Genotsid

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Genotsid (yun. genos — urugʻ, kabila va lot. caedo — oʻldiraman) — xalqaro jinoyatlarning bir turi: irqi, millati, dini, etnik tarkibiga koʻra, aholi guruhlarini yoppasiga yoki qisman jismonan qirib yuborishga qaratilgan harakat. BMT Bosh Assambleyasining G. jinoyatlarining oldini olish va ularni amalga oshirganligi uchun jazolash toʻgʻrisidagi konvensiyasiga (1948) koʻra, G. qattiq qoralanadi, aybdor shaxslarga nisbatan xalqaro jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bunda mazkur shaxslarning ijtimoiy mavqei, G. tinchlik yoki urush vaqtida sodir etilganligi hisobga olinmaydi. Konvensiyani imzolagan davlatlar oʻz hududlarida G.ni amalga oshiruvchi va unga undovchi shaxslarni jazolash boʻyicha huquqiy meʼyorlarni ishlab chiqish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar. Irqiy kamsitishning barcha shakllarini yoʻq qilish toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasida (1965) ham G. qattiq qoralanadi (q. Irqchilik, Aparteid). 2-jahon urushi davrida gitlerchilar Germaniyasining slavyan va yahudiy millatlariga mansub aholi (taxminan 12 mln. kishi)ni ommaviy qirgʻin etishi (q. Fashizm), Pol Pot va Iyeng Sari toʻdasining Kampuchiya xalqiga qarshi vahshiyona jinoyatlari (ular oqibatida 3 mln. kishi yoʻq qilib yuborildi) va h. k. G.ning eng ashaddiy koʻrinishi hisoblanadi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil