Kontent qismiga oʻtish

Kechikkan hayot

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Kechikkan hayot
Rejissyor(lar) Ayub Shahobiddinov
Ssenariynavis(lar) Yolqin Toʻychieyev
Rollarda
Bastakor(lar) Ubaydullo Karimov
Kinematografiya Azizbek Arzikulov
Muharrir(lar) Husan Yusupov
Chiqarilgan sanasi 2011
Davomiyligi 85 daqiqa
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Til oʻzbekcha

Kechikkan hayot — rejissyor Ayub Shahobiddinovning 2010-yilda suratga olgan psixologik drama janridagi filmi[1][2][3]. Mazkur fil'm bir nechta xalqaro festivallar va kino taqdimotlarda namoyish etilgan, xususan 2012-yilda Rossiyaning Omsk shahrida boʻlib oʻtgan „Золотой витязь“ xalqaro festivalida birdaniga ikkita, „Eng yaxshi aktyor“ (Bobur Yoʻldoshev) nominatsiyasi boʻyicha hamda festivalning „Бронзовый витязь“ sovrini bilan taqdirlangan[4][5]. Bundan tashqari fil'm Hindistonda anʼanaviy ravishda tashkil etiladigan „Doʻstlik“ kinofestivalining beshinchi anjumanida ham namoyish etilgan[6][7] va kinotanqidchilar tomonidan ijobiy baholangan[8][9].

Filmning asosiy voqealari Hamlet-qassobning g'oyibona tarzda yo'qolgan pichog'i atrofida chambarchas bog'langan holda rivojlanadi. Film uchta qahramonning alohida-alohida hayot yo‘llari bilan boshlanib, syujetlar bir-biriga ulanib ketadi.[10]

1-syujet (Erkin). Toshkent viloyatidagi "Tovoqsoy" koloniyasidan Erkin ismli 23 yashar yigit jazo muddatini o'tab ozodlikka chiqariladi. Cho'ntagida puli yo'qligi uchun u darhol Toshkentga yetib bora olmaydi, va turma yaqinidagi qishloq choyxonasida bir kecha tunab qoladi. Ertalab qishloqning kattalari uni uyg'otishadi. Nosir amaki ismli mahalla oqsoqoli Erkinning shaharga yetib olishi uchun unga 100 ming so'm beradi. Erkin bu holatdan xursand bo'lib, pul topsa albatta qarzini uzishga va'da berib ketadi.

Erkin shahardagi o'zining bolaligi o'tgan uyga keladi va uyning sotib yuborilganini biladi. So'ngra u ammasining kvartirasiga boradi va undan dadasining vafot etganini, akasi esa uyni sotib, Rossiyaga ketib qolganini bilib oladi. Ammasining uyidan chiqib, amakisi shifokor bo'lib ishlaydigan kasalxonaga boradi. Amakisi bilan birga otasining mozorboshisiga ziyoratga chiqadi. Amakisi (huddi ammasi kabi) Erkinni "harbiy kapitan" bo'lib ishlab yuribdi, deb o'ylaydi. Chunki, Erkinning akasi shunaqa yolg'on ma'lumot tarqatgan edi. Erkin qamoqda o'tirib chiqqanini amakisiga aytmaydi. Amakisi Erkinga uning uyida tunab qolishni taklif qiladi. Yarim kechasi Erkin o'z iztiroblari ta'sirida (otasi vafot etgan, akasi uyni sotib, xorijga qochgan) amakisining uyidan yashirincha chiqib ketadi va avtobus bekatida yotib qoladi.

2-syujet (Shahodat). 30 yoshga chiqqan, xususiy nashriyotiga ega bo‘lgan Shahodat o'zining keng, shinam kvartirasida yolg'iz yashaydi, stress payti tamaki chekib, kofe ichishni xush koʻradi.. Uning ota-onasi vafot etgan, turmush qurishga xohishi yo'q, onda-sonda Barno xolasi undan xabar olib turadi. Barno xola ham turmush qurmagan, umrini biznesga bag'ishlagan, lekin jiyani Shahodat ham shunday hayot kechirishini istamaydi va unga kuyov qidiradi. Shahodatning yaqin dugonasi ham uning turmush qurishini xohlaydi. Barno xola uzoq qarindoshi orqali nihoyat jiyaniga Hamlet ismli, qishloqda qassoblik qiluvchi, qo'polroq xarakterga ega, yoshi 32 ga kirgan kuyovni topadi. Shahodat, xolasining qistovi bilan to'yga rozi bo'ladi.[11]

3-syujet (Hamlet). So'qoq qishlogʻida oyisi bilan yashaydigan 32 yoshli Hamlet yomg'irli tunda qishloq militsioneriga pichog'i yo'qolganligi to‘g’risida ariza beradi. Militsiya xodimi bu ishni jiddiy qabul qilmaydi, lekin Hamletning qat'iy talabi bilan "sayyor sud" uyushtirishga kirishadi. "Sud" Hamletning hovlisida bo'lib o'tadi, Hamletning barcha ulfatlari o'sha kuni sodir bo'lgan barcha voqealarni aytib berishadi. Tergov jarayonida Hamlet o'sha pichoq yo'qolgan tunda mast holda to'ydan chiqib, Odil akaning (Halimaning dadasi) uyiga kirib o'tib, nos sotib olgani, Halima esa (Hamletning yoshlikdagi sevgilisi) o'sha kuni eri bilan janjallashib, dadasi Odil akaning uyiga qaytib kelib o'tirgani oydinlashadi. Bu orada Hamletning oyisi o'g'liga kelin topilganini ma'lum qiladi.

Umumiy syujet. Hamlet va Shahodat turmush qurishadi. Hamlet kelinni xushlamaydi va alohida xonada uxlaydi. Shahodat erini to'pori, savodsiz deb tasavvur qiladi, lekin og'ilxonada sandiqda berkitib qo'yilgan noyob kitoblarni ko'rib, eri haqida fikri yaxshi tomonga o'zgaradi. Hamletga esa xotinining yashirincha tamaki chekishi, o'choqboshida tuzukroq ovqat qila olmasligi yoqmaydi.

Yomg'irli tunda Hamlet va Shahodat qo'rada qolib ketgan qo'zichoqlarni og'ilxonaga ko'chirib o'tkazishadi. Oʻsha jarayondan so'ng er-xotin orasida bir-biriga mehr, yaqinlik paydo bo'ladi. Hamlet yo'qolgan pichog'ini topishdan umidini uzadi.

Ertasi kuni, nonushtadan so'ng Hamlet qo'shnisi Odil akani yo'qlab uni uyiga keladi. Odil akaning eridan qaytib kelgan qizi, Hamletning yoshlikdagi sevgilisi Halima u bilan quyuq salomlashadi va yo'qotgan pichog'ini (aslida u pichoqni 15 yil oldin aynan Halima sovg'a qilgan edi) unga eslatadi. Bu suhbatdan qattiq ta'sirlangan Hamlet jonholatda uyiga keladi va Shahodatni uyidan haydaydi. Shahodat Toshkentdagi kvartirasiga yetib kelganida uyda kimdir yashab yurgani ma'lum bo'ladi. Bu Erkin edi. Shahodat darhol militsiya chaqirishga kirishadi, lekin oxirgi lahzada fikridan qaytadi. Shahodat Erkin yozgan "Kechikkan hayot" nomli hikoyani ko'zdan kechirib chiqadi (film nomi shu hikoya nomidan olingan) va unga dastlab past baho beradi, lekin bir zumda bu hikoya uning turmushiga o'xshab ketishini tushunib yetadi (yigit qizni sevadi, lekin qizni majburlab boshqaga erga berishadi - bu Hamletning sevgilisi Halima haqida edi). Shahodat darhol erining qishlogʻiga qaytib ketadi, Erkin kvartirada qoladi.

Shahodat qishloq militsioneri Sanjar Tojiyev oldiga kelib, undan eri yo'qotgan pichoqni unga kim sovg'a qilganini so'raydi. Sanjar darrov javob bermaydi va ko'chadagi pista sotuvchi kishining oldiga borib keladi (bu kishi Odil aka - Halimaning dadasi edi). Sanjar xonasiga qaytib kelib, bu pichoqni Hamletga 15 yil oldin Odil akaning qizi Halima sovg'a qilganini aytadi. Shahodat eri yo'qotgan pichoq hozir kimda ekanligini darhol tushunib yetadi va xonadan tezda chiqib ketadi. Qishloq bulog'i yonida Shahodat Halimaning kelishini poylaydi. Halima chelak ko'tarib keladi, u Shahodatni tanimagani uchun uni gapga solmoqchi bo'ladi. Shahodat birdaniga, tomdan tarasha tushganday Halimadan eri yo'qotgan pichoqni qaytarib berishini talab qiladi. Bunaqa talab Halima uchun kutilmagan holat edi, u darrov bu notanish qizning kimligini fahmlab yetadi. Halima, yoqar-yoqmas, pichoqni keltirib Shahodatga beradi va Hamletning 15 yil oldingi qasami haqida gapirib beradi.

Shahodat qishloqdan pichoq bilan Toshkentga qaytadi. Bu orada Erkin o'z nomidan hikoyalar nashr ettiradi, unga Shahodat yordam beradi. Shahodat tibbiy ko'rikdan o'tadi va u eridan homilador ekani ma'lum bo'ladi. Hamlet yo'qolgan pichoq xotinida ekanidan xabar topib Toshkentga, Shahodatning kvartirasiga keladi, Shahodat eri bilan qishloqqa qaytishdan bosh tortadi, Hamlet esa pichoqni olmay, yolg'iz o'zi uyga qaytadi.

Bu orada Erkin qurilish mahsulotlari tsexida mehnat qiladi, u nashr etilgan hikoyasi (Kechikkan hayot) uchun gonorar (qalam haqi) oladi. Erkin qarzini qaytarish uchun Nosir amakining uyini topib keladi. Nosir amaki vafot etganini uning nevarasidan bilib oladi, Erkin 100 ming so'mni o'sha yigitga beradi. Erkin Nosir amakining mozoriga borib, uning ruhi uchun tilovat qiladi, yig'laydi va kechikkani uchun afsuslanadi.

Biroz vaqt o'tgach, homilasi kattalashgan Shahodat eri Hamletning uyiga keladi va egizaklar kutayotganini eriga aytadi. Hamlet bu paytda sandiqdagi eski kitoblarini changdan tozalayotgan edi, u kechikkan bo'lsa ham bu xabardan xursandligini aytadi. Film soʻnggida er-xotinlar Shahodatning Toshkentdagi kvartirasida baxtli yashayotganliklari ma'lum bo'ladi. Film oshxonada turgan o'sha "qadrdon" pichoq sahnasi bilan tugaydi.

Filmda yangragan taronalar: Shahodat dugonasi bilan o'z kvartirasida gaplashib o'tirishgan sahnasida magnitofondan quyidagi taronalar ijro etilgan:[12]

Shahzoda va DJ Smash - Между небом и землёй (club mix) (2010)

Enrique Iglesias - Say it (2003)

[13][14][15]

  • Dilnoza Kubayeva — Shahodat[16]
  • Bobur Yoʻldoshev — Hamlet Turg'unov (Fahriddin Shamsimatov ovoz bergan)
  • Doniyor Hafizov — Erkin
  • Karim Mirhodiyev — Erkinning amakisi
  • Zulxumor Moʻminova — Erkinning ammasi
  • Gulbahor Rahimova - Barnoxon (Shahodatning xolasi)
  • Malika Usmonova - Shahodatning dugonasi (ismi nomaʼlum)
  • Rixsi Ibrohimova — Hamletning onasi
  • Poʻlat Saidqosimov — Nosir amaki
  • Djamilya Gʻofurova - Halima (Lola Eltoyeva ovoz bergan)
  • Akbarxo'ja Rasulov - Sanjar Tojiyev (qishloq militsioneri)
  • Farhod Xudoyberdiyev - qishloq turg'uni
  • Rustam Ahmedov - Husan (Hamletning ulfati)
  • Gulhumor Abdullayeva - epizod
Yil Nominatsiyasi Festival nomi Mamlakat
2012 Eng yaxshi erkak roli Zolotoy vityaz Rossiya
2012 Bronzoviy vityaz Zolotoy vityaz Rossiya
  1. https://www.afisha.ru/movie/207670/
  2. https://www.imdb.com/title/tt3080224
  3. https://www.kinopoisk.ru/film/664058/
  4. https://www.proficinema.ru/mainnews/festival/detail.php?ID=125266#:~:text=%D0%94%D0%B8%D0%BF%D0%BB%D0%BE%D0%BC%20%C2%AB%D0%97%D0%B0%20%D0%BB%D1%83%D1%87%D1%88%D1%83%D1%8E%20%D0%BC%D1%83%D0%B6%D1%81%D0%BA%D1%83%D1%8E%20%D1%80%D0%BE%D0%BB%D1%8C%C2%BB%20%D0%91%D0%B0%D0%B4%D1%83%D1%80%D1%83%20%D0%AE%D0%BB%D0%B4%D0%B0%D1%88%D0%B5%D0%B2%D1%83%20%D1%84%D0%B8%D0%BB%D1%8C%D0%BC%20%C2%AB%D0%9F%D0%BE%D0%B7%D0%B4%D0%BD%D1%8F%D1%8F%20%D0%B6%D0%B8%D0%B7%D0%BD%D1%8C%C2%BB%2C%20%D1%80%D0%B5%D0%B6.%20%D0%90%D1%8E%D0%B1%20%D0%A8%D0%B0%D1%85%D0%B0%D0%B1%D0%B8%D0%B4%D0%B4%D0%B8%D0%BD%D0%BE%D0%B2%2C%20%D0%A3%D0%B7%D0%B1%D0%B5%D0%BA%D0%B8%D1%81%D1%82%D0%B0%D0%BD
  5. https://www.ozodlik.org/a/24718563.html#:~:text=lola%E2%80%9D%20%E2%80%9CKo%E2%80%98rgilik%E2%80%9D%20%E2%80%9CO%E2%80%98tov%E2%80%9D%20%E2%80%9C-,Kechikkan%20hayot,-%E2%80%9D%20fil%D1%8Cmlarini%20suratga%20olgan
  6. „arxiv nusxasi“. 17-fevral 2022-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 17-fevral 2022-yil.
  7. „Late life screening“.
  8. %2Dyildagi%20%22Kechikkan%20hayot%22%20va%202007%2Dyilgi%20%22O%27tov%22%20filmlari%20ham%20kino%20tanqidchilari%20tomonidan%20yuqori%20baholangan. https://www.amerikaovozi.com/a/parizod-ayub-shaboddinov-interview/2977617.html#:~:text=2010 %2Dyildagi%20%22Kechikkan%20hayot%22%20va%202007%2Dyilgi%20%22O%27tov%22%20filmlari%20ham%20kino%20tanqidchilari%20tomonidan%20yuqori%20baholangan.
  9. arxiv nusxasi, 17-fevral 2022-yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 17-fevral 2022-yil{{citation}}: CS1 maint: date format ()
  10. Ullrich, Günter; Albrecht, Thomas (2023), „Die Welt des FTS“, Fahrerlose Transportsysteme, Wiesbaden: Springer Fachmedien Wiesbaden, 1–32-bet, ISBN 978-3-658-38737-2, qaraldi: 2025-05-13
  11. {{Veb manbasi}} andozasidan foydalanishda url= parametrini belgilashingiz kerak. .
  12. {{Veb manbasi}} andozasidan foydalanishda url= parametrini belgilashingiz kerak. .
  13. https://ru.kinorium.com/715190/
  14. https://brod.kz/films/Pozdnyaya-zhizn/
  15. https://kinorole.ru/film/kechikkan-hayot
  16. „arxiv nusxasi“. 17-fevral 2022-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 17-fevral 2022-yil.