Kelag‘ayi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Kalagayi, Ozarbayjonda, kvadrat shaklidagi ipak sharf boʻlib, unga milliy kiyim hisoblanib, issiq quyosh va sovuq shamoldan himoya qiladi. Ipak yozda salqin, qishda esa issiq boʻladi.

Kelag‘ayi ipakdan to‘qilgan to‘rtburchak shakldagi milliy Ozarbayjon ro‘molidir. Ozarbayjonning g‘arbiy tomonida kelag‘ayini ba‘zan charkat deb ham atashadi. XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida Ozarbayjonning an‘anaviy kelag‘ayichilik markazlari ba‘zi siyosiy va ijtimoiyiqtisodiy sabablarga ko‘ra, ayniqsa, Rossiyadan kirib kelgan arzon fabrika mollarining mahalliy korxona mahsulotlarini siqib chiqarishi natijasida ularga ehtiyoj pasaydi va kelag‘ayichilik astasekin isteʼmoldan qola boshladi. Endilikda faqatgina ikki markazda — Bosqol va Ganjada yig‘ilmoqda. 2014-yilda kelag‘ayi YUNESKOning nomoddiy-madaniy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.[1][2]

Kirish[tahrir]

Ozarbayjon ipagi tarixi ikki ming yildan ortiq vaqtni tashkil etadi. Arxeologik va etnografik tadqiqotlar buni bevosita va bilvosita tasdiqlaydi. Ikki era bo‘sag‘asida Yevropa ipagiga bo‘lgan Sharq va G‘arbning ehtiyoji hozirgi Ozarbayjon hududidan o‘tuvchi Buyuk Ipak yo‘lining yuzaga kelishiga turtki bo‘ldi. Geografik jihatdan iqlim sharoitlari Ozarbayjonni bir necha asrlar mobaynida dunyo ipakchilik markazlaridan biriga aylantirdi. Bu yerda o‘stirilgan ipak qurti pillasi aʼlo sifati bilan ajralib turadi, natijada ulardan olingan ipak ipi, ipak mato va ulardan tayyorlangan mahsulotlar tillarga tushgan. Ularning shuhrati o‘sha zamonlardayoq Ozarbayjondan ancha uzoqlarga yetib bordi. Bu haqda qadimgi manbalarda maʼlumot beriladi. O‘rta asrlarda yevropalik va sharqlik sayyohlar bu haqida ko‘p va xo‘p yozishgan. Turli davrlarda ozarbayjon shoirlari ipakni insonning eng yaxshi sifatlari bilan qiyoslab sheʼrlar yaratganlar.

Kelag‘ayi ishlab chiqarish jarayoni unsurlari, mehnat qurollari, shu jumladan, eng eski qolip (galib)lar, yog‘ochdan yasalgan to‘qish dastgohi va boshqalar aniqlandi. Bu va boshqa ko‘plab materiallar xususiy kelag‘ayi muzeyini tashkil etish uchun asos bo‘ldi. Ammo, maʼlumki, muzey tashkil etish borasidagi dunyo amaliyotida ipakka juda kam eʼtibor ajratilgan. Bu esa hozirgi zamon muzey anʼanalarini hisobga olgan holda muzey konsepsiyasini ishlab chiqishni talab etdi va u Yevropa taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirildi. Bu jarayonda mashhur Ozarbayjon sanʼatshunosi akademik Rasim Efendiyev va sanʼatshunoslik sohasida falsafa doktori To‘g‘rul Efendiyevlarning ishtiroki katta bo‘ldi.Hozirgi paytda muzey kelag‘ayi tayyorlaydigan ustaxona bilan birga yagona interaktiv makon yaratgan holda Baskal Ipak markazining tarkibiy qismi sifatida faoliyat yuritmoqda. Tomoshabinlar bu makonga kirgach, kelag‘ayi anʼanaviy hunarmandchiligining ishlab chiqarish muhitini his etadilar, Ozarbayjondagi ipak va kelag‘ayi to‘g‘risida tarixiy maʼlumotga ega bo‘ladilar, azaliy ustalar avlodi — kelag‘ayichilar bilan tanisha dilar. Ular kelag‘ayining zamonaviy libosda ishlatili-shining cheksiz imkoniyatlarini, eng asosiysi, ularga o‘zlari uchun qo‘l ostida mavjud turli qolip (galip)lardan foydalangan va yangi kompozitsiya yaratgan holda shunday ro‘mol 6tayyorlash imkoni beriladi. Ozarbayjonda kelag‘ayi ishlab chiqarishga va Baskaldagi „Kelag‘ayi“ Ipak muzeyiga atalgan materiallar ko‘plab jurnallarda uchraydi. Bular orasida:

„Baku“ (Moskva, 2009,2010), „World of Azerbaijan“ (Baku, 2005), „Yol“ (Baku,2007), „novie berega“ (Moskva, 2008), „Passage“ (Baku, 2004, 2010) va boshqa jurnallar bor. Kelag‘ayi haqdagi maʼlumotlar Wikipediada, Indoneziya gazetasi „The Jakarta post“ (2010) esa batik usuli to‘g‘risida va Baskalda olib borilayotgan ishlarni ham qo‘shib keng material bergan. Buning samarasi o‘laroq Ozarbayjon jahonning bu texnikadan asrlar davomida foydalanayotgan 11 mamlakati qatoridan o‘rin oldi.[3][4]

Kelag‘ayi tarixi[tahrir]

Kalagayi, Ozarbayjonda, kvadrat shaklidagi ipak sharf boʻlib, unga milliy kiyim hisoblanib, issiq quyosh va sovuq shamoldan himoya qiladi. Ipak yozda salqin, qishda esa issiq boʻladi.

Kelag‘ayi tarixi asrlarga tutashgan bo‘lib, yillar mobaynida ipakchilik mahsuloti sifatida mashhur bo‘lib kelgan. Uning tarixi Buyuk Ipak yo‘lidagi shimol va janub, sharq va g‘arbni birlashtirib turadigan Ozarbayjon ipakchilik tarixi bilan chambarchas bog‘liq.Tarixiy dalillar Ozarbayjonda ipakchilik bilan ikki ming yil mobaynida shug‘ullanganligini tasdiqlaydi. Qadimgi davrdan beri bu yerda pilla yetishtirib, in gichka va sifatli ipak tolalar olingan. Ulardan ajoyib matolar to‘qilib, chiroyi va nafisligi bo‘yicha tengi yo‘q mahsulotlar tayyorlangan.[4]

Bu haqda maʼlumotlar antik manbalarda ham mavjud. Ozarbayjonga kelgan o‘rta asr sayohatchilari Al-Istaxri va Al-Mukaddasi (X asr), Marko Polo (XIII asr) yo‘l yozuvlarida ipak va undan tikilgan mahsulotlar haqida ayrim maʼlumotlarni yozib qoldirganlar. Ipakshunos olim Evliya Chelebi (XVII asr) ipakni Naxchivan viloyatida ham foydalanilganini taʼkidlagan. Uning yozishicha: „Uzumzor va bog‘lar o‘rnida tutzorlar barpo etilib, mislsiz ipak ishlab chiqarilgan. Faqatgina Shirvon viloyatlaridan biri Maxmudobodning o‘zidagina mingta tuyaga ortiladigan ipak ishlab chiqarilgan“.Turli tarixiy davrlarda va hatto inqirozli yillarda ham Shemaxa ipakchilik markazi bo‘lib qolaverdi.[4]

XIX asrning elliginchi yillarida „Kavkaz“ gazetasi shunday yozgan: „Shemaxa guberniyasidan Moskvaga hamda Rossiyaning boshqa guberniyalariga va hatto xorij mamlakatlariga ham 29 ming pud ipak va ipak mahsulotlari yuborilyapti. Bundan tashqari mahalliy aholi ipak va turli xil ipak matoli kiyimlardan keng foydalanadi“. Rus havaskor rassomi, sanʼat tadqiqotchisi, Imperator Janobi Oliylari saroyi obergofmeysteri, Imperator Sanʼat akademiyasi vitse-prezidenti Shirvan (Shemaxa) da bo‘lib kelgan G.G. Gagarin rasmlari buni yaqqol isbot qilib beradi. A.Sumbatzade bergan maʼlumotga ko‘ra, Shirvonda qadimdan ipakchilik ustaxonalari bo‘lishiga qaramay, ipak yigirish ishi hech qachon sanoat — fabrika, zavodda ishlab chiqarish darajasigacha rivojlanmagan. Ustaxonalar soni 650 taga yetib, ular hunarmandchilik ustaxonasi darajasida bo‘lgan. U yerda to‘qish va ipakka ishlov berish bilan shug‘ullanishgan. Eng ommalashgan mahsulotlardan biri kelag‘ayi bo‘lgan.[4]

Kelag‘ayilar Shirvonning Shemaxa, Baskal, Myudju kabi shahar va qishloqlarida, Baku (Apsheron), Sheki, Gyandj, Qorabog‘, Kuba, Naxchivan (Ordubad) hamda Tabrizda ishlab chiqarilgan. Barda va Gyandj kabi shaharlar esa, o‘rta asrlarda va undan ham ilgari ipak va albatta, kelag‘ayi savdosi markazlari hisoblangan.[4]

Ipakchilik Ozarbayjon etnik madaniyatiga shu qadar uzviy va mustahkam ravishda kirib bordiki, ozarbayjonliklar qayerda yashamasin, ipakchilik bilan muntazam shug‘ullana boshladilar.Ular boshqa mamlakatlarga ko‘chib borishganda ham, pilladan ipak olish, shuningdek, turli xil ipak mahsulotlarini tayyorlash bilan ipakchilik madaniyatini ham olib kirish di. Shu bilan birga ular o‘zlarining etnomadaniy, maishiy va estetik ehtiyojlarini ham qondirish maqsadida mustahkam, yengil va rangdor ipak matolar ishlab chiqarishgan. Ular orasida ayollar bosh ro‘moli hisoblangan kelag‘ayi ipagi alohida o‘rin egallagan.[4]

Ipak kelag‘ayilar ko‘p qo‘llanilgan va turmushda uning o‘rnini hech narsa bosa olmagan. Kichik ustaxonalarda qo‘lda yaratilgan kelag‘ayi o‘zining go‘zalligi va matoning sifati bilan ajralib turgan. Bu bilan oilaning barcha aʼzolari shug‘ullangan va tabiiyki, bo‘yash, naqsh berish sirlarini saqlashgan. Bu borada mohirlikning yuqori cho‘qqilariga erishishganlar. Ozarbayjon ipak mahsulotlari, xususan, individual ijod hosili bo‘lgan betakror kelag‘ayilar XIX — XX asrlarda o‘tkazilgan jahon ko‘rgazmalarida alohida taʼkidlangani bejiz emas. Bugungi kunda ham 100 yil oldin yaratilgan kelag‘ayiga qarab uni kim va qayerda yaratganini aytib berish mumkin. Ustalar orasida kelag‘ayichilarni alohida ajratib, ularga hurmat bilan qarashgan.[4]

2006-yilda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Haydarovich Aliyev Shemaxadagi kichik korxonalar tomonidan ishlab chi qa riladigan mahsulotlar ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. DJ. Tariverdiyev „Inkishof“ NPO, „DJahongir T“ korxonasi, Baskal va Shekidagi Ipak Markazlari vakili sifatida namoyish etilgan kelag‘ayilar haqida so‘zlab berdi va amalga oshirilgan ishlar haqidagi — „Beslesen ipek olar“ kitobini topshirdi. Prezident tomonidan bajarilgan ishlarga nisbatan bergan ijobiy bahosi barchani ruhlantirdi va tadqiqot ishini chuqurlashtirishga hamda kelag‘ayi ishlab chiqarilishini kelgusida rivojlantirishga ko‘maklashdi. 8 yildan so‘ng, kelag‘ayi ramzi, uni yaratish va taqish anʼanalari insoniyatning nomoddiy, madaniy merosi ro‘yxatiga (YUNESKO, Parij, 24-28.10.2014) kiritildi.[4]

Kelag‘ayi nima?[tahrir]

Kalagayi, Ozarbayjonda, kvadrat shaklidagi ipak sharf boʻlib, unga milliy kiyim hisoblanib, issiq quyosh va sovuq shamoldan himoya qiladi. Ipak yozda salqin, qishda esa issiq boʻladi.

Bugungi kunda va azaldan ayollar boshini yoki butun tanasini yopadigan ro‘mol va kiyimlar dunyoda juda ko‘pdir. Ozarbayjonda ham ularning bir necha turi mavjud. Bu — orpek, shal, chorshab, chadra, kelag‘ayidir. Ularni o‘zaro taqqoslab, bizni qiziqtirayotgan kelag‘ayining kerakli va yetarlicha xususiyatlarini aniqlash mumkin va uni boshqa ro‘mollardan ajratish imkonini beradi. Birinchidan bu — mato. Kelag‘ayi tabiiy ipakdan va qadimda „kelag‘ayi ipeyi“ — kelag‘ayi ipagi deb nomlanadigan, 2-3 ipak toladan tashkil topgan, buralgan, bo‘yalmagan yigirilgan ipli muayyan turdan tayyorlanishi kerak. Bu matoning zichligi past — 28-30 sm bo‘lishi kerak. Ikkinchidan bu — shakl: kelag‘ayi to‘rtburchak, yaxlit matodan tikilgan bo‘lishi kerak. Keyingisi bu — o‘lcham: kelag‘ayi katta bo‘lishi kerak, 140-160 sm, u ayol qomatini butunlay yopmasligi kerak. Undan hosil bo‘lgan qismi — „bolme“ — kelag‘ayining ¼ qismi hisoblanadi. Undan so‘ng rangi: yozilmagan anʼanalarga ko‘ra kelag‘ayi butunlay bo‘yaladi yoki maydonini oq rangda qoldirib, faqatgina chekka qismida naqshlari (bordyur) bo‘yaladi. So‘ng naqsh berish: kelag‘ayi naqshlari Ozarbayjonda „basmanaxish“, dunyoda esa „issiq batik“ texnikasi deb nom olgan maʼlum bir texnikada bajarilishi shart.[4]

Naqsh faqat chekkalariga yoki butun kelag‘ayiga chiziladi. Va nihoyat, foydalanish — ijtimoiy vazifalari: kelag‘ayini asrlar davomida ham, kundalik ham bironbir tadbirlarga — to‘y, bola tug‘ilishi, motam, bayram va h.k larda taqishgan. Har bir holatga, uning xarakteri va mazmuniga ko‘ra kelag‘ayini taqish bo‘yicha aniq qoidalari bo‘lgan. Kelag‘ayining rangi va yoki ranglar uyg‘unligi, naqsh turi, kompozitsiya turi, bog‘lanish usuli va uni taqqan ayol yoshi hisobga olingan. Shu bilan birga kelag‘ayi ijtimoiy xilma xillikni tenglashtirgan — boy va kambag‘al ayollar kelag‘ayida birbiridan farqlanmagan. Kelag‘ayining yuqorida ko‘rsatilgan xususiyatlari alohida olganda boshqa ro‘mollarga ham taalluqli. „Orpek“ xuddi kelag‘ayi singari to‘rtburchak bo‘ladi, lekin uning o‘lchami bir xil bo‘lmaydi. Kelag‘ayidan farqli ravishda uni nafaqat butun mato, balki alohida ipak matolardan ham tikish mumkin. „Orpek“ naqshlarida „basmanaxish“ texnikasi hech qachon qo‘llanilmagan, uni odatda („tilme“) oq yoki rangli ipakdan tiki shadi, moddiy imkoniyati bo‘lganda esa, tilla yoki kumush („tekalduz“, „gulebatin“) dan tikiladi, kelag‘ayidan farqli ravishda bu moddiy holatini aniqlash imkonini beradi. Shuningdek, kelag‘ayidan farqli ravishda orpek odatda oralig‘i 2-4 qatorli to‘rli („xane“) ipak „sachag“ (popuk)ga ega. Yana bir ro‘mol „Shal“ — orpekning barcha ko‘rsatilgan xususiyatlariga ega bo‘lishi mumkin, lekin eng asosiysi uni ipakdan emas, balki jun mato yoki boshqa matodan tayyorlashadi. Bu bilan unga „basmanaxish“ naqsh texnikasini qo‘llash imkoni yo‘qoladi, sababi bu texnika juda issiq suvdan — 80 darajagacha foydalanishni talab etadi, buning esa jun mato uchun imkoni yo‘q. Islomda taqilishi diniy ko‘rsatmalardan biri bo‘lgan „charshab“ va „chadri“ uchun turli matolar qo‘llanilishi mumkin, shu jumladan, ipak ham, lekin kelag‘ayi — ipagidan farqli ravishda, qalinroq, misol uchun „qenouz“, Rossiyada o‘rta asr larda kanouz deb maʼlum bo‘lgan yoki „shemaxeyka“ bo‘ladi. Asosiysi — ayol qo‘llari va yuzining bir qismini yopib, unda boshidan oyog‘igacha o‘ranib olishi kerak.[4] Shu sababli bu yopinchiq turiga asosiy talablardan biri shakl hisoblanadi:

— kvadrat emas, to‘g‘ri to‘rtburchak yoki trapetsiya, o‘lchami

— bo‘yiga qarab 160x200 sm va undan kattaroq bo‘ladi. Bu yopinchiqlarning ranglar gammasi cheklangan. Uning rangi qora, oq yoki to‘q ko‘k rangda bo‘ladi.

Kelag‘ayi konsepsiyasi[tahrir]

Kalagayi, Ozarbayjonda, kvadrat shaklidagi ipak sharf boʻlib, unga milliy kiyim hisoblanib, issiq quyosh va sovuq shamoldan himoya qiladi. Ipak yozda salqin, qishda esa issiq boʻladi.

Ushbu konsepsiya predmeti, Ozarbayjondagi ayollar kiyim elementi — kelag‘ayi hisoblanadi. Konsepsiyaning maqsadi, kelag‘ayi ahamiyatini madaniy noyobligi sifatida aniqlash va asoslashdir. Shu maqsadda ham tarixiy plan, ham zamonaviy bosqichda ularni rivojlanish nuqtai nazarida hamda kelajakka bo‘lgan istiqbolda qaraladigan, kelag‘ayi konsepsiyasi predmetining funksional, texnologik, tuzilmali va estetik xususiyatlari aniqlanib ko‘rib chiqilgan.[4] Konsepsiya maqsadiga erishish uchun quyidagi vazifalar qo‘yilgan:

  1. Kelag‘ayini boshqa shunga o‘xshash mahsulotlardan ajratib turadigan xususiyatlarni aniqlash
  2. Kelag‘ayining tarixiy ildizlarini topish
  3. Kelag‘ayi tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqish
  4. Kelag‘ayini belgi va ramzli xususiyatlarini tahlil qilish
  5. Kelag‘ayining rivojlanish istiqbollarini ko‘rib chiqish.

Kelag‘ayi ishlab chiqarish[tahrir]

Kelag‘ayi ishlab chiqarish qiyin, ko‘p mehnat talab etadigan va nihoyatda o‘ziga xos jarayondir. U to‘rtta mutlaqo har xil faoliyat turlaridan tashkil topgan. Birinchisi ipak mato tayyorlash to‘qimachilikdir. Ikkinchisi tamg‘alar (galiblar) tayyorlashdir. Uchinchisi mato yuzasiga naqsh urish, bostirish va nihoyat to‘rtinchisi bo‘yashdir. Bu jarayonlarning har biri o‘z navbatida turli ishlardan tashkil topadi. Misol uchun, to‘qimachilik asos yig‘ish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini nazarda tutadi, va bu bilan anʼanaviy ravishda „terraxi“ shug‘ullangan, so‘ng „toxudju“ shug‘ullanadigan to‘qimachilikning o‘zi keladi. Tamg‘alarni (galiblar) tayyorlash, yog‘och galiblar uchun — yog‘ochning muayyan turini tanlash, unda o‘ymakorlik ishlarini olib borish talab etilgan, metall turlari uchun esa — metallni egish va naqshni aniq aks ettirish mahoratini talab etgan. Ipak yuzasiga naqsh ni bostirish (urish) uchun usta ["galibchi", „tavakesh“] a) maxsus qorishma — „yag“ [zaxira] tayyorlashi kerak; b) uni muayyan haroratda isitishi kerak; v) galibni zaxiraga bo‘ktirish; g) galibni matoga tushirib va bir oz bosishi kerak bo‘ladi. Bo‘yash jarayonning eng muhim qismi hisoblanadi, bunda tamg‘alangan mato bo‘yoqli ["kup"] idishga solinadi, biron muddat ichida ushlab turiladi va ustaning rejasiga ko‘ra bir necha marotaba takrorlanishi mumkin. Bo‘yoq tabiiy bo‘lishi mumkin — bu holda uni qaynatish kerak bo‘ladi, buning uchun esa muayyan bir turdagi daraxt shoxlari yoki po‘stlog‘ini kesib, maydalab va shundan so‘ng biron vaqt davomida qaynatish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari sunʼiy bo‘yoqlar va yoki tabiiy bo‘yoq aralashmasidan ham foydalanish mumkin. Bu masalalar bilan bo‘yoqchi ["boyagchi"] — kelag‘ayi ishlab chiqarish jarayonida markaziy shaxs shug‘ullanadi. Alohida iqtidor egalari o‘z ustaxonalarida yuqorida sanab o‘tilgan barcha vazifalarni o‘zlari bajarishgan. Lekin bu juda kam uchragan holatdir. Bugungi kunda shunday avloddanavlodga o‘tib kelayotgan ustalardan — Baskalda Gadir Shafiyev, Abbasali Talibayev, Nizami Mamedov, Shemaxada — Rafik Askerov, Shekida — Amiraslan va Rashad Shamilovlarni misol qilish mumkin. Azaldan ustaxonada bo‘yash ishlari bajariladigan qismi ["kyupxana"] o‘zgacha, deyarli muqaddas joy hisoblangan. Baskal aholisining aytishicha, ota-bobolari „boyagchi“ xudoga yaqin odam, unga buyuk qobiliyat ato etilgan, u ko‘p sirlarni biladi va hamma narsaga qodir deb hisoblashgan. Shu sababdan odamlar boyagchiga xayr ehson ["nazir"] qilib Xudodan boshiga tushgan muammolarining yechimini so‘rab olish mumkin deb hisoblashgan. Bundan tashqari bo‘yoqlarning, masalan ko‘k, qizil, sarg‘ish, tilla ranglarning shifobaxsh xususiyatlariga ham ishonishgan.Ishlab chiqarishning texnologik xususiyatlari (basmanashix texnikasi) hamda kelag‘ayidan foydalanishning madaniytarixiy xususiyatlarini hisobga olgan holda, ularni yuqoridagi turlarga bo‘lish mumkin.[4]

Kelag‘ayiga naqsh berish xususiyatlari[tahrir]

Kalagayi, Ozarbayjonda, kvadrat shaklidagi ipak sharf boʻlib, unga milliy kiyim hisoblanib, issiq quyosh va sovuq shamoldan himoya qiladi. Ipak yozda salqin, qishda esa issiq boʻladi.

Kelag‘ayining naqshli kompozitsiyalari ko‘p asrlik tarixga ega bezaklardan tashkil topgan. Kompozitsiyalar konsentrik, shuningdek, ro‘molning butun perimetri bo‘ylab hoshiya shakllaydigan — bordyurli bo‘lishi mumkin. Bordyurliligi masalan „agzamin“ yoki „sogani“ bir qarashda oddiy, lekin „basmanaxish“ bo‘yash texnologiyasini hisobga olganda, yaratilishi uchun ko‘p vaqt, o‘ta ehtiyotkorlikni va ko‘p sarf materiali [zaxirani] talab etadi. Konsentrik kompozitsiyalar ["xon chali"] naqshlarga boy va inson dunyoni qanday tushungani va unda o‘z o‘rnini ko‘rganini asrlar mobaynida xalqning dunyoqarashida yig‘ilgan, dunyo qonunlari hususiyatlarini ko‘rsatgan qoidalarga qatʼiy rioya etilgan. Bu kompozitsiyaning naqsh mavzularida o‘simlik va geometrik naqshlar, muayyan belgi va ramzlarining uyg‘unlashuvi, elementlarning muvozanatli moslashuvi mavjud. Bunday kompozitsiya Shirvonda, xususan, Baskalda yaratilgan kelag‘ayini ajratib turadi va shu sababli ular „Baskal“ deb nomlangan. „Shemahi tumani kelag‘ayisiga naqshni butun maydoni bo‘ylab bosiladi, Sheki, Kirovabad hamda Qorabog‘ hududlarida esa ko‘pincha naqshli bordyurli ro‘mollarni yaratishadi“, — deb yozadi N.S.Askerova.Ozarbayjon chiro yiga oshiq bo‘lgan Sattor Baxlulzodaning „Kelag‘ayi bilan natyurmort“ rasimida aynan „Baskal“ kelag‘ayisi aks ettirilgan. Shuningdek, hoshiyali naqshni (bordyur) nisbatan ko‘proq ["pirgalib"] yoki kamroq ["seyrak"] yirik bo‘lmagan element lar bilan to‘lgan maydonli kombinatsiyalari ham bo‘lishi mum kin.Bunday turdagi kelag‘ayi Gyandji, Ordubad uchun xosdir.[4]

Baskalda joylashgan „Kelag‘ayi“ ipak markazida kelag‘ayi ishlab chiqarish bilan bir qatorda tadqiqot ishlari ham olib boriladi, uning negizida „Kelag‘ayi“ interaktiv ipak muzeyi tashkil etilgan. Bu muzey Ozarbayjon va butun sobiq ittifoq mamlakatlarida yagona muzey hisoblanadi.[4]

Aholidan sotib olingan muzey eksponatlari orasidagi eng muhim o‘rinni galib — shakllar egallaydi. Ulardan ayrimlarining yoshi 200 — 300 yildan oshgan.[4]

Kelag‘ayi naqshlari maʼnosi: metafora va o‘xshatishlar[tahrir]

Kalagayi, Ozarbayjonda, kvadrat shaklidagi ipak sharf boʻlib, unga milliy kiyim hisoblanib, issiq quyosh va sovuq shamoldan himoya qiladi. Ipak yozda salqin, qishda esa issiq boʻladi.

Kelag‘ayining har bir elementi va elementlar kompozitsiyasi aniq bir mazmun va muayyan maʼnoga ega. Kelag‘ayining naqshli semantikasi hayotning universal g‘oyalarini aks ettiradi va mahsulot rangi bilan birga insonlarning o‘zaro taʼsir bo‘shlig‘ini emotsional to‘lishini taʼminlaydi. Qolipdagi (galib) naqshlar madaniyat sohasi vakillari osonlik bilan aniqlay oladigan kodlar hisoblanadi.Yuqorida taʼkidlangan xususiyatlar tufayli kelag‘ayi Ozarbayjon jamiyatida ramziy maʼnoga ega bo‘ldi. Bu shunchaki ro‘mol emas, balki ulkan estetik — etik tarkibga ega va jamiyatning har bir aʼzosiga madaniyat normalarida to‘g‘ri harakatlanishiga ko‘maklashadigan madaniyat elementidir. Kelag‘ayi rangi va naqshlari muloqot jarayonida muayyan kayfiyat yaratishga ko‘maklashadi. Masalan, qizil kelag‘ayi jozibador arabeskasi bilan kelinga qaynona va qayni ota tomonidan beriladigan sovg‘alardan biri hisoblanadi va to‘y vaqtida aynan uni kelin taqishi kerak, mehmonlar esa yorqin rangdagi kelag‘ayilarni kuyov yelkasiga tashlashi kerak. Bosh farzandini onasi kelgusi 40 kun davomida belini bog‘lab yuradigan kelag‘ayiga belanishi kerak. Otabobolarimizning aytishicha, bu qomatni saqlab qoladi. Ish, kundalik hayotda, uydan chiqqanda yoki uyda mehmonlarni kutib olganda ayollar boshiga sokin rangdagi kelag‘ayilarni taqishadi — „sogani“, „soldurma“ (piyoz rang, sarg‘ish), qehveyii (qahva rang) va boshqalar. Qora rangdagi oddiy qirrali kelag‘ayi motam kayfiyatini bildiradi, yorqin rangdagi ko‘p naqshli kelag‘ayi esa xursandchilik va zavq kayfiyatini yaratadi. Qadimgi ozarbayjon udumiga ko‘ra, kurashayotgan erkaklar o‘rtasiga kelag‘ayi otgan ayol qon to‘kilishini to‘xtatishi mumkin, qiz esa turmushga chiqishga roziligini, unga turmushga chiqishni taklif qilgan yigitga kelag‘ayisini berib bildiradi.Kelag‘ayida ishlatilgan naqsh va kompozitsiyalar gilamnikidan farqlanadi, lekin o‘zining betakrorligi bilan ham shunday universal xususiyatlarga ega va xuddi o‘sha abadiy mavzularni anglatadi. Bu hayvonlar timsoli — maral, baliq, qush, o‘simlik elementlari uslublashgan va uslublashmagan. Bu bejirim „buta“ ham alanga tili ham tovusning mag‘rur qaddiga quyosh ramzi — yerdagi barcha jonzotlarga hayot bag‘ishlaydigan yashirin yoki aks ettirilgan energiyaga o‘xshaydi. Bu ham „islimi“ — uslublashgan gul, shox va novda elementlarining uyg‘unlashuvini mahsulot chekkalari bo‘ylab o‘tishi — abadiyat va ruhning uzluksizligi ramzidir. Bu „karatash“ — hayot daraxti — rivojlanish, birdamlik va boqiylik ramzidir. Naqsh va ularning kompozitsiyalari maʼnosi galiblarning nomidayoq aks ettirilgan. Ularning barchasi kelag‘ayining ornamental uslubiyatiga kiradi — ayrim hollarda qatʼiy chegaralangan qonunlar bo‘yicha, baʼzida esa ustaning („tavakeshning“) ruhiy va emotsional holatiga ko‘ra. Masalan, konsentrik guruhga taalluqli „Baskal“ naqshli kompozitsiyali kelag‘ayi ustalari tomonidan Dunyo markazidagi koinot rasmi va universal xarakterga ega insoniyat haqidagi tasavvur sifatida talqin qilinadi. Bu tasavvurlarda inson uchun eng yaxshi himoya („sah“, „shaxbuta“) — bu tog‘lar („dik“ xashiye), bu dunyoda jismonan nobud bo‘lib, (kompozitsiyali oraliq naqshdan ajralib — medaxil) hayot boshqa- yuqori, tog‘li — bundan ham rangbarang va hilmaxil olamda davom etadi degan ishonch bor. Ehtimol shuning uchun ham kelag‘ayi ko‘p rangli va ularni yaratish uchun turli xildagi galiblar ishlatiladi. Bu turdagi kelag‘ayi mohirlik cho‘qqisi bo‘lib, „Eddireng“ (yetti rang) kelag‘ayisi hisoblanadi. Bunday kelag‘ayilar naqshga boy va kelag‘ayidagi rasmning har bir naqshi yetti rangdan biriga yoki ularning tusiga bo‘yaladi — qizil, ko‘k, sariq, yashil, oq, pushti va to‘q jigarrang va h.k. Shunisi ajablanarliki, naqshli kelag‘ayida ko‘rsatilgan olam timsoli qadimgi arxeologik madaniyatlarning bronza va sopol buyumlarida aks ettirilgan tasvirlar bilan hamohangdir. Bugungi kunda baskal ustalari o‘z galiblarini ushbu timsollar bo‘yicha nomlashadi. Masalan, kelag‘ayi markaziga naqsh bosiladigan galib „gebek“ (kindik) deb ataladi. Aylananing ¼ qismini aks ettirgan ushbu galib konsentrik kompozitsiyada teng tomonli xochni tashkil etadi va dunyo markazini eslatadi, uning atrofidagi aylana yoki to‘rtburchak esa koinotni anglatadi. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, muayyan arxeologik madaniyatlarda "Aylana yoki to‘rtburchak ichidagi xochsimon belgi, …. Dunyo markazi haqida yoki „kosmik kindik“ shamanistik tasavvurni aks ettiradi".Aniq qoidalariga ega bo‘lgan kelag‘ayi taxlash jarayoni chuqur maʼnoga ega, birinchi 3 bukilishi uzunasi bo‘ylab qilinishi kerak, so‘ng yana 3 bukilish tomoni 18-20 sm.lik to‘rtburchak hosil qilishi kerak. Buning maʼnosi avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan usta kelag‘ayichilar bilan ko‘pgina suhbatlar natijasida ayon bo‘ldi. Ularning aytishicha, tabiat qonunlari o‘zgarmaydi, kelag‘ayi esa uning tasviri, tabiat javobidir. Xuddi tabiat kabi hayot ham sirsinoat, tirik jonzot, hursandchilik, ozodlik, sevgi, g‘amga to‘la, kelag‘ayi ham sehrli ipakni yaratilishidan tortib uni tayyorlashda turli xil sirlarni o‘zida mujassam etgan. Tabiatda ikkita o‘zaro bog‘liq bo‘lgan boshlanish — hayot va o‘lim, yaxshilik va yomonlik, haqiqat va yolg‘on. Bu inson uchun tayyorlangan. Kelag‘ayi-ning birinchi uch bukilishi shuni aks ettiradi. Keyin uch bukilishi esa insonning o‘z tanlovini bildiradi — sevgi yoki nafrat, kuch yoki zaiflik, aql yoki ahmoqlik. Ota-bobolari ham usta kelag‘ayichi bo‘lgan ustalarning bunday fikrlari xalqning yig‘ilgan ko‘p asr lik tajribasini aks ettiradi. Va buni yetuk Yevropa ruhshunosi E.Frommning XX asrning boshlarida aytib o‘tgan insonning ekzistensial va tarixiy dixotomiyalari haqidagi g‘oya lariga o‘xshashligi ajablantirmaydi. Sababi bu fikrlar universaldir. „Agar u (inson) haqiqat yuziga vahimasiz qarasa, hayotda o‘z kuchini namoyon qilib, mazmunli yashab, insonning o‘zi bag‘ishlagan mazmundan boshqa maz mun yo‘qligini tushunadi… Faqatgina agar u dixotomiya uning mavjudligiga xos inson holatini va o‘z kuchini namoyish qilish isteʼdodini anglasagina u o‘z muammosini muvaffaqiyatli yecha oladi: o‘zligicha qolish, uning qobiliyatini tashkil etgan — ong, sevgi va samarali mehnat qobiliyatini to‘liq amalga oshirish yo‘li orqali baxtga erishish“ deb yozadi E.Fromm. Kelag‘ayining naqshli uslibiyati aynan shuni yetkazadi.[4]

Kelag‘ayining rivojlanish istiqbollari[tahrir]

2011-yilda „Inkishof“ ilmiy markazi Baskal, Sheki va Ba-kudagi mahalliy jamiyatlar ishtirokida kelag‘ayini YUNESKO-ning insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga taqdim qilish uchun material (J. Tariverdiyev) tayyorladi. Material kelag‘ayi haqida maʼlumotni dunyoning turli mamlakatlariga targ‘ib qilish va tarqatish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘ygan Madaniyat va turizm Vazirligiga berildi. Tashqi ishlar vazirligi hamda YUNESKOning Milliy Qo‘mitasi bu borada katta yordam ko‘rsatishdi. Bularning barchasi Ozarbayjon Respublikasining madaniyat sohasida davlat siyosatini amalga oshirish hamda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Haydar Aliyev, Fondi prezidenti — Mehribon Aliyevaning Ozarbayjonda madaniy merosni saqlab qolishga qaratilgan shaxsiy sayi harakatlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan edi. 2014-yil 26-noyabrda, kelag‘ayi YUNESKOning Reprezentativ ro‘yxatiga „Kelag‘ayi anʼanaviy sanʼati va ramzi, ayollarning bosh ro‘mollarini yaratish va taqish“ sifatida kiritilganida, kelag‘ayining madaniy fenomenini saqlab qolishga qaratilgan urinish va chora tadbirlarning samaradorligini tasdiqladi.[4]

2013-yilda London universitetidagi „Ozarbayjonda Batik“ taqdimotida kelag‘ayiga, uning tarixi va yaratilish usuliga katta joy ajratilgan. 2014-yilning 1-dekabirida Sofiya (Bolgariyada) Ozarbayjonning Bolgariyadagi elchixonasi, Sofiya shahar hokimiyati hamda Madaniyat Instituti va Bolgariyaning tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan kelag‘ayining interaktiv taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar kelag‘ayi haqida maʼlumot olishdi, xujjatli kliplar ko‘rib, qadimgi galiblar yordamida oq va rangli ipakka rezerv yordamida o‘zlari naqsh bosdilar. 2016 yilning may oyida shunday aksiya Toshkentdagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazida o‘tkazildi. 2014-yilning 18-dekabirida Bokudagi Gilam muzeyida, kelag‘ayini YUNESKOning Reprezentatsiya ro‘yxatiga kiritilganidan so‘ng birinchi „Kelag‘ayim — menim elvan orpeyin“ (Kelag‘ayi — mening rangli ro‘molim) nomli ko‘rgazmasi ochildi.[4]

Ozarbayjonda ipakchilik[tahrir]

Kalagayi, Ozarbayjonda, kvadrat shaklidagi ipak sharf boʻlib, unga milliy kiyim hisoblanib, issiq quyosh va sovuq shamoldan himoya qiladi. Ipak yozda salqin, qishda esa issiq boʻladi.

Asrlar davomida Ozarbayjon Buyuk ipak yo‘lidagi shimol va janub, g‘arb va sharq o‘rtasidagi bog‘lovchi vazifasini o‘ynagan ipakchilik mamlakati sifatida tanilgan. Bu haqda antik manbalarda, Ozarbayjonga kelgan O‘rta asr sayyohlarining yo‘l xotiralarida maʼlumotlar uchraydi, ipak haqidagi dastlabki maʼlumot va baʼzi bir ipak topilmalar eramizdan avvalgi davrlarga taalluqli. Ipakchilik Ozarbayjonning etnik madaniyatiga shunchalik uyg‘un va mustahkam o‘rnashganki, ular hatto qo‘shni mamlakatlarga ko‘chib borganda ham, odatda, u yerga ipak madaniyatini olib borib, ipakchilik bilan shug‘ullanishni boshlar edi. Bir vaqtning o‘zida ular o‘zlari-ning milliy madaniyatiga oid maishiy va estetik ehtiyojlarini qondirganlar, yaʼni pishiq, yengil va rangorang ipak matolar — ganovuz, darai, mov, jejim, turli xil maqsadlarda ishlatilgan ipak kelag‘ayi ishlab chiqarganlar.[4]

XIX asrning birinchi yarmidagi xalqaro savdoda ozarbayjon ipagining o‘rni to‘g‘risida[tahrir]

Ipakchilik Ozarbayjon xalq xo‘jaligining qadimiy sohalaridan hisoblanadi. Taxmin qilinishicha, Buyuk ipak yo‘lining sarchashmalarida joylashgan Ozarbayjonga ipak pillasi Xitoydan keltirilgan. Buyuk ipak yo‘li — er. av. II asrdan XV-asr-gacha G‘arbiy Yevropadan Xitoyga qadar bo‘lgan Yevrosiyo mamlakatlarini birlashtirgan karvon savdo yo‘li bo‘lgan.[4]

Ozarbayjonda ipak qurti boqish orqali tabiiy ipak olishning boshi V — VII asrlarga borib taqaladi. Shu davrdan boshlab Ozarbayjon ipa-gi butun dunyoda eʼtibor qozonib, XIX asrgacha Janubiy Kavkazdan jahon bozoriga eksport qilinadigan asosiy mahsulot bo‘lib kelgan. V — IX asrlarda Ozarbayjonning Barda shahri jahon ipak savdosining markazi bo‘lgan, X asrda bu markaz Ganjaga ko‘chadi, undan keyin esa ipakchilikning markazlari bo‘lib Shemaxa, Sheki va Qorabog‘ viloyatlari hisoblangan.[4]

Manbalarda XIX asrda Rossiyaning tashqi savdosida Ozarbayjonda ishlab chiqarilgan ipak mahsulotlari asosiy o‘rinni egallar edi. Manbalarda keltirilishicha, Ozarbayjonda bo‘lgan sayyohlar bu yerning ipak ishlab chiqarilishi va ipak xomashyosining boyligi va xilmaxilligini taʼkidlaganlari xabar qilinadi. Ozarbayjonning har bir viloyati o‘z mahsulotining o‘ziga xos xususiyati bilan ajralib turar edi. Shemaxa (Shirvon) o‘zining harir va chiroyli rasmlarga ega „kelag‘ayi“ (ipak ro‘mol) va sharflari bilan shuhrat qozongan, Qorabog‘ o‘zining chiroyli tasvirlarga ega shoyi gilamlari bilan, Ganja ipak ro‘mollar va yopinchiqlari bilan, Sheki rango-rang ipak matolari, yostiq jildlari va kashta bilan bezalgan boshqa mahsulotlari bilan mashhur edi. Rossiyada Ozarbayjonning ipak xomashyosiga ehtiyoj oshib borishi bilan bir qatorda atlas, ximka, parcha kabi ipak matolarga ham qiziqish ortib, yuqori baholangan.[4]

Ozarbayjon ipagi 1879-yilda Amerikaning Filadelfiya shahrida o‘tkazilgan Butunjahon ko‘rgazmasida kumush medal bilan taqdirlangan. Shu ko‘rgazmada ishtirok etgan"Kavkaz" gazetasi muxbiri: „Ozarbayjon ipagini ko‘rgan barcha amerikaliklar unga mahliyo bo‘lib, bunday mahsulot ishlab chiqargan mamlakat so‘zsiz ajoyib bo‘lishi kerak, deb taxmin qildilar“, — deb yozgan edi. Aynan shu davrda Ozarbayjonga kelgan turli toifadagi ishbilarmon kishilar Shemaxa-ning o‘zlariga anchadan buyon tanish bo‘lgan „Talaman ipagi“ navi to‘g‘risida ko‘p yozar va zavqlanar edilar.[4]

Aʼlo darajali Ozarbayjon ipagi Moskva, Lodz, Varshava, Milan, Marsel, Lion va boshqa shaharlarga muvaffaqiyat bilan eksport qilingan.

Ozarbayjonning jahon bozoriga barcha transport yo‘llari orqali chiqishi 90yillar boshida mustaqillikka ega bo‘lgandan so‘ng muhim ahamiyat kasb etdi. Shubhasiz, ipakchilik oxirgi yillarda yuzaga kelgan vaziyatdan chiqadi va nafaqat Ozarbayjon ipagining avvalgi shuhratini tiklaydi, balki uni yangi cho‘qqilarga olib chiqadi. Ozarbayjon ipagi tarixi ikki ming yildan ortiq vaqtni tashkil etadi.[4]

Kalagayi, Ozarbayjonda, kvadrat shaklidagi ipak sharf boʻlib, unga milliy kiyim hisoblanib, issiq quyosh va sovuq shamoldan himoya qiladi. Ipak yozda salqin, qishda esa issiq boʻladi.

Ozarbayjon Respublikasi shimoli-g‘arbidagi kelag‘ayi ustalarining tarixiy shahri Baskalda ham 2000-yilda ishlab chiqarish to‘xtab qoldi. Aynan shu davrda mamlakat Prezidenti buyuk Geydar Aliyev yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda, kichik korxonalar yordamida ipakchilik sohasini rivojlantirish zarurligini taʼkidladi. „Inkishof“ ilmiy markazi bu fikrni asos sifatida qabul qilib, UNDPning „Taraqqiyotda gender masalasi“ loyihasi doirasida ilgari surilgan ipak ishlab chiqarishni qayta tiklash va kelag‘ayi tayyorlashni boshlash taklifiga javob berdi.Bu bir tarafdan kasanachilikni rivojlantirish, ish bilan bandlikni o‘stirish va aholi daromadini oshirishga (jahon tajribasi bunga misol) yordam bersa, boshqa tarafdan esa, kelag‘ayi tayyorlashdek qadimgi madaniy anʼanani tiklash va rivojlantirishning qisqa yo‘li bo‘lar edi. Buni 2002 — 2003-yillarda Yaponiyaning Ozarbayjondagi elchixonasi, Ismailli va Sheki tumanlari Ijroiya hokimiyati yordami va xususiy zaxiralarni („JT“ firmasi) jalb etgan holda amalga oshirish mumkin bo‘ldi. Yevroosiyo jamg‘armasi kelag‘ayi axborot kompaniyasini qo‘lladi va natijada „Kelag‘ayi“ katalogi va videoklipi chiqarildi, Ozarbayjon tarixida birinchi marta kelag‘ayi ko‘rgazmasi tashkil etildi. Bu ko‘rgazmada namoyish etilgan kelag‘ayi ro‘mollari Shekidagi kichik korxonada to‘qilgan bo‘lib, Baskal Ipak markazida naqshlandi va bo‘yaldi. Ularda qadimgi naqshlar tiklanishi bilan birga zamonaviy (hozirgi Ozarbayjon rassomlari taklif etgan) tasvirlar ham o‘rin ola boshladi.Bu voqeadan so‘ng kishida shaksiz havas va hayrat uyg‘otuvchi kelag‘ayilar nafaqat Ozarbayjondagi, balki undan tash qaridagi qator ko‘rgazmalarda (Turkiya, Gruziya, Vengriya, Avstriya, Italiya, AQSh (BMT), Belgiya, Malayziya) na-moyish etilib, gilamlar bilan bir qatorda Ozarbayjon amaliy sanʼatining uzviy bo‘lagini tashkil etdi.Shunday qilib, hozirga kelib, Ozarbayjon xalqining yo‘qo-lish arafasida turgan eng qadimgi badiiy hunarmandchiligiga katta eʼtibor berish natijasida kelag‘ayi ishlab chiqarish kengaydi va kelag‘ayi taqish shakllari ko‘paydi.[4]

Ozarbayjonda ipak mahsulotlarniishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgantushunchalar tezaurusi[tahrir]

Basmanaxish — ipak matoga naqshlar bosish texnikasi. Issiq batik texnikasiga oʻxshash.

Bafta — tilla ip va bezaklar bilan tikilgan keng ipak tasma.

Boyagchi -ipak mahsulotlarni boʻyash sirlarini bilgan boʻyoqchi — usta. Kelagai yaratishda markaziy shaxs.

Galib — ipak matoga naqsh bosish uchun ishlatiladigan qolip.

Galibkesen — galib kesuvchisi.

Galibchi — ipak matoga galiblar yordamida naqsh bosadigan usta.

Ganovuz — ip rangidan kelib chiqib turli tusga ega boʻlgan mato. Har hil rangda va monoxrom boʻlgan. Ham ayollar ham erkaklar kiyimi uchun qoʻllanilgan.

Gatran — mum (parafin) va oʻsimlik ingredientlardan tashkil topgan zaxira eritma.

Grena — ipak qurti tuxumi.

Gurama — parchalardan tikish.

Gyulbatin — tilla yoki kumush ipli kashta.

Gyalyamkar, yoki basma gyalyamkar — basmanaxish texnikasi hamda rasmdan (moʻyqalam yoki trafaret) foydalanilgan birlashtirilgan texnika. Gyalyamkar mahsulot perimetri boʻylab yupqa moʻyqalamga ega.

Darai — mato shaffof emas, elastik va qalin. Ayollar tomonidan ustki kiyim yoki boxcha uchun foydalanilgan. Bugungi kunda ishlab chiqarilmaydi.

Djedjim — jun, paxta va ipakdan toʻqilgan mato. Ipak djedjim turli rang va oʻlchamdagi tasmalardan tashkil topgan. Tuksiz sharqona gilamni eslatgan, lekin undan tarkibi bilan farqlangan va xurjun sifatida koʻp ishlatilgan.

Diba — yuza qismi relyefli mato, ajoyib kompozitsiyalar yaratgan. Ingichka tilla ip, marvaridlar bilan tikilishi mumkin boʻlgan. Bugungi kunda ishlab chiqarilmaydi.

Kelagai — Ozarbayjonda koʻp asrlar mobaynida keng tarqalgan ayollar kiyimining qismi — aniq bir oʻlcham, shaklga ega, basmanaxish texnikasida boʻyalgan va naqsh solingan ipak bosh roʻmoli. Kelagai turli xil ijtimoiy funksiyalarga ega.

Kyup — boʻyoqli idish.

Mirvarili tikme — marvaridli kashta.

Mov — turli rangdagi keng tasmalardan tashkil topgan yupqa, tekis mato. Rombsimon naqshli movdan kiyim, adyolning ustki qoplami va h.k. uchun foydalanishgan. Bugungi kunda ishlab chiqarilmaydi.

Mundjuglu tikme — munchoqli kashta.

Tavakesh — Galibchini qarang.

Tarrax — toʻqimachilik qoʻl dastgohidagi iplarni oʻrnatadigan asoslar (utga qarama — qarshi).

Tekelduz — ipakli ipdan tikilgan badiiy kashta.

Xashie — bordyur. Mahsulot perimetri boʻylab qoʻyiladi.

Charshab — huddi chodra kabi islomning diniy qoidalarining bir qismi hisoblanadi. Ayol unda boshidan toʻpigʻicha oʻranib unda qoʻli va yuzining bir qismini ham yopishi kerak. Bu yopinchiqlar uchun turli xildagi mato, shu jumladan ipak ham ishlatilgan.

Yag — bu Gatran.

Fotosuratlar[tahrir]

Xorijiy oʻtishlar[tahrir]

Manbalar[tahrir]

  1. "Certificate confirming Kalagayi art as UNESCO's heritage presented to Azerbaijani First Lady" (english) (website). 05/18/2015. https://report.az/en/cultural-policy/certificate-confirming-kalagayi-art-as-unesco-heritage-presented-to-azerbaijani-first-lady/. 
  2. Jafarova, Aynur (12/12/2013). Kelagayi: a unique silk headscarf of beautiful Azerbaijani women. www.azernews.az (english).
  3. Sadraddinli, Samra. THE PHILOSOPHY OF KALAGAYI. www.chai-khana.org (english).
  4. 4,00 4,01 4,02 4,03 4,04 4,05 4,06 4,07 4,08 4,09 4,10 4,11 4,12 4,13 4,14 4,15 4,16 4,17 4,18 4,19 4,20 4,21 4,22 4,23 4,24 Abbasov, Samir (2017). Kelag‘ayi (in uzbek). Tashkent: MASHHUR-PRESS. ISBN 978-9943-4933-0-83.