Odil sudlov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Odil sudlov — haqiqiy holatni aniqlab, odamlar orasidagi, ular bilan jamiyat va davlat oʻrtasidagi kelish-movchilik va nizolarni faqat sud to-monidan hal etib berilishi. Odil sudlovni amalga oshirish borasida sud mustaqil, uning faoliyatiga bironbir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javob-garlikka sabab boʻladi. OʻzRda sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. Oʻzbekiston Respublikasida sud tizimi 5 yil muddatga saylanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha oliy sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xoʻjalik sudidan, shu muddatga tayinlanadigan fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha viloyat va Toshkent shahar sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, harbiy va xoʻjalik sudlaridan iborat.

Odil sudlovni yuritishning konstitutsiyaviy, fuqarolik, xoʻjalik, jinoiy va maʼmuriy turlari belgilangan. Mustaqillik sharofati bilan Odil sudlovni amalga oshirish uchun sud vakolatlarida tub oʻzgarishlar yuz berdi. "Sud toʻgʻrisida" alohida qonun qabul qilindi (2000-yil 14 dekabr), sud vakolatlari xalqaro andozalarga mos keladigan darajada kengaytirilib, sudlar orqali inson huquklarini va jamiyatning huquqiy negizlarini samarali himoya qilishga imkon beradigan shartsharoitlar yaratilmoqda.

Sud islohoti yoʻsinida Odil sudlovni amalga oshirishning birmuncha takomillashtirilgan protsessual tartibi belgilandi, sudya kadrlar tanlash va joy-joyiga qoʻyish borasida samarali tizimga asos solindi, sud protsessi ishtirokchilarining tengligi qonunda mustahkamlab qoʻyildi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning sud hoki-miyatiga bagʻishlangan qoidalari Odil sudlovni tashkil etish, sud organlarining davlat mexanizmidagi va jamiyatning siyosiy tizimdagi roli va oʻrni haqidagi masalalarga doir qonunchilik uchun negiz hisoblanadi. Prezident Islom Karimov uqtirganidek, sud islohotini chuqurlashtirish, hokimiyatning mustaqil va qaram boʻlmagan tarmogʻi sifatida butun Odil sudlov tizimini demokratlashtirish — huquqiy davlatni mustahkamlashning yana bir muhim yoʻnalishidir. Ijtimoiy turmushning demokratik instituti tariqasida sudning ahamiyati jiddiy ravishda oshirilishi zarur.

Gʻafur Abdumajidov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil