Kaltaminor
Kaltaminor – Xivadagi meʼmoriy yodgorlik. Muhammad Aminxon madrasasining old tomonida joylashgan va baʼzan uning bir qismi deya eʼtirof etiladi. Oʻzbekistondagi eng baland Oʻrta asr minoralari ichida 6-oʻrinda turadi[1].
Kaltaminor | |
---|---|
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | YuNESKO roʻyxatiga olingan |
Turi | minora |
Shahar | Xiva |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Qurilishi boshlangan | 1852-yil |
Qurilishi tugagan | 1855-yil |
Balandligi | 29 metr |
Kaltaminor |
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kaltaminor Xiva xonligi xoni Muhammad Aminxon tomonidan musulmon olamidagi eng katta va eng baland minora boʻlishi maqsadida yaratilgan.
Xonning rejasiga koʻra, minoraning balandligi 70-80 metr boʻlishi, balandligi oshgan sayin keskin pasayib boruvchi diametri minoraning mustahkamligini oshirishi kerak edi. Muhammad Aminxon hatto 73 metrlik Hindiston Qutb minordan ham oshib ketadigan dunyodagi eng baland minorani qurishga qaror qiladi[2]. Uning poydevorining diametri 14,2 metrni tashkil qiladi. Baʼzi bir manbalarda 110 metrga yetkazilishi qayd etilgan[3].
Qurilish 1852-yilda boshlanib, 1855-yilda minora balandligi 29 metrga yetgach, qurilish birdan toʻxtatiladi. Xivalik tarixchi va yozuvchi Ogahiyning yozishicha, qurilish tashabbuskori Muhammad Aminxon 1855-yilda Seraxs yaqinidagi jangda halok boʻlgani sababli qurilish tugallanmagan.
Minoraning qurilishi haqida tarixchi olim Mulla Olim Maxdum Hoji „Turkiston tarixi“ asarida shunday maʼlumot beradi:
Madrasa qurib tugatilgach, Muhammad Aminxon farmoni bilan madrasa yonida eng baland minora barpo etishga farmon berilgan. Minora qurilishi davom etayotgan paytda (1855-yil), Muhammad Aminxon Eron ustiga qoʻshin tortadi va jangda shahid boʻladi, natijada xon boshlagan minora bitmay qoladi[4].
Minora xivalik shoir, tarixchi va davlat arbobi Muhammad Rizo Ogahiyning koʻz oldida qurilgan. Muhammad Aminxon minorasida Ogahiy ijodiga oid 16 misralik tarixdan 12 tasini koʻrish mumkin. Taʼmirlash paytida asli holati tiklangan qiyofada keltirilgan yozuvda minora jannatda oʻsadigan Tubo daraxtiga qiyos qilinadi, falak ayvonining ustuni yaʼni osmon gumbazini tutib turuvchi ustun deyiladi[5]. Ogahiy uning tugatilishi tantanasiga bir nechta sheʼriy taʼrixlar yozgan. Ularning biri minora yuqorisiga chiroyli koshin plitkalarga yozib qoʻyilgan. Yozuvlar sovetlar hukmronligi davrida qoʻporib, yulib tashlangan edi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin ushbu yozuvlar Ogahiyning qoʻlyozma asari orqali topilib, qayta tiklandi. Minora oʻz davrida „Koʻk minor“, „Ulli (katta) minor“ nomlari bilan atalgan.
Meʼmorchiligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Minorani bezashda geometrik naqshlar koʻp qoʻllangan. Ikkinchi qavatidan boshlab madrasa bilan bogʻlangan koʻprikcha orqali minoraning yuqorisiga chiqish mumkin. Ichkarisida yuqoriga olib chiquvchi yogʻoch zinapoya mavjud. Bu zinapoya tez-tez taʼmirlab turilgan. Bezagida oq, yashil, feruza rangli koshinlar qoʻllangan (feruza rangli koshin koʻp ishlatilganidan koʻkminor deb ham ataladi). Xiva shahrining 2500-yilligi arafasida (1996—97) Kaltaminorning ustki qismidan tushib ketgan koshinkori yozuvlari „Hayot“ hissadorlik jamiyati quruvchilari tomonidan toʻliq taʼmirlandi va undagi Ogahiy tomonidan fors tilida yozilgan „nastaʼliq“ yozuvlari qayta tiklandi. Harflarni taʼmirchi usta Rustam Tohirov qaytadan tiklagan[6]. Kalta Minor oʻzining tugallanmaganligi, shuningdek, oʻziga xos bezaklari bilan mashhur. Bu butunlay sirlangan koshinlar bilan qoplangan yagona minoradir.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ https://t.me/delatonkie/2038
- ↑ https://t.me/delatonkie/1505
- ↑ „Kalta minor (qisqa minora)“. meros.uz. Qaraldi: 16-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Muhammad Aminxon. Muhammad Aminxon madrasasi“. xorazmiy.uz. Qaraldi: 15-oktabr 2023-yil.
- ↑ „1000 yillik tarixga ega ustun, xon o‘limi sabab chala qolgan minora, zamonasining “konditsioner”i. Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona shahar-muzey — Ichan qal’aga sayohat“. daryo.uz (2022-yil 26-aprel). Qaraldi: 15-oktabr 2023-yil.
- ↑ Bobojonov D, Abdurasulov M. Firdavsmonand shahar. Xorazm Ma'mun akademiyasi nashriyoti 2008 — 20-bet.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil