Muhammad Naxshabiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muhammad Naxshabiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi shoir, faylasuf

Muhammad Naxshabiy (arabcha: محمد نخشبي — Toʻliq ismi: Muhammad ibn Ahmad Naxshabiy (X asrda yashagan) — Shoir, faylasuf va davlat arbobi.

Hayoti va faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammad Naxshabiy Nasr ibn Ahmad Somoniy (914-943-yillar) davrida Xuroson va Movarounnahrda faoliyat olib borgan shoir, faylasuf va davlat arbobi. Ma'lumki, Somoniylar davrida Buxoro yirik madaniy va ilmiy markazlardan biriga aylangan. U qarmatiylarning diniy-siyosiy ta'limotini qabul qilgan va uning Movarounnahrdagi rahbarlaridan biri bo‘lgan. Ismoiliylik va uning bir tarmog‘i bo‘lgan Qarmatiylik ta'limoti XI asrda Sharqda keng tarqalgan. Misrda Fotimiylar xalifaligi va Bahrayndagi qarmatiylar davlati ularning markazlari edi. Xuroson va Movarounnahrda ham qarmatiylarning ko‘plab vakillari bo‘lgan. Chunki qarmatiylik yerga jamoa egaligini, umumiy (qullardan tashqari) tenglik g‘oyalarini targ‘ib qilar, dehqonlar, hunarmandlar va ziyolilar orasida keng tarqalgandi. Abbosiy xalifalar siyosatidan, mavjud mahalliy tartiblardan bezgan xalq ozodlik va tenglikka erishish yo‘lini ana shu harakatda ko‘radi. Bu harakat nufuzi shu darajaga yetadiki, amirlar, vazirlar, hatto Nasr ibn Ahmad ham unga moyillik bildiradi. Bu haqda Nizomulmulk o‘zining “Siyosatnoma” asarida shunday yozadi: “...Xuroson amiri (Nasr ibn Ahmad) uni o‘ziga yaqin tutardi. Muhammad Naxshabiy ham o‘z so‘zini unga o‘tkazardi... Nasr ibn Ahmad uni hurmatlar, bir lahza ham usiz turolmasdi. Oxiri Muhammad Naxshabiy Nasr ibn Ahmadni o‘z mazhabiga da'vat etadi. O‘zi vazirlikka ko‘tariladi. Podshoh ham uning aytganini qilardi”. Ammo qarmatiylar mavqei va Muhammad Naxshabiyning nufuzi ortib borganidan tashvishga tushgan ayrim saroy a'yonlari va mutaassib din vakillari fitna uyushtiradilar. U va uning tarafdorlarini shialikda ayblaydilar. Bundan foydalangan valiahd Nuh ibn Nasr hokimiyatni qo‘lga oladi. U o‘z otasini zindonga tashlaydi. Xalq va lashkar orasidagi qarmatiy mazhabi kishilarning barchasi bitta-bitta tutib o‘ldiriladi, mol-mulklari talon-taroj etiladi. U ham ana shu qatli omda halok bo‘ladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. O‘rta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. – Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. – B. 478.