Kontent qismiga oʻtish

Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi imom, alloma, hofiz, qomusiy olim, faqih, muhaddis

Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiy — (819—903-yillar) Shayxulislom, imom, alloma, hofiz, qomusiy olim, faqih va muhaddis bo‘lgan.

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ibrohim ibn Saʼid ibn Abdurrahmon ibn Muso Abdiy Molikiy Bushanjiy oʻz zamonida Naysoburdagi ahli hadisning shayxi boʻlgan. 204/819—yilda tug‘ilgan. Samʼoniy: „Bushanj — Hirotdan etti farsax uzoqlikdagi bir shaharcha“. Baʼzilar „Busanj“ deganlar" — deb keltiradi. Ilm talabida sharqu gʻarbni kezib, katta olimlar bilan uchrashgan, ilm yiqqan, kitob yozgan. Obroʻ-eʼtibori baland bo‘lib, dovrug‘i keng tarqalgan. Yahyo ibn Bukayr, Ravh ibn Saloh, Yusuf ibn Adiy, Muhammad ibn Sinon Avaqiy, Musaddad, Ismoil ibn Abu Uvays, Saʼid ibn Mansur, Ahmad ibn Abdulloh ibn Yunus, Muhammad ibn Minhol Zarir, Hudba ibn Xolid, Abdulloh ibn Muhammad ibn Asmo, Umayya ibn Bistom, Abu Nasr Tammor, Ahmad ibn Hanbal, Ubaydulloh ibn Muhammad Ayshiy, Ibrohim ibn Hamza Zubayriy, Sulaymon ibn Shurahbil, Mahbub ibn Muso Antokiy, Abdulaziz ibn Imron ibn Miqlos, Ibrohim ibn Munzir Hizomiy, Abu Rabeʼ Zahroniy va ularning tabaqasidagilardan hadis eshitgan. U kishidan Muhammad ibn Is’hoq Sogʻoniy va Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (yoshlari katta boʻlsa-da); Abu Homid ibn Sharqiy, Ibn Xuzayma, Abulabbos Dagʻuliy, Abu Bakr ibn Ishoq Sibgʻiy, Abu Abdulloh ibn Axram, Yahyo ibn Muhammad Anbariy, Daʼlaj Sijziy, Ali ibn Hamshoz, Ismoil ibn Nujayd va b. hadis rivoyat qilishgan. Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiydan rivoyat qilgan eng soʻnggi roviy — Ibn Nujayddan bir yildan keyin vafot etgan. Abu Favoris Ahmad ibn Muhammad ibn Jumʼadir. Daʼlaj aytgan: "Menga Dovud ibn Alining bir faqih shogirdlari: "Abu Abdulloh bir kuni majlisimizga kirib, oxirroqda oʻtirdilar. Soʻngra ustoz Dovud bilan gaplashdilar. Dovud bu kishining ilmlaridan hayratlanib: „Siz Abu Abdulloh Bushanjiy boʻlsangiz kerak?“ — dedilar. Bu kishi: „Ha“, — dedilar. Dovud joylaridan turib, Bushanjiyni yonlariga oʻtirgʻizdilar va: „Bugun majlisimizga foyda beradigan, lekin foyda talab qilmaydigan kishi kelibdi“, — dedilar", — deb aytib berdilar". Abu Zakariyo Anbariy aytgan: „Husayn Qabboniyning janozalarida hozir boʻldim. Abu Abdulloh Bushanjiy bizga janoza namozini oʻqib berdilar. Ketmoqchi boʻlganlarida, Abu Abdullohning ulovi olib kelindi. Abu Amr Xaffof uning jilovidan, imomlar imomi uning uzangisidan ushladilar. Abu Bakr Jorudiy bilan Ibrohim ibn Abu Tolib uning egar-jabdugʻini toʻgʻrilay boshlashdi. Bushanjiy bularga qarshilik qilmadilar. Soʻngra yoʻllarida davom etdilar“. Abu Zakariyo Anbariy aytgan: "Bir marta menga Bushanjiy: „Yaxshi ish qilding“, — deb aytdilar. Soʻngra otamga yuzlanib: „Men oʻgʻlingizni maqtadim. Abu Ubaydullohni shunday maqtaganimda, juda xursand boʻlardi“, — dedilar". Abu Amr ibn Nujayd aytgan: "Abu Usmon Saʼid ibn Ismoilning: "Abu Abdulloh Bushanjiyni tabarruk bilib, u kishi bilan qoʻl berib koʻrishmoqchi boʻlganimda, menga qoʻl uzatmadilar va: „Ey Abu Usmon, men siz oʻylayotgandek kishi emasman“, — dedilar", — deganlarini eshitdim". Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar Muzakkiy aytgan: "Bizga Bushanjiy Ahmad ibn Hanbaldan, u kishi Ibn Mahdiydan, u kishi Zuhayr ibn Muhammaddan, u kishi Solih ibn Kaysondan, u kishi Abdulloh ibn Abu Umomadan, u kishi otalaridan Paygʻambar (s.a.v.)ning: „Oddiy kiyinish — imondan“, — deganlarini xabar berdilar. Bushanjiy: "Hadisdagi „bazoza“ soʻzi — „baziy“ soʻzining aksi. „Baziy“ — uyatsiz va boʻhton soʻzlarni gapirish. „Bazoza“ esa — oʻzini qimmatbaho kiyim va toʻshaklardan xoksor tutib, oddiy kiyim va toʻshakdan foydalanish. Bu zohidlar liboslaridir", — dedilar". Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar aytgan: "Bushanjiyning Mustamliyga: „Soʻzimga amal qilsang, malomatdan yiroq boʻlasan“, — deganlarini eshitdim". Hokimning aytishlaricha, u kishiga Hasan ibn Ahmad ibn Muso, u kishiga Abu Abdulloh Bushanjiy aytgan: "Paygʻambar (s.a.v.): „Agar qaysi terida Qurʼon boʻlsa, unga doʻzax oʻti tegmaydi“, — deganlar. Buning maʼnosi „Kimki Qurʼonni yod olsa va uni oʻqib yursa, undaylarga doʻzax olovi tegmaydi“, — deganidir". Hokim aytgan: "Men Abu Abdulloh Muhammad ibn Yaʼqub Shayboniydan eshitdim. U kishi Bushanjiyning bir necha marta: „Bizga Yahyo ibn Abdulloh ibn Bukayr hadis aytdilar“, — deganlarini eshitganlar. U kishini qancha maqtasak ham oz. Men Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfardan eshitdim. U kishi Bushanjiyning bir necha marta: „Abdulaziz ibn Muhammad Andarovardiy…“, — deganlarini eshitgan ekanlar". Hokimning aytishicha, unga Yahyo ibn Muhammad Anbariy, unga Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiy unga Nufayliy, unga Ray qozisi Ikrima ibn Ibrohim Azdiy roviy Abdulmalik ibn Umayrdan, u kishi Muso ibn Talhadan aytgan: "Oishadan koʻra fasohatliroq va xatibroqni koʻrmadim. Oishani Jamal kuni koʻrdim. Odamlar gʻalayon qilib, u kishiga: „Ey moʻminlar onasi! Usmonning oʻlimlari toʻgʻrisida aytib bering“, — deganida, ularni oʻtirgʻizib, Allohga hamd-sano aytgach: „Ammo baʼd! Sizlar Usmon (r.a.)ga uch narsani tuhmat qildingizlar: yosh yigitni amir qilib tayinlaganlari; baʼzilarni qamchi bilan savalaganlari; Gʻamoma erini ajratib qoʻyganlari. Sizlar shu narsalar bilangina qiziqib qoldingizlar. U kishining qilgan yaxshiliklarini sovun kiyimning kirini yuvib tashlagandek, chippakka chiqardingizlar. Dushmanlik qilib, uch hurmatdan mosuvo qildingizlar: Ashhurul hurumning hurmati; haramning hurmati; xalifa-liklarining hurmati. Allohga qasamki, Usmon taqvodorrogʻingiz, qarindosh-urugʻlari bilan muomalada yaxshirogʻingiz va pokdomonrogʻingizdir. Soʻzim soʻngida sizlar va oʻzim u-n Allohdan istigʻfor soʻrayman“, — deb aytdilar". Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiy aytgan: „Yosh yigitni rahbar qilib tayinlaganlari — Saʼdni hokimlikdan boʻshatib, oʻrinlariga qarindoshliklari uchun Valid ibn Uqbani hokim qilib qoʻyganlaridir. Qamchi bilan savalaganlari — Ammor va Abu Zarrni baʼzi xatolari uchun jazolaganlaridir. Gʻamoma erini ajratib qoʻyganlari — Gʻamoma degan joyni zakotdan kelgan tuyalar boqilishi uchun ajratib qoʻyganlaridir. Bunday ishni Umar (r.a.) ham qilganlar va u kishining bu ishlarini sahobalar qoʻllab-quvvatlagan edilar“. Hokim aytgan: "Bizga adib Muhammad ibn Ahmad ibn Muso, u kishiga Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiy, u kishiga Abdulloh ibn Yazid Damashqiy, u kishiga Abdurrahmon ibn Yazid ibn Jobir: „Muqsalot degan joyda misdan yasalgan bir butni koʻrdim. Agar chanqasa, tushib suv ichardi“, — deb aytib berdilar". Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiy, bu hodisaga izoh berib aytganlar: „Olimlarning bu soʻzni aytishlaridan maqsad: majlislarida hozir boʻlganlarning fikrlarini sinash, ularga odob berish va ilm saviyalarini tekshirib koʻrish. Ibn Jobir Shom diyorining allomalaridandir. U kishining foydali kitoblari bor. Yuqoridagi soʻzni aslo butga lol qolganlaridan aytmaganlar. Muqsalot — Damashqdagi un bozorining bir tarafidagi joy. Bu koʻrinishni aytishdan maqsad butga sigʻinuvchilarning nechogʻlik notoʻgʻri yoʻl tutganlarini ochib berishdir. Chunki but hargiz chanqamaydi. Agar chanqasa, tushib suv ichishi kerak edi. Demak, uning joni yoʻq. Na chanqashga, na tushishga va na qayta chiqishga qudrati etadi“. Hokim aytgan: "Men Abu Zakariyo Anbariydan eshitdim. U kishi Bushanjiydan, u kishi Qutayba ibn Saʼiddan Yunus ibn Sulaymning: „Guruch ulugʻlarning taomlaridir“, — deganlarini eshitgan ekanlar". Qutayba aytgan: "Haj qilib kelsam, odamlar bu gapni hadisga aylantirib yuborgan ekanlar. Ular Bagʻdodga kelib: „Guruch hadisi“, „Guruch hadisi“, — der edilar". Anbariydan eshitdim: "Bushanjiy-ning: „Ibn Ishoq — bizning nazdimizda siqa, siqa“, — deganlarini eshitdim". Hokim aytgan: "Abu Amr ibn Hamdondan eshitdim. U kishi, Abu Bakr Muhammad ibn Ishoqning: „Agar Abu Abdullohda bor ilmlariga baxillik boʻlmaganida, men ilm talabida Misrga borib yurmasdim“, — deganlarini eshitgan ekanlar". Faqih Abu Nazr aytgan: "Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiyning: „Kimki odobsizlik bilan ilm va fiqhga erishmoqchi boʻlsa, Alloh va Rasuliga yolgʻon gapirishga jurʼat etibdi“, — deganlarini eshitdim". Hofiz Sulaymoniy: „Abu Abdulloh Bushanjiy imom Molikning koʻzga koʻringan shogirdlaridan“, — deb zikr qilganlar. Hasan ibn Yaʼqub aytgan: „Abu Abdulloh Bushanjiy Naysoburda laysiylar sulolasi oldida oʻz mavqelariga ega edilar. Ularning hukmronliklari tugagach, Bushanjiy Buxoroga amir Ismoilning huzurlariga bordilar. U yerda qisqa vaqt yashagach, amir Ismoildan oʻzlariga Naysoburda nafaqa tayinlashlari haqida xat yozib berishlarini iltimos qilganlar“. Hokim aytgan: "Men Husayn ibn Hasan Tusiydan eshitdim. U kishi Bushanjiyning: „Laysiylardan menga 700 ming dirham ehson keldi“, — deganlarini eshitgan ekanlar". Daʼlaj aytgan: "Abu Abdullohning Ibn Xuzaymaga ishora qilib: „U kishi ziyrak. Men Abu Savr haqlarida bu gapni aytolmayman“, — deganlarini eshitdim". Abu Abdulloh ibn Ahram aytgan: "Imom Buxoriy „Sahih“larida Abu Abdulloh Bushanjiydan hadis rivoyat qilganlar". Ibn Zahabiy: "Bizga „Sahih“dan Muhammad, u kishiga Abu Jaʼfar Nufayliy hadis aytib berdilar…" — deb, „Baqara“ surasining tafsiriga oid bir hadisni zikr qildilar. Bu sanadda „Bushanjiy“ nisbati keltirilmagan boʻlsa-da, baʼzilar: „Muhammaddan maqsad — u kishi Ibn Yahyo Zuhliydir“, — deyishgan. Lekin koʻp muhaddislar: „Muhammaddan maqsad — Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiydir“, — deganlar. Keyingi fikrni Hokimning quyidagi rivoyatlari ham qoʻllab-quvvatlaydi: "Bizga Abu Bakr ibn Abu Nasr, u kishiga Bushanjiy, u kishiga Nufayliy, u kishiga Miskin ibn Bukayr, u kishiga Shuʼba roviy Xolid Hazzodan, u kishi Marvon Asfardan, u kishi Ibn Umardan aytadilar: „Ichingizdagi narsani oshkora qilsangiz…“ (Baqara, 284 oyat) oyati mansuxdir". Hokim: „Bizga Asom, u kishiga Sagʻo-niy, u kishiga Muhammad ibn Ibrohim, u kishiga Nafiyliy aytib berdilar…“, — deb hadisni zikr qilganlar. Hokim yana: „Bizga Muhammad ibn Jaʼfar, u kishiga Bushanjiy aytib berganlar…“, — deb hadisni zikr qilgan. Bizga „Shomiya“ madrasasining mudarrisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdusalom Tamim, Abulfazl ibn Tojul Umano va Zaynab binti Kindiylar oʻqigan holatda Muayyid ibn Muhammad Tusiy, Abdulmuʼiz ibn Muhammad Haraviy va Zaynab binti Abulqosim Shaʼriylardan xabar berdi. Muayyid aytganlar: „Bizga Muhammad ibn Fazl Soʻidiy xabar berdilar“. Abdulmuʼiz aytgan: „Bizga Tamim ibn Abu Saʼid Muallim xabar berdilar“. Zaynab aytgan: „Bizga Ismoil ibn Abulqosim xabar berdilar“. Har uchchovlari aytganlar: "Bizga Umar ibn Ahmad ibn Masrur, u kishiga Abu Amr ibn Nujayd 364 y.da xabar berdilar. U kishiga Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiy, u kishiga Ravh ibn Saloh Misriy, u kishiga Muso ibn Ulo otalaridan, u kishi Abdulloh ibn Amrdan, u kishi Paygʻambar (s.a.v.)dan: „Ikki kishiga hasad qilsa arziydi: bir kishiga Alloh taolo Qurʼon bergan boʻlsa, unga amal qilsa, halolini halol, haromini harom desa; bir kishiga Alloh taolo boylik bergan boʻlsa, undan qarindosh-urugʻlariga ulashgan boʻlsa, Allohning toatida qoim boʻlsa. Kimda toʻrt xislat boʻlsa, dunyoda bor neʼmatlarga erisholmasa ham hech zarari yoʻq: goʻzallik, iffat, toʻgʻrisoʻzlik, omonatdorlik“, — deganlarini rivoyat qilganlar". Bu hadis gʻarib, sanadi juda oliy. Ibn Adiy roviy Ravhni zaif hisoblaganlar. Ibn Hibbon esa siqalardan sanaganlar. Hokim u kishini: „Oʻta siqa“, — deb maqtaganlar. Hokim Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiyning tarjimai holini goʻzal sifatlar bilan batafsil zikr qilgan va: „Bushanjiy 291 yilda muharram oyining boshida vafot etgan“, — degan. Boshqa rivoyatda: „290/903 yil zulhijja oyining oxirgi kunlaridan birida vafot etgan. Ertasiga Ibn Xuzayma janoza namozini oʻqigach, dafn qilinganlar“, — deb aytilgan[1].

  • „Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi“; Samarqand:Imom Buxoriy xalqaro markazi 2018.
  1. Shamsiddin Zahabiy. Siyaru aʼlami-n-nubala. J.13. — 581; Shamsiddin Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo. Mashhur daholar siyrati. Tarjimon A. Inoyatov. — B. 177.