari tomonidan yaratilgan (Yugoslaviya (hozirgi Serbiya va Chernogoriya)ning „Energoproyekt visokogradnya Xolding“ kompaniyasi). Oqsaroy meʼmorchilik uslubi zamonaviylik va o‘ziga xos milliylikni uyg‘unlashtirgan.

Majmua maydoni 9,6 gektarni tashkil qiladi. Qarogoh boʻlib xizmat qilgan vaqtda binoning qabulxonasida (binoning holl qismi) mehmonlar qabul qilinib, muzokaralar olib borish uchun foydalanilgan. Shuningdek, binoda majlislar zali, dam olish xonasi va xizmatchilar xonalari hamda qoʻshimcha xonalar mavjud. Xonalar ixcham va bir-biri bilan hamohang qilib loyihalashtirilgan. Bino oddiy geometrik shakllardan tashkil topgan. Peshtoqi maydaravoqchali, ustunli, 2 qanoti galereyali, oʻrta qismsi rotonda shaklida ishlangan. Sathi katta oʻlchamdagi tosh boʻlaklari bilan qoplangan. Interyeri yuqori sifatli materiallar bilan jihozlangan. Qabulxonaning oq va zangori marmarli pol sathi yarqiragan baland shifti bilan uygʻunlashgan. Tabiiy qurilish materiallaridan mahorat bilan say-qallangan. Atrofi manzarali daraxt, gulzor va favvoralar bilan bezatilib, koʻkat chimlar yotqizilgan, shamchiroqlar oʻrnatilgan[2][3].

Saroy bog‘i

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bogʻdagi fonar

Oqsaroy maydonida bog‘ tashkil qilingan boʻlib, unda jami 1789 tup daraxt mavjud. Ushbu daraxtlarning 932 tupi ignabargli, 354 tupi manzarali, butali, 218 tup mayda bargli, 179 tupi esa mevali daraxtlardan iborat. Shuningdek, 106 tupdan iborat turfa gullar ham bor. Oqsaroy bog‘i boshqa bog‘lardan farqli ravishda, bu yerdagi manzarali va mevali daraxtlar yonma-yon ekilgan. Butalar va gullar esa landshaft dizayni asosida ekilgan. Tyanshan archasi, Qrim qaragʻayi, shimol archasi va qarag‘aylari, kashtan, lipa, yapon sakurasi, shamshod, kedr, eman, qayin, terak daraxtlari dunyoning to‘rtta mintaqasidan keltirilgan. Mevali daraxtlardan olcha, gilos, olma, yong‘oq, o‘rik, anor, nok, behi, tok, jiyda mavjud. Boqqa lochin, olmaxon olib kelingan.

Prezident devonida 22 yil ishlagan agronom va biologiya fanlari nomzodi Klara Vildanovaning fikriga koʻra, Islom Karimovning sevimli gullaridan biri bu rayhondir. Daraxtlarning bir nechtasini Karimovning shaxsan o‘zi ekkan[2].

Yopiq koʻcha

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu bino preziddnt qarorgohi sifatida foydalanilgan vaqtida Afrosiyob ko‘chasining Oqsaroy qarorgohi oldidan o‘tgan, Rashidov va Beshyog‘och ko‘chalari oraligʻidagi qariyb yarim kilometrlik qismi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xavfsizligini taʼminlash maqsadida transport harakati uchun yopib qoʻyilgan edi. 2016-yil 29-noyabr kuni koʻchaning ushbu qismi transportlar harakati uchun yana qaytadan ochildi[4][5].

Yodgorlik majmua

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Karimov haykali

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2017-yil 31-avgust kuni Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohi oldida O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov haykalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi, unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Birinchi Prezidentning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova, bosh vazir Abdulla Aripov hamda uning o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralarning rahbarlari va xodimlari, parlament va jamoatchilik vakillari qatnashishdi.

Haykal muallifi Mustaqillik maydonidagi Mustaqillik va ezgulik monumenti va Toshkent markazidagi Amir Temur haykallarini yasagan haykaltarosh Ilhom Jabborov boʻldi[6].

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-apreldagi tegishli qarori asosida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida ushbu bino majmuasi „Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi“ga aylantirilgan. 2018-yil 12-yanvar kuni Islom ushbu majmuada boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bagʻishlab, Oqsaroyda ilk bor koʻrgazmalar zali oʻz faoliyatini boshlashi haqida maʼlum qilindi[7].

Koʻrgazmalar zali Birinchi Prezidentning tavallud ayyomi arafasida joriy yilning 2018-yil 30-yanvar kuni ish boshladi. Koʻrgazmalar zali 3 qismdan iborat: Katta zal, kichik zal va ochiq zaldan iborat. Maydonda to‘rtta bino mavjud boʻlib, bular: „Oqsaroy“, „Kutubxona“, „Ko‘rgazmalar zali“, „Majmua ofislari“ va kafeteriy binolaridir[8].

  1. „По улицам Ташкента 1965 года“ (ru). Qaraldi: 1-noyabr.
  2. 2,0 2,1 2,2 Vahob Qoʻchqorov. „Oqsaroy: o‘tmish va bugun“ (uz). islomkarimov.uz (2018-yil 6-fevral). Qaraldi: 1-noyabr.
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  4. „“Aql bovar qilmaydi!”.“ (uz). daryo.uz (2016-yil 30-noyabr). Qaraldi: 1-noyabr.
  5. „Yangi prezidentga yangi qarorgoh barpo etilishi mumkin“ (uz). kun.uz (2016-yil 1-dekabr). Qaraldi: 1-noyabr.
  6. „Фото, видео: Памятник Исламу Каримову открыт в Ташкенте“ (ru). gazeta.uz. Qaraldi: 1-noyabr.
  7. „Ислом Каримов таваллудининг 80 йиллигига бағишлаб Оқсаройда кўргазмалар зали ишга тушади“ (uz). kun.uz (2018-yil 13-yanvar). Qaraldi: 1-noyabr.
  8. „Majmua haqida“ (uz). Qaraldi: 1-noyabr.