Jibal

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
1886-yilgi X asrga oid Yaqin Sharq xaritasi. Xaritada Jibal viloyati koʻrsatilgan.

Jibāl (arabcha: جبال), shuningdek, al-Jabal (arabcha: الجبل), arablar tomonidan Gʻarbiy Eronda Umaviylar va Abbosiylar xalifaliklari davrida mavjud boʻlgan mintaqa va viloyatga berilgan nom.

Bu nom „togʻlar“ degan maʼnoni anglatib, jabal („togʻ, tepalik“) soʻzining koʻpligi boʻlib, mintaqaning Zagrosdagi togʻli tabiatini ifodalagan[1][2]. 12—14-asrlar oraligʻida Jibal nomi asta-sekin unutilib, Mesopotamiyadagi Arab Iroqidan farqlash uchun Iroq Ajami („Fors Iroqi“) atamasi ishlatila boshlagan[1][3][4]. Mintaqa hech qachon aniq belgilangan chegaralarga ega boʻlmagan. Shunday boʻlsa-da, sharqda Maranjob choʻli, janubda Fors va Xuziston, janubi-gʻarb va gʻarbda Iroq, shimoli-gʻarbda Ozarbayjon, shimolda Elburs togʻlari bilan chegaralanib, hududi jihatidan qadimgi Midiya mamlakati bilan taxminan mos kelgan[1][3].

Abbosiylar xalifaligi davrida Jibal markazi Ray boʻlgan alohida viloyat sifatida tashkil qilinib, u 10-asr boshlarida Abbosiylar nazoratini yoʻqotmaguncha faoliyat yuritgan[3]. Biroq, 9-asrning koʻp qismida bu hudud avtonom mahalliy sulola Dulafiylar tomonidan boshqarilgan[3][5]. 10-asr oxiri va 11-asr boshlarida Jibalning katta qismi Buvayhiy amirliklaridan biriga aylangan, janubi esa Kakuyiylar qoʻliga oʻtgan[3].

Jibaldagi soʻzlashuv tili arab manbalarida Fahla yoki Bahla nomi bilan maʼlum boʻlgan pahlaviy tili boʻlgan. Pahlaviy so‘zma-so‘z Parfiya maʼnosini bildirsa-da, bu nom „qahramon, qari, qadimiy“ degan maʼnoni anglatgan. „Pahlaviy“ shimoli-gʻarbiy Eron tillari va dialektlari guruhining umumiy nomi boʻlib, ular bugungi kunda ham mavjud. Masalan, tolish, janubiy tati yoki ozariy variantlari shular jumlasidan[6].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 Lockhart 1965, s. 534.
  2. Le Strange 1905, s. 185.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Bosworth 1998, s. 538.
  4. Le Strange 1905, ss. 185–186.
  5. Donner 1995, ss. 476–477.
  6. Paul 2000.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]