Kontent qismiga oʻtish

Jahon valyuta tizimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jahon valyuta tizimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jahon valyuta tizimi – mamlakatlar oʻrtasidagi valyuta munosabatlarini amalga oshirish uchun tashkil etilgan, instrumentlar, shartnomalar, tartib-qoidalar va tashkilotlarning majmuasidir. Yaʼni bu koʻp tomonlama davlatlararo shartnomalar bilan mustahkamlangan va xalqaro valyuta-moliya tashkilotlari tomonidan tartibga solinadigan jahon iqtisodiyoti doirasidagi valyuta munosabatlarini tashkil etishning global shaklidir. Xalqaro moliya munosabatlari rivojlanishida valyuta tizimining samarali tashkil etilishi va uning barqarorligi muhim oʻrin tutadi. Valyuta tizimi deganda, valyuta munosabatlarini tashkil etishning tashkiliy-huquqiy shakli tushuniladi. Valyuta tizimining holati mamlakatda valyuta munosabatlarini boshqarish va tartibga solish jarayoniga bevosita bogʻliq boʻladi.

Jahon valyuta tizimining funksiyalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Tartibga solish – valyutalar oʻrtasidagi munosabatlarga taʼsir koʻrsatuvchi toʻlov balansida yuzaga keladigan nomutanosibliklarni bartaraf etish.
  • Likvidlilik – zahira birliklarini aniqlash hamda toʻlov balansining nomutanosibliklarini qoplash uchun ularni qoʻllash imkoniyatlari va tashkil etish shakllarini belgilash.
  • Boshqarish – xalqaro moliyaviy institutlarni tashkil etish va ularning vakolatlari orqali hisob-kitoblarning uzluksizligini taʼminlab borish.

Jahon valyuta tizimining asosiy maqsadlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Mamlakatlar oʻrtasidagi xalqaro hisob-kitoblarning uzluksizligini taʼminlash.
  • Mamlakatlar milliy valyutasi barqarorligini taʼminlashni qoʻllab-quvvatlash.
  • Jahon xoʻjaligining turli iqtisodiy tizimlari oʻrtasida samarali mehnat taqsimotini taʼminlash.
  • Jahon ishlab chiqarishi umumiy hajmining oʻsishiga va aholi bandlik darajasining oshishiga erishish.
  • Milliy iqtisodiyotlarda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash.
  • Inflyatsiyani jilovlash va tashqi iqtisodiy muvozanatni ushlab turish va boshq.

Jahon valyuta tizimi rivojlanish bosqichlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jahon valyuta tizimining samarali hamda barqaror faoliyat koʻrsatishi uning jahon xoʻjaligi tuzilmasi va holatiga muvofiqlik darajasiga bevosita bogʻliq boʻladi. Xalqaro moliyaviy muhitda yuzaga kelgan bir qator oʻzgarishlar hamda mamlakatlar oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlar rivojlanishining taʼsiri natijasida jahon valyuta tizimining amal qilish tamoyillari ham oʻzgardi.

Jahon valyuta tizimining dastlabki bosqichlarida oltin andozasi tizimi amal qildi. Oltin andozasi tizimida mamlakatlar pul birliklari qiymatiga teng boʻlgan oltinning muayyan miqdori rasmiy tarzda oʻrnatildi, pullar esa oltin tanga yoki banknota shakliga ega boʻldi. Ular istalgan paytda rasmiy oʻrnatilgan kurs boʻyicha oltinga almashinishi mumkin edi. Oltin andozasining toʻliq amal qilishi uchun ikkita asosiy shart bajarilishi lozim edi:

  • Birinchidan, pul-kredit muassasalariga milliy valyutani oltinga istalgan miqdorda aniq stavka boʻyicha almashtirish majburiyati yuklatildi.
  • Ikkinchidan, alohida shaxslar uchun oltinni eksport va import qilish huquqining mavjudligi edi. Odatda, pul-kredit muassasalari tanga zarb qilish xarajatlarini qoplash uchun oltinni sotish va sotib olish narxlari oʻrtasida maʼlum bir farqni oʻrnatgan edilar.

Jahon valyuta tizimi rivojlanishiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan omillar sifatida quyidagilarni qayd etish mumkin. Bular: Mahsulot ishlab chiqarishning rivojlanish darajasi, xalqaro mehnat taqsimoti jadallashuvi darajasi, jahon bozori rivojlanish darajasi va xoʻjalik yuritish tizimining rivojlanish darajasini uz ichiga oladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.