Dehqonlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Dehqondan yoʻnaltirildi)
Gollandiyalik rassomning rasmi. (Pieter Bruegel de Oude, 1565)

Dehqonlar ijtimoiy guruh, aholining asosiy kasbi dehqonchilik boʻlgan maxsus toifasidir. Dehqonlar mehnat faoliyati, turmush tarzi, manfaati va koʻnikmalariga koʻra jamiyatdagi boshqa sinf va ijtimoiy guruhlardan farq qiladi. Dehqonlar agrar sohada faoliyat koʻrsatadi, yer va boshqa resurslarga egalik qiladi, oʻz ishlab chiqarish vositalari va oila aʼzolari mehnati bilan yakka xoʻjalik yuritadi. Dehqonlarning paydo boʻlishi ibtidoiy jamoat tuzumining parchalanishi jarayonida qishloq xoʻjaligida ixtisoslashuv yuz berib, dehqonchilikning chorvachilikdan ajralib chiqishi va mayda oilaviy xoʻjaliklarning yuzaga kelishi bilan bogʻliq.

Lugʻaviy maʼnosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dehqon – [f. دهقان] katta yer egasi, zamindor; qishloq hokimi. Dehqon asosiy kasbi yerga ishlov berish, ekin ekishdan iborat boʻlgan kishi[1].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta Osiyoda va Eronda dastlab jamoadan ajralib chiqqan katta yer egalari, baʼzan qishloq oqsoqollari "dehqon" deyilgan (ular oʻzlarining devor bilan oʻralgan mustahkam qoʻrgʻonlariga ega boʻlganlar). Oʻrta asrlarga kelib Dehqonlar qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotining asosiy tayanchini hosil etdi, natijada u aholining asosiy ijtimoiy qatlamiga aylandi. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning taraqqiyoti va ijtimoiy meqnat taqsimotining chuqurlashuvi natijasida asosan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida band boʻlgan Dehqonlar tovar-pul munosabatlari yuzaga keltiradigan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga tortildilar va astasekin ijtimoiy tabaqalanib mayda, oʻrtahol va yirik yer egalari boʻlgan Dehqonlar paydo boʻldi.

Kengayishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sanoat rivojlanishi bilan, birinchi navbatda, kambagʻal, mayda Dehqonlar hisobidan ishchilar shakllanadi va shu hisobiga Dehqonlar soni qisqardi. Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda Dehqonlar sonini kes-kin qisqartiradigan fermer xoʻjaliklarining oʻsishi bilan bir qatorda kooperatsiya ham yuzaga keldi. Hoz. rivojlanayotgan mamlakatlarda aholining asosiy qismini tashkil qiladigan Dehqonlarning xoʻjalik ukladi rivoji ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning umumiy qolokligi taʼsirida yanada murakkablashib bormoqda. Sobiq SSSRda, Sharqiy Yevropa va Osiyodagi bir qator mamlakatlarda kuch ishlatib, qatagʻon yoʻli bilan amalga oshirilgan dehqon xoʻjaliklarini jadal kooperatsiyalash (jamoa xoʻjaliklariga aylantirish) qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini juda pasaytirib, Dehqonlarga ham, jamiyatga ham zarar keltirdi.

Oʻzbekistonda dehqonlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda dehqonchilik rivojlangan. Mamlakatda dehqonlarning quyidagi turlari mavjud:

  • tomorqa yeri boʻlgan mayda dehqonlar,
  • shirkat aʼzosi boʻlgan dehqonlar,
  • dehqon xoʻjaligi egalari boʻlgan Dehqonlar,
  • davlatdan yerni uzoq muddatga (10— 50 yil) ijaraga olgan yirik fermer xoʻjaligi sohiblari boʻlgan dehqonlar

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dehqonchilik

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Davlat ilmiy nashriyoti, 2006.