Kingston (Yamayka)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

KingstonYamaykaning poytaxti. Yamayka o.ning janubi-sharqida, Karib dengizi sohilida. K. Sent-Andru bilan alohida maʼmuriy birlikni tashkil qiladi. Iqlimi tropik, sernam; yanvarning oʻrtacha temperaturasi 24,3°, iyulniki 27,6°. Yillik yogʻin 700 mm. Kuchli zilzilalar boʻlib turadi. Aholisi 600 ming kishidan ziyod (1990-yillar oʻrtalari).

K. 1693-yilda inglizlar tomonidan bunyod etilgan, keyinroq shahar qul savdosining Vest-Indiyadagi eng katta markazi boʻlgan. 1872-yildan Yamaykaning maʼmuriy markazi. Shahar 1907-yilgi zilziladan deyarli butunlay vayron boʻlgan. 1962-yilda K.da Yamayka mustaqilligi eʼlon qilingan.

K. — mamlakatning savdo-sanoat va madaniyat markazi. Transport yoʻllarining yirik tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Karib dengizi soqilidagi yirik port. Mamlakat import mollarining deyarli hammasi, eksporti (shakarqand, rom, paxta, kofe, banan)ning koʻp qismi K. porti orqali oʻtadi. Sanoati oziq-ovqat, toʻqimachilik, koʻn poyabzal, yogʻochsozlik, metallsozlik korxonalari, neftni qayta ishlash, sement zavodlaridan iborat. K.da Vest-Indiya universitetining fakultetlari, institutlar, Yamaykani oʻrganish instituti (kutubxona, muzey va sanʼat koʻrgazmasidan iborat), sanʼat, tabiiy fanlar va texnologiya kolleji, teatr va boshqa bor. Meʼmoriy yodgorliklaridan Rokfort qalʼasi (17—19-asrlar), San-Tomas sobori (17-asr, 1907-yilda qayta qurilgan) saqlangan. K.da hukumat, chet el kompaniya va banklari idoralari joylashgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil