Kontent qismiga oʻtish

Koʻptilou Nurmuhamedov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Koʻptilou Nurmuhamedov
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1903-yil
Qoraqalpog'iston
Vafoti 1938-yil
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Millati qoraqalpoq
Kasbi
  • oʻqituvchi
  • davlat va jamoat arbobi

Koʻptilou Nurmuhamedov (1903-yilda tugʻilgan) — qoraqalpoq davlat va jamoat arbobi, maʼrifatparvari hamda ziyoli oʻqituvchisi.

Hayoti va mehnat faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻptilou Nurmuhamedov Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot tuman 7-ovul, Sarikoʻl volostida, dehqon oilasida dunyoga kelgan. Bolalikdan eski usuldagi maktabda va rus-tuzem maktabida tahsil olgan. 1922-yillardan boshlab yoshlar uyushmasiga aralashib yurgan va keyinchalik aʼzo boʻlgan, shuning bilan birga tuman yoshlar uyushmasining kotibi vazifasida faoliyat olib borgan. Xivadagi 3 oylik oʻqituvchilar tayyorlash kursini tugatgach Qoʻngʻirot shahridagi internatda oʻqituvchi boʻlib ishlagan.

Soʻngra 1925—1926-yillar mobaynida Qoʻngʻirot yoshlar uyushmasining kotibi, Qoʻngʻirot maorif boʻlimi mudiri vazifasini ham bajarib kelgan. 1927—1928-yillarda Qoʻngʻirot va Toʻrtkoʻl xalq nazorat komiteti boshligʻi, 1928—1929-yillarda Qoraqalpogʻiston prokurorining oʻrinbosari boʻlib ishlagan. 1932-yilda Qoraqalpoq MIQ raisi lavozimiga saylangan. Shundan soʻng Qoraqalpoq Avtonom Respublikasining tashkilotchilaridan biri boʻlgan.

Koʻptilou Nurmuhamedov QQASSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi Raisi vazifasini ham bajargan. 1934—1937-yillar oraligʻida Qozogʻistondagi Koʻksuv sovxozi va „Chimqoʻrgʻon“ sovxozi direktori oʻrinbosari vazifasini bajargan[1].

Koʻptilou Nurmuhamedov 1937-yil 20-sentyabrda „Alash oʻrda“ aksil inqilobiy uyushmasiga aʼzolikda ayblanib qamoqqa olingan va 1938-yil 13-oktyabrda OʻzSSR Jinoyat kodeksining 64-moddasiga binoan va sobiq SSSR Oliy Sudi Harbiy hay’ati hukmiga koʻra otuvga hukm qilingan.

1957-yil 19-iyulda SSSR Oliy sudining qarori bilan K.Nurmuhamedovga nisbatan qoʻyilgan 1938-yil 13-oktyabrdagi farmon bekor qilingan, unga qoʻyilgan ayblovlar olib tashlangan va u butunlay reabilitatsiya qilingan[2].

Oʻgʻli, Marat Nurmuhamedov (1930—1986) – Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi akademigi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimining birinchi raisi.

  1. Ahmad, Sirojiddin. Qizil mustamlaka: e'lon qilinmagan urush Katta qirg'in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Captal Books, 2022-yil — 635 bet. ISBN 978-9943-5789-3-7. 
  2. „НУРМУХАММЕДОВ Коптлеу“. centrasia.org. Qaraldi: 23-iyul 2024-yil.