Navoiy Nur QES

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navoiy Nur QES
Mamlakat  Oʻzbekiston
Joylashuvi Navoiy viloyati, Karmana tumani
Egasi Masdar (Birlashgan Arab AmirliklariBAA)
Maqomi amalda
Qurilishi boshlangan yil 2019-yil dekabr
Agregatlar ishga tushgan yillar 2021-yil avgust
Asosiy tavsifi
Yillik elektr energiyasi ishlab chiqarishi 252 mln kVt*soat
Elektr quvvati, MVt 100
Xarita

Navoiy Nur quyosh elektr stansiyasi (Navoiy Nur QES, Navoiy Nur QFS, Navoiy Nur FES), shuningdek Karmana QES, Karmana QFS deb ham ataladi – Navoiy shahridan 35 km sharqda, viloyatning Karmana tumanida joylashgan quyosh fotoelektr stansiyasi. Oʻzbekistondagi ilk quyosh fotoelektr stansiyasi, mamlakat tarixidagi xususiy investor tomonidan qurilgan birinchi elektr stansiya[1].

Oʻrnatilgan elektr quvvati – 100 MVt, oʻrtacha yillik elektr energiyasi ishlab chiqarishi – 252 mln kVt*soat[1]. Elektr stansiya ishlashi natijasida 80 mln kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna bugʻlanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi[1].

Navoiy Nur QES BAAning davlatga qarashli Masdar kompaniyasi tomonidan qurilgan va ushbu kompaniya tomonidan boshqariladi[1].

Texnik tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Quyosh fotoelektr stansiyasi qurish uchun Navoiy viloyatining Karmana tumanida 283 gektar yer ajratilgan[2]. Stansiya hududiga 300 mingta PVP quyosh panellari oʻrnatilgan[1].

Texnologik uskunalar, panellar, invertor va transformatorlar oʻrnatish uchun pudratchi korxona sifatida Xitoyning „SEPKO III“ LTD kompaniyasi jalb qilingan[2].

Oʻrnatilgan panellar Single Access Tracking System texnologiyasiga ega, bu panellarga quyosh harakati boʻylab yarim aylana shaklida harakatlanish imkonini beradi[3].

Stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiya respublikaning barcha hududlarini oʻzaro bogʻlovchi yuqori kuchlanishli tarmoqlariga uzatiladi[2].

Elektr stansiya oʻrtacha beshta tumanning[2] yoki oʻrtacha 31 ming oilaning[3] elektr energiyasiga boʻlgan talabini qondira oladi.

Loyiha qiymati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Loyiha qiymati 110 mln dollar[1]. Ushbu xorijiy sarmoya BAAning Masdar kompaniyasi tomonidan kiritilgan[3]. Xalqaro moliya korporatsiyasi va Osiyo taraqqiyot banki loyihani moliyalashtirish uchun 60 mln dollar mablagʻ ajratgan[4]

Masdar 25 yil davomida elektr energiyasini kilovatt-soatiga 2,679 sentdan yetkazib berish boʻyicha majburiyat olgan[4].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda quyosh energiyasidan foydalanish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston hukumati 2013-yilda Samarqand viloyatining Nurobod, Past Dargʻom hamda Kattaqoʻrgʻon tumanlarida QFS qurish boʻyicha tender eʼlon qildi. Biroq qurish boʻyicha amaliy choralar koʻrilmadi[3].

2016-yil Oʻzbekiston hukumati mamlakatdagi ilk yirik QESni qurish uchun eskirgan texnologiyalardan foydalanayotgan Xitoyning „Zhuhai Singes Green Building Technology“ kompaniyasiga qurilish boshlashga ruxsat bermagan[3].

2018-yil Kanadaning SkyPower Global kompaniyasi umumiy quvvati 1000 MVt boʻlgan quyosh elektr stansiyasi qurish uchun 1,3 mlrd dollar investitsiya kiritishi eʼlon qilingan va investorga Samarqand viloyati hududida qurilish maydoni topshirilgan. Keyinchalik tannarxi balandligi tufayli ushbu loyiha bekor qilingan[5].

Mamlakat tarixidagi birinchi QES[tahrir | manbasini tahrirlash]

2019-yil oktyabr oyida Energetika vazirligi Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan FES qurish boʻyicha tender natijalarini eʼlon qildi[6]. Tenderda 5 ta kompaniya – „Acwa Power“ (Saudiya Arabistoni), „Jinko Power“ va „Aljoimah Energy & Water Consortium“ (Xitoy / Saudiya Arabistoni), „Masdar“ (BAA), „TBEA Xinjianing Sunoasis Co Ltd“ (Xitoy) hamda „Total Eren“ (Fransiya) tenderning dastlabki saralash bosqichidan oʻtgan. Tenderda eng past narx taklifi bilan BAAning Masdar shirkati gʻolib boʻlgan[6].

2019-yil noyabr oyida Masdar kompaniyasi va Oʻzbekiston hukumati oʻrtasida davlat-xususiy sherikchilik asosida quyosh elektrostansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish va qurish maqsadida, „Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi kelishuv“ va „Investitsion kelishuv“ bitimlari imzolangan.

2019-yil 5-dekabr kuni „Nur Navoi Solar“ MChJ 400 mln soʻm ustav kapital bilan roʻyxatdan oʻtkazildi. „Nur Navoi Solar Holding RSC Limited“ taʼsischiligidagi korxonaning yuridik manzili Toshkent shahar Mirobod tumani Taras Shevchenko koʻchasi 21a-uy 502-ofisda joylashgan[7].

2021-yil iyun oyi holatiga koʻra, qurilish maydonining 10 foizdan ortiq qismiga quyosh panellari oʻrnatilib boʻlingan[3].

2021-yil 22-avgust kuni Navoiy Nur QESning ilk generatsiya quvvati respublika yagona tizimiga ulangan[8].

2021-yil 27-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifida fotoelektr stansiya rasman faoliyat boshladi[8].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]