Maryam Yoqubova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Maryam Yoqubova[tahrir | manbasini tahrirlash]

(1909.19.10, Buxoro — 1987.2.2, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq artisti (1955). Moskva kino maktabini tugatgan (1928). 1929—32 yillarda Hamza teatri qoshidagi ishchisayyor teatrida, 1935—38 yillarda Oʻzbek davlat musiqali drama teatrida, 1939— 41 yillarda Muqimiy teatrida, 1941 — 66 yillarda Hamza teatrida aktrisa. Musiqaviy iqtidorga ega boʻlgan aktrisa dramatik rollarning mohir ijrochisi, hajviy va salbiy rollar ustasi sifatida tanilgan. Yaratgan obrazlari yorqin, maʼnodor va maishiy boʻyoqlarga boyligi bilan ajralib turadi. Eng yaxshi rollari: Roʻzvon („Gulsara“), Jahon xoda, Zebo („Arshin mol olon“), Maysara („Maysaraning ishi“), grafinya Diana („It pichan yemaydi, oʻzgaga ham bermaydi“), qirolicha Izabella („Qoʻzibuloq qishlogʻi“), Ogudalova, Feklusha („Sepsiz qiz“, „Momaqaldiroq“), Sultonbegim („Jaloliddin“), Xonzoda („Boy ila xizmatchi“), Gertruda („Hamlet“), Mastura satang („Xolisxon“), Voynitskaya („Vanya togʻa“) va b. Yo. kinoda ham sermahsul ijod qilib, oʻzbek milliy kinosi ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshdi. Xonzoda („Boy ila xizmatchi“), sudya („Opasingil Rahmonovalar“), Oyposhsha („Mahallada duv duv gap“), Oʻzbekoyim („Oʻtgan kunlar“) kabilar shular jumlasidan. Telespektakllar va Oʻzbekiston radiosining bolalar uchun eshittirishlarida faol ishtirok etgan.[1]

Ijod yoʻli[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oyposhsha obrazini aktrisa shunday mohirona ijro etganki, bu rol go‘yo M.Yoqubova uchun yozilgandek. Oyposhsha ob¬razi yoqimliligi, hazil, piching va kesatiqqa boyligi bilan hamon tomoshabinlarni o‘ziga maftun etmoqda. Keyinchalik M.Yoqubova „Tojikfilm“ kinostudiyasida suratga olingan „Sevadimi, sevmaydimi?“, „Oq royal“ muzikali komediyalarida Zamira va Malohat obrazlarini yaratadi. Shuningdek, u „Maysaraning ishi“, „Olovli yo‘llar“ ko‘p seriyali televizion filmlarida, „Sevgi afsonasi“, „Qalbingda quyosh“ kabi badiiy filmlarda ham ajoyib obrazlar yaratadi. Y Aʼzamov A.Qodiriyning „O‘tgan kunlar“ romanini ekranlashtirar ekan, asardagi bosh rollardan biri — O‘zbekoyim rolini M.Yoqubovaga topshiradi. O‘zbekoyim (M.Yoqubova) — kuchli va tadbirkor, o‘z hukmini o‘tkazishni yaxshi ko‘radigan murakkab xarakterli inson. U ana shu hukmronlikka erishish yo‘lida o‘g‘li Otabekni va jamiyatda katta mavqega ega bo‘lgan eri Yusufbek Hojini ham juda ustalik bilan tobe qilmoqchi bo‘ladi. U Kumush va Zaynablarga o‘z farzandiga bo‘lgandek onalarcha mehribonlik ko‘rsatadi, ular haqida o‘ylaydi, ularga g‘amxo‘rlik qiladi. Lekin bu urinishlari, afsuski sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fojianing oldini ololmaydi. Chunki, O‘zbekoyimning o‘zi ham u yashaydigan ijtimoiy muhit va davrning mahsuli hamda qurboni edi. Aktrisa isteʼdodining komediyaga, hazil-mutoyiba, piching va hajviy bo‘yoqlarga moyilligi uning „Nashtar“hajviy kinojurnallarida ijro etgan kichik-kichik rollarida ham o‘z tasdig‘ini topadi. Bunday qisqa syujetlarda aniq, yorqin obrazlar yaratish talab etiladi. Aktrisa bu murakkab va mas’uliyatli vazifani ham yaxshi ado eta olgan. M.Yoqubova ijodida radio alohida o‘rin tutadi. U O‘zbekiston radiosi tashkil bo‘lgan birinchi kunlardan boshlab, to umrining oxirigacha turli radiopostanovkalarda, radiojurnallarda va boshqa eshittirishlarda faol qatnashdi. 70 yillardan boshlab M.Yoqubova radioda bolalar uchun ertaklar o‘qib, minglab yosh radiotinglovchilarning sevimli sanʼatkoriga, radioenagasiga aylandi. Bolalarning ichki dunyosini chuqur his etgan M.Yoqubova ertaklarni shu darajada chuqur samimiyat va xushchaqchaqlik bilan yoqimli ohangda o‘qir ediki, radiotinglovchilar uning noyob isteʼdodiga qoyil qolardilar. Maryam Yoqubovaning teatr va kino sanʼati ravnaqi yo‘lidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. 1955 yilda unga „O‘zbekiston xalq artisti“ faxriy unvoni berildi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]