Nodirbek Yusufbekov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Nodirbek Rustambekovich Yusufbekov
Tavalludi 7-yanvar 1940-yil (1940-01-07) (84 yosh)
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi muhandis-texnolog, kimyogar
Sohasi kimyo-texnologiya, kimyoviy texnologiyalarning nazariy asoslari, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish hamda boshqarish
Taʼlimi Toshkent politexnika instituti
Ilmiy darajasi texnika fanlari doktori
Ilmiy unvoni akademik
Akademik rahbarlari Nabi Ubaydullayevich Rizayev
Mukofotlari

Mehnat shuhrati ordeni

Turmush oʻrtogʻi Charos Nabiyevna Yusufbekovna

Nodirbek Rustambekovich Yusufbekov (1940-yil 7-yanvar, Toshkent shahri, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik kimyogar olim. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi aʼzosi, akademik (2000). Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1980). Texnika fanlari doktori (1971), professor (1973)[1].

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nodirbek Yusufbekov 1940-yil 7-yanvarda Toshkent shahrida oʻqituvchi oilasida tugʻilgan. Otasi Rustambek Yusufbekov (Rustambek domla) oʻzbek maʼrifatparvari, jadidchi, „Taʼlimi avval“ („Dastlabki taʼlim“) alifbe kitobi (1913), „Taʼlimi soniy“ („Ikkinchi taʼlim“) oʻqish kitobi (1915) muallifi. Onasi — Habiba Yusupova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan oʻqituvchi[2], 45 yil boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan, Lenin ordeniga sohibi bʻolgan birinchi o‘zbek ayollaridan biri[3].

1957-yilda Toshkent shahridagi 46-maktabni tugatib, shu yili Toshkent politexnika institutiga oʻqishga kiradi. 1962-yilda mazkur institutning kimyo-texnologiya fakultetini muhandis-texnolog mutaxassisligi boʻyicha tugatgan[2]. 1961—1963-yillarda ushbu institutning talabalar kasaba uyushmasi rahbari, 1962—1963-yillari mazkur institutda „Fizikaviy kimyo“ kafedrasi assistenti, 1963—1965-yillarda „Kimyo texnologiyasining jarayonlari va apparatlari“ kafedrasining aspiranti, 1966—1970-yillari „Kimyo-texnologiya jarayonlarini kompleks mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish“ kafedrasi mudiri[2], 1970—1973-yillarda O‘zbekiston yosh olimlar uyushmasi raisi, 1980—1986-yillari Toshkent politexnika instituti „Avtomatlashtirilgan  boshqarish  tizimlari„ fakulteti dekani, 1989—1991-yillada Toshkent mashinasozlik instituti rektori, 1991—1992-yillari Toshkent davlat texnika universiteti rektori, 1992—1994-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi raisi, 1994—2001-yillarda „Oʻzkimyosanoat“ boshqaruvi raisi, 2001—2003-yillari Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori[1], 2004—2013-yillarda Toshkent davlat texnika universiteti „Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish“ kafedrasi mudiri, 2013-yildan mazkur kafedra professori hamda „Kimyoviy texnologiya: nazorat va boshqaruv“ ilmiy jurnali bosh muharriri (2005-yildan) vazifasida faoliyat yuritmoqda[4].

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rafiqasi Charos Nabitevna Yusufbekovna texnika fanlari nomzodi, dotsent. Ikki oʻgʻil va bir qizi bor[4].

Ilmiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Olimning ilmiy ishlari kimyoviy texnologiyalarning nazariy asoslari, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish hamda boshqarish oid. Nodirbek Yusufbekov tomonidan „Kimyo texnologiyasi, analitik va ilmiy asbobsozlik hamda kimyoviy texnologiya jarayonlari va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish“ ilmiy maktabiga asos solingan. 1966-yilda nomzodlik ishini himoya qilib, texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 1967-yilda dotsent ilmiy unvoni berilgan. 1971-yilda ruscha: „Процессы и аппараты кибернетики химико-технологических процессов и систем“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoy qilib, texnika fanlari doktori ilmiy darajasini, 1973-yilda professor ilmiy unvonini oladi. 1994-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi, 2000-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi[5]. Nodirbek Yusufbekov 19 ta monografiya, 20 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalari, 190 ta ixtiro va 600 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifidir. Olimning oliy taʼlim muassasalari uchun oʻzbek tilidagi darsliklari respublika tanlovida yilning eng yaxshi darsliklari (1983, 1998, 2004, 2011, 2014) deya eʼtirof etilgan. Shuningdek, Nodirbek Yusufbekov tashabbusi bilan 2002-yilda „Kimyo va kimyoviy texnologiya“ respublika ilmiy-texnikaviy jurnali, 2005-yilda „Kimyoviy texnologiya: nazorat va boshqaruv“ xalqaro ilmiy-texnikaviy jurnali taʼsis etilgan[4].

Unvon va mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Andoza:OʻTOE