Boshpana huquqi
Boshpana huquqi — xalqaro va davlat ichki huquqiga oid tushuncha. Xalqaro huquqda boshpana huquqi asosiy xalqaro-huquqiy odatlarga, shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyam 1967-yil 4-dekabrda kabul qilgan Hududiy boshpana toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga binoan amalga oshiriladi. Davlat ichki huquqida boshpana huquqi hozirgi demokratik davlatlarning konstitutsiya va qonunlariga koʻra, ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga beriladigan alohida shaxsiy huquq. Ajnabiy oʻz vatanida siyosiy, diniy, ilmiy va boshqa shunga oʻxshash asoslar boʻyicha taʼqibga uchragan taqdirda boshpana huquqi unga boshqa davlat hududida, nomaʼlum uzoq vaqt qolish imkoni tugʻilgan paytda beriladi. Boshpana huquqi harbiy jinoyatchilar va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan aybdor shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Siyosiy boshpana ajnabiyga oʻz-oʻzidan fuqarolik berilishini bildirmaydi. Davlat ushbu shaxsga boshpana berish bilan uni taʼqib etgan davlat qoʻliga topshirmaslik majburiyatini zimmasiga oladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |