Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi
Turi sport tashkiloti
Maqsadi Oʻzbekistondagi havaskor va professional shaxmatchilarni qoʻllab-quvvatlash
Ishga tushgan sanasi 1996-yil, mart
Hududiy xizmati Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Prezidenti Alisher Saʼdullayev
Til(lar)i oʻzbek tili

Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasinodavlat notijorat tashkilot boʻlib[1], federatsiya oʻz atrofida Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan shaxmat sport turi bilan shugʻullanuvchilarni birlashtiradi. Federatsiyaga 1996-yil mart oyida asos solingan[2].

Federatsiya konferensiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Federatsiyaning oliy organi bu – konferensiya hisoblanib, 4 yilda kamida 1 marotaba chaqiriladi. Konferensiyaning vakolatlariga federatsiya ustavini tasdiqlash, unga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish, federatsiyaning Prezidentini saylash hamda lavozimidan ozod etish, federatsiya ijro qoʻmitasini tasdiqlash hamda federatsiya hayotiga bogʻliq muhim masalalarni koʻrib chiqish kabilar kiradi.

Federatsiya oʻz atrofiga Oʻzbekistondagi havaskor va professional shaxmat bilan shugʻullanuvchilarni birlashtiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-iyunda „Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida“ PQ-347 sonli qarori qabul qilingan[3]. Qarorning asosiy ijrochi tashkilot sifatida Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi belgilangan.

Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu Dabi shahrida „Asian Chess 2023“ sammitining 5th Annual Asian Chess Excellence Awards taqdirlash marosimida Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi uch nominatsiyada gʻoliblikni qoʻlga kiritdi[4]. Bunga asosiy sabab sifatida Hindistonning Chennayshahrida oʻtkazilgan 44-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida gʻolib chiqqani uchun Oʻzbekiston yilning eng yaxshi terma jamoasi sifatida eʼtirof etilganligi, Ozarbayjonning Naxchivanshahrida oʻtkazilgan Butunjahon oʻsmirlar shaxmat Olimpiadasida kumush medalni qoʻlga kiritganligi, Niderlandiyada oʻtkazilgan „Tata Steel Chess-2023“ xalqaro turniri yakunida oʻzbekistonlik shaxmatchilar Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov yilning eng yaxshi shaxmat mamlakatiga topshiriladigan „Tour d’or“ – „Oltin minora“ sovrinini qabul qilib olganligi koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston shaxmat federatsiyaning 2021-yil yanvar oyidagi konferensiyasida Aziz Abduhakimov federatsiya raisi etib saylangan. U bu lavozimda 2022-yil may oyigacha faoliyat yuritdi. 2022-yil may oyida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev lavozimini saqlab qolgan holda, federatsiya raisi lavozimiga saylangan[5].

2021-yil oʻzbekistonlik professional shaxmatchi Javohir Sindorov „Agar shu ketishda davom etsa men ham shaxmat federatsiyamni oʻzgartiraman“ deya, federatsiya tomonidan moddiy qoʻllab-quvvatlanmayotganligi va taqdirlash marosimiga chaqirilmaganidan federatsiya ustidan eʼtiroz bildirgan. Biroq, federatsiya matbuot kotibi bu eʼtirozlarni asossiz deb topib, quyidagicha munosabat bildirgan[6]:

Birinchi navbatda shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi — bu jamoat tashkiloti, “oltin baliqcha” emas. Biz homiylik mablag‘lari asosida o‘zimizning faoliyatimizni yuritamiz. Biz shaxmatchilarimizni ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Moddiy imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, albatta. Sindorov “federatsiya menga bir tiyin ham bermadi” degan masalani ko‘targan. Vaholanki, 2018-yilgi Olimpiadadan qaytib kelingan kunning ertasi kuniyoq matbuot anjumani o‘tkazib, Javohirga 4 million so‘m miqdorida mukofot puli ajratilgan. 2019-yilgi Olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi o‘rinni egallaganidan so‘ng umumjamoa hisobda 12 million so‘m, shaxsiy natijasiga ko‘ra esa 4 million so‘m mukofot puli berilgan. Bularni “bir tiyin ham olmadim” degan gapiga nisbatan keltirmoqdaman.

2017-yil ayollar oʻrtasida grossmeysterlikka erishgan oʻzbek shaxmatchisi Gulruhbegim Toxirjonovaning otasi federatsiyadan noroziligini bildirgan[7]:

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga bunday o‘yinchilar kerak emas. Federatsiya Guruhbegimning opalari Xulkar va Nafisani terma jamoadan chiqarib yuborish uchun bor imkoniyatini ishga soldi va shunga erishdi. O‘zimizning federatsiyaga kerak bo‘lmasa, biz nima qila olamiz?

Toxirjonova ayni paytda xalqaro turnirlarda Amerika Qoʻshma Shtatlari nomidan ishtirok etmoqda. Uning oʻzi ham shaxmat federatsiya ustidan eʼtiroz bildirgan holda, quyidagilarni maʼlum qilgan[8]:

Rostdan ham ketishimga sabab Turdialiyev va uning qilgan ishlari bo‘lgan. Birinchidan, u kishi meni opamlar bilan O‘zbekiston terma jamoasida mamlakat sharafini himoya qilishimga ruxsat bermagan. Biz hech qachon uchalamiz birga hech qaysi turnirlarda O‘zbekiston sharafini himoya qilmaganmiz. Bunga imkonimiz bo‘lmagan. Shuningdek, moliyaviy tarafdan 15 yil ichida federatsiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaganmiz. Bunga o‘xshash vaziyatlar ko‘p, ular haqida gapirib o‘tirmayman”

Koʻplab manbalarda Toxirjonovaning Oʻzbekiston nomidan ishtirok etishidan bosh tortganligiga asosiy sabab sifatida federatsiyaning ularga qoʻygan cheklovlari boʻlganligi keltirilgan. Oilada 3 opa-singillar, Nafisa Moʻminova, Xulkar va Gulruhbegim Tohirjonovalar professional shaxmatchi hisoblanadi. Gulruxbegimning toʻngʻich opasi Nafisa Moʻminova Oʻzbekistondagi ilk ayol grossmeyster boʻlganligi uchun, xalqaro turnirda uni qatnashishi aniq edi. Biroq Nafisaning 2 singlisi xalqaro turnirda Oʻzbekistondan qatnashadigan nomzodlardan reyting koʻrsatgichi ancha yuqori boʻlsa-da, Gulruxbegim va Xulkar Toxirjonovalarga qatnashishga federatsiya tomonidan ruxsat berilmaydi. Bu adolatsizliklarga chiday olmagan Gulruxbegim „Endi unga hech qanday federatsiya toʻsqinlik qilolmaydi“ deya, Amerika Qoʻshma Shtatlariga oʻqish sababli ketib, ushbu davlat nomidan turnirlarda qatnashadigan boʻldi[9].

Bunday holat shaxmat federatsiyasida ilk marta boʻlmagan, bundan ancha yillar oldin oʻzbekistonlik professional shaxmatchi, grossmeyster Sergey Qayumov ham 2003-yilda xalqaro musobaqaga qatnashishda federatsiya, otasi Dmitriy Qayumov va oʻzidan faqat 1 kishi qatnashishi mumkinligini aytadi. Bunday vaziyatdan grossmeyster qattiq noroziligini bildirib oʻtgan[10].