Kavkaz togʻlari
Kavkaz togʻlari[1] — Yevropa va Osiyoning kesishgan nuqtasida joylashgan togʻ tizmasi. Ushbu togʻ tizmasi Qora dengiz va Kaspiy dengizining oʻrtasida joylashgan boʻlib, Kavkaz mintaqasi bilan oʻralgan.
Kavkaz togʻlari ikkita togʻ tizimiga boʻlingan: Katta Kavkaz va Kichik Kavkaz. Kavkaz koʻpincha Shimoliy Kavkaz va Kavkazortiga boʻlinadi, ular orasidagi chegara Asosiy yoki Vodorazdelniy togʻ tizmasida markaziy oʻrinni egallagan Buyuk Kavkaz tizmasi boʻylab chizilgan.
Buyuk Kavkaz, Anapa mintaqasi va Qora dengizning Taman yarim orolidan to Boku yaqinida joylashgan Kaspiy sohilidagi Absheron yarim oroliga qadar (shimoli-gʻarbdan janubi-sharqqa) 1 100 km dan oshiq choʻzilgan. Katta Kavkaz Elbrus meridiani mintaqasida (deyarli 180 km) eng yuqori kenglikka yetadi. Eksenel qismida Bosh Kavkaz (yoki Vodorazdelniy) tizmasi joylashgan boʻlib, shimolda bir qator parallel tizmalar (togʻ tizmalari) mavjud. Buyuk Kavkazning janubiy qiyaligining aksariyat qismi Buyuk Kavkaz tizmasiga tutashgan enchelon tizmalaridan tashkil topgan. Anʼanaga koʻra, Buyuk Kavkaz 3 qismga boʻlinadi: Gʻarbiy Kavkaz (Qora dengizdan Elbrusgacha), Markaziy Kavkaz (Elbrusdan Kazbekgacha) va Sharqiy Kavkaz (Kazbekdan Kaspiy dengizigacha).
Eng mashhur choʻqqilar (masalan, Elbrus (5 642 m) yoki Kazbek (5 033 m)) abadiy qor va muzliklar bilan qoplangan.[2] Muzliklarning umumiy soni 2 050 ga yaqin boʻlib, ularning umumiy maydoni 1400 km² ga teng. Buyuk Kavkaz muzliklarining yarmidan oshigʻi Markaziy Kavkazda toʻplangan (bu muzliklar sonining 50 % ini hamda umumiy maydonining 70 % ini tashkil etadi). Muzliklarning yirik markazlari Elbrus togʻi va Bezengi devori hisoblanadi.
Katta Kavkazning shimoliy etagidan to Kuma-Manich botigʻigacha Kiskavkaziya keng tekisliklar va balandliklar bilan choʻzilgan hisobalanadi. Buyuk Kavkazdan janubda Kolxida, Kura-Araks pasttekisliklari va Kura botigʻi joylashgan boʻlib, ular ichida esa Alazan-Avtoran vodiysi va Kura-Araks pasttekisligi joylashgan. Kavkazning janubi-sharqiy qismida — Talish togʻlari (balandligi 2 492 m) Lankaran pasttekisligi bilan yonma-yon joylashgan. Kavkazning janubi-gʻarbida Kichik Kavkaz tizmalaridan (eng baland joyi Aragats togʻi, balandigi — 4 090 m) hamda Armaniston togʻlaridan iborat boʻlgan Kavkazorti togʻlari joylashgan. Kichik Kavkaz Buyuk Kavkaz bilan Lixskiy tizmasi orqali bogʻlangan, gʻarbda undan Kolxida pasttekisligi, sharqda Kura botigʻi ajratilgan. Uzunligi taxminan 600 km, balandligi esa 4090 m hisoblanadi.
Geografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kavkaz gʻarbda Qora va Azov dengizlari bilan, sharqda Kaspiy dengizi bilan chegaralangan. Shimolda Kuma-Manich botigʻi orqali Sharqiy Yevropa tekisligidan, janubda Rioni-Kura choʻkmasi orqali Armaniston togʻli oʻlkasidan ajralib turadi. Kavkaz hududining katta qismini alp bosqichida paydo boʻlgan yosh baland togʻlar va kichikroq qismini paydo boʻlishi togʻlar bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan tekisliklar va balandliklar egallagan. Kavkazning geologik rivojlanish tarixi juda murakkab. Uning hududida burmalanish dastlab kaledonda, soʻngra gertsin bosqichida sodir boʻlgan. Kavkazning hozirgi tektonik tarkibi yura davridan shakllana boshlagan. Paleozoydagi koʻtarilishlar Katta Kavkazda orollar shaklidagi quruqlik massivlarini hosil qilgan. Neogenda Katta Kavkaz va Zakavkaze geosinklinallarida vertikal harakatlar kuchayib togʻlarning maydoni kengayadi, togʻoldi va togʻoraligʻi choʻkmalari vujudga keladi. Neogenda burmalanish bilan birga vulqonlar faoliyati ham kuchayadi. Bu davrda Katta Kavkaz Zakavkaze togʻligi bilan tutashadi. Antropogenda yangi koʻtarilishlar natijasida Katta Kavkaz togʻlari yoshargan, Elbrus va Kazbek choʻqqilari harakatdagi vulkanlar boʻlgan. Kavkaz geologik tuzilishi jihatidan Kavkazoldi va Katta Kavkazga boʻlinadi. Kavkazoldining shimoliy va oʻrta qismlari gertsin burmalanishida vujudga kelgan platformali strukturaga ega boʻlib, u Skif platformasining bir qismi hisoblanadi. Katta Kavkaz bilan Kavkazoldi oraligʻida kambar tektonik bukilma choʻzilgan. Uning gʻarbiy qismi Indol-Kuban bukilmasi, sharqiy qismi Terek-Kaspiy bukilmasi deb ataladi. Kavkazoldining oʻrta qismidagi Stavropol balandligining asosini kam oʻzgargan gertsin burmali platformasi tashkil etadi. Beshtov lakkolitlari toʻrtlamchi davr magmatizmi vujudga keltirgan vulkanogen shakllardir. Katta Kavkazning yadrosi yuqori proterozoy, paleozoy, trias jinslaridan tuzilgan. Ularning yura, boʻr, paleogen va neogen davrlarining choʻkindi qatlamlari qoplab olgan. Uning oʻziga xos geologik xususiyati antiklinal tuzilishga ega ekanligidir. Katta Kavkaz alp geosinklinal oʻlkaning chekka megaantiklinoriy zonasiga kiradi. Kolxida, Kura-Araks pastekisliklari, Kichik Kavkaz, Tolish togʻi va Javaxet-Armaniston togʻligi Katta Kavkazdan farq qilib, alp geosinklinal oʻlkasining ichki burmali-struktura zonasiga kiradi. Kavkazning shimoliy hududlarida-Kuban tekisligi, Stavropol balandligi, Checheniston va Dogʻistonda neft va tabiiy gaz konlari keng tarqalgan. Ular paleogen va neogen yotqiziqlaridan qazib olinadi. Katta Kavkazda metall rudalar, shimoliy yonbagʻridagi Sadonda tarkibida rux, qoʻrgʻoshin, kumush koʻp boʻlgan polimetall konlari, volfram va molibden ruda konlari mavjud. Kavkaz shifobaxsh mineral suvlarga juda boy. Mineral buloqlar asosida koʻplab sihatgohlar tashkil etilgan. Kavkazning geomorfologik tuzilishi asosan yirik togʻ massivlaridan, balandliklardan, pastekisliklardan tarkib topgan. Togʻlik genetik jihatdan bir xil boʻlgan ikkita geomorfologik oʻlkaga Kavkazoldi va Katta Kavkazga boʻlinadi. Kavkazoldi Gʻarbiy va Oʻrta Kavkazoldi hamda Kaspiyboʻyi pastekisligining bir qismi boʻlgan Terek-Kuma pastekisligidan iborat. Gʻarbiy Kavkazoldi Kuban-Azovboʻyi pastekisligi deb atalib, oʻrtacha balandligi 50-100 m atrofida. Oʻrta Kavkazoldining asosiy orografik birligi Stavropol balandligidir. Uning mutloq balandligi Strijament togʻida 831 m, balandlikdan janubi-sharqda dasht zonasi oʻrtasida 18 ta orol shaklidagi lakkolitlar koʻtarilgan. Ularning eng baland nuqtasi Beshtov togʻida 1401 m ni tashkil etadi. Lakkolit togʻlardan janubi-sharqda Terek va Sunja balandliklari, ularning oraligʻida Alxanchurt vodiy botigʻi joylashgan. Balandliklarga gʻarbdan va janubdan Kabarda, Osetin va Chechen qiya tekisliklari tutashgan. Sharqiy Kavkazoldi yoki Terek-Kuma pastekisligi suglinkali, gilli va shoʻrxok chala choʻl tekisliklaridan, Terek va Kuma qum massivlaridan, Terek va Sulak daryolarining deltalaridan iborat. Katta Kavkaz tipik togʻ landshaft oʻlkasi boʻlib, 1100 km masofaga choʻzilgan, eng keng joyi Elbrus hududida 180 km, maydoni 145000 km2 , gʻarbda Taman va sharqda Apsheron yarim orollari bilan tugaydi. Oʻlka relef xususiyatlariga koʻra uch qismga boʻlinadi: Gʻarbiy, Markaziy va Sharqiy Kavkaz. Ular oʻrtasidagi chegara Elbrus va Kazbek meredianlari orqali oʻtadi. Katta Kavkazning baland togʻ zonasi ikkita tizmadan -Bosh yoki Suvayirgʻich yaxlit tizmadan va unga shimol tomondan choʻzilgan Yon tizmadan iborat. Ularning tuzilishida kristall jinslar, ohaktoshlar, gilli slaneslar, konglomeratlar ishtirok etadi. Katta Kavkazning eng baland qismi Markaziy Kavkazdir. Uning koʻpchilik choʻqqilarining balandligi 5000 m dan oshadi. Jumladan, Elbrus choʻqqisi 5642 m, Dixtov 5204 m, Kashtantov 5151 m, Shxara 5068 m, Kazbek 5033 m baland. Gʻarbiy Kavkaz Markaziy qismga nisbatan pastroq. Uning eng baland choʻqqilari Domboyoʻlgan (4046 m), Gvandra (3983 m), Pshish (3785 m) lardir. Tizmaning janubiy yonbagʻrida kanonsimon vodiylar bilan kesilgan Abxaz, Gagra, Bzib, Kodor palaxsali togʻlari koʻndalang joylashgan. Gʻarbiy Kavkaz sohil tomon pasayib borib, Qora dengiz Kavkazini hosil qiladi. Sharqiy Kavkaz Gʻarbiy Kavkazga nisbatan baland. Uning bir necha togʻ choʻqqilari 4000 m dan yuqori koʻtarilgan, bular Tebulosta (4493 m), Bozordyuzi (4466 m), Shak (4451 m), Diklosmta (4285 m), Shoxdogʻ (4243 m) va boshqalardir. Sharqiy Kavkazning shimoliy yonbagʻirlarida Dogʻistonning yirik burmali togʻ tizmalari — Andiya, Bogos, Gimri, Samur joylashgan. Uning sharqiy chekka past qismi Kaspiy Kavkazi deb ataladi. Kavkaz moʻtadil va subtropik iqlim mintaqalarida joylashgan. Katta Kavkazning suvayirgʻich zonasidan shimoliy qismi moʻtadil iqlim, janubiy qismi subtropik iqlim xususiyatlariga ega. Kavkazoldida qish sovuq, yanvarning oʻrtacha harorati −2°,-5°S, janubiy togʻ etaklarining gʻarbida +5°S, sharqda +3°S. Yoz issiq, iyulning oʻrtacha harorati gʻarbda +23°,+24°S ga, sharqda +25°,+29°S ga teng. Katta Kavkazda iqlim balandlik mintaqalari boʻylab oʻzgarib boradi. Yillik yogʻin miqdori Qora dengiz Kavkazida 1200-1600 mm, Kuban-Azovboʻyi pastekisligi, Ichki Dogʻistonda 400-600 mm, Terek-Kuma pastekisligining gʻarbida 350 mm va sharqida 200 mm. Hozirgi zamon muzliklarining keng tarqalishi Katta Kavkazning xarakterli xususiyatlaridan hisoblanadi. Muzliklarning soni 2047 ta, umumiy maydoni 1424 km2 . Ularning 70% ga yaqini shimoliy yonbagʻrida, 30% ga yaqini janubiy yonbagʻrida joylashgan. Eng yirik muzliklar Markaziy Kavkazga toʻgʻri keladi. Kavkazning daryolari Kaspiy (Sulak, Terek, Kuma, Samur, Alazani), Qora (Rioni, Inguri, Kodori, Bzib) va Azov (Kuban irmoqlari bilan) dengizlari havzalariga qaraydi. Ular asosan yomgʻir, qor va muzliklardan toʻyinib, bahorda va yozda toʻlib oqadi. Kavkaz hududida tuproq va oʻsimliklarning taqsimlanishi kenglik zonallik va balandlik mintaqali qonuniyatlariga boʻysunadi. Azovboʻyi pastekisligida va Stavropol balandligining gʻarbiy qismida qalin gumusli qora tuproqlar keng tarqalgan. Stavropolning sharqida toʻq tusli kashtan, undan sharqroqda och tusli kashtan tuproqlar shakllangan. Terekning quyi qismida shoʻr tuproqlar va qumlar, Kubanning quyi qismida botqoq va oʻtloq tuproqlar katta maydonlarni egallagan. Kolxida pastekisligiga qaragan togʻ etaklarida qizil, sariq, podzol sariq tuproqlar rivoj topgan. Katta Kavkazda qora va kashtan tuproqlar togʻ oʻrmon qoʻngʻir va togʻ podzol tuproqlari bilan, undan yuqorida baland togʻ oʻtloq tuproqlari bilan almashinadi. Kavkazning shimoliy yonbagʻrida dasht mintaqasi 200-400 m balandlikda, oʻrmon-dasht mintaqasi 400-800 m balandlikda joylashgan, keng bargli oʻrmonlar mintaqasida (600-1200 m) buk, eman, grab, shumtol, ilm, zarang, qayragʻochlar oʻsadi. Igna bargli oʻrmonlarda (1000- 2200 m) baland boʻyli Kavkaz pixtasi, eldor qaragʻayi, pitsund qaragʻayi, Pallas qora qaragʻayi va oddiy qaragʻaylar koʻpchilikni tashkil etadi. Gʻarbiy Kavkazda 2200-2600 m, Sharqiy Kavkazda 2600-3500 m balandliklarda subalp va alp oʻtloqlari keng tarqalgan. Bu yerda Alp qoʻngʻirboshi, yaltirbosh, togʻ yoʻngʻichkasi, Kavkaz zirasi oʻsadi. Eng yuqorida nival mintaqa joylashgan. Kavkaz faunasining asosiy qismi kelib chiqishiga koʻra Oʻrta dengizboʻyi va Old Osiyo faunasi bilan bevosita bogʻliq. Kavkazoldi dashtlarida yumronqoziq, qoʻshoyok, olaxurjun, malla quyon, tulki va boʻrilar koʻp, Sharqiy Kavkazoldida noʻgʻay qoʻshoyogʻi, qumsichqon, dala qumsichqoni uchraydi. Terek va Sulak deltalaridagi toʻqayzorlar uchun yovvoyi choʻchqa, chiya boʻri va toʻqay mushugi xarakterli. Togʻ oʻrmonlarida asl bugʻu, oʻrmon suvsari, oʻrmon mushugi, togʻ echkisi, uykuchi olmaxonlar yashaydi. Kavkazda noyob landshaftlarni muhofaza qilish va ularni tabiiy holda saqlash maqsadida Risa, Pisunda- Myusser, Arxiz, Teberda, Kabarda-Balqar, Shimoliy Osetiya, Zakatali va boshqa qoʻriqxonalar tashkil etilgan.
Gallereya
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑
- ↑ „Mt. Elbrus“. NASA Earth Observatory (7-iyul 2003-yil). 15-dekabr 2018-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 16-fevral 2015-yil.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Small Nations and Great Powers: A Study of Ethnopolitical Conflict in the Caucasus, By Svante E. Cornell, Routledge.
- T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
- X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]