Kontent qismiga oʻtish

Genuya valyuta tizimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Genuya valyuta tizimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Genuya valyuta tizimi (1922-1929 ) — Birinchi jahon urushidan keyin mamlakatlar oʻrtasidagi tashqi iqtisodiy aloqalarning qayta tiklanishi natijasida jahon valyuta tizimining yangi tamoyillarini ishlab chiqishga zarurat tugʻildi. Ushbu davrdan jahon valyuta tizimi rivojlanishining yangi bosqichi amal qila boshladi. Mazkur bosqich oltin quyilma andozasi yoki Genuya valyuta tizimi sifatida nom oldi.1922-yilda Genuyada oʻtkazilgan moliyaviy va iqtisodiy masalalar boʻyicha xalqaro konferensiyada rivojlangan mamlakatlardagi oltin zahiralari tashqi savdo va boshqa operatsiyalar boʻyicha xisob-kitoblarni tartibga solish uchun etarli emas deb taʼkidlandi. Xalqaro aylanmada oltin va funt sterlingdan tashqari AQSh dollaridan ham keng foydalanish tavsiya etildi. Xalqaro toʻlov vositasi rolini bajarishga yoʻnaltirilgan ikkala valyuta ham deviz nomini oldi. Germaniya, Avstraliya, Daniya, Norvegiya kabi koʻpgina mamlakatlar oltin deviz standartiga qoʻshilishdi. Genuya valyuta tizimi quyidagi tamoyillarga asoslanib faoliyat koʻrsatgan:

  • Tizim asosini oltin va deviz valyutalar tashkil etdi. Ushbu davrda 30 ta mamlakatning pul tizimi oltin-deviz standartiga asoslandi. Biroq, zahira valyuta mavqei rasmiy jihatdan hech bir valyutaga berilmadi, funt sterling va AQSh dollari ushbu sohada etakchilik uchun raqobatlashdi.
  • Oltin paritetlari saqlab qolindi. Valyutalarning oltinga almashinuvi nafaqat bevosita yoʻl bilan (AQSh, Frantsiya, Buyuk Britaniya) balki bilvosita, xorijiy valyutalar orqali ham amalga oshirildi.
  • Erkin suzuvchi valyuta kurslari rejimi qayta tiklandi.
  • Valyutani tartibga solish faol valyuta siyosati shaklida xalqaro konferensiyalarda amalga oshirildi.

Oltin deviz andozasining keng tarqalishi bir mamlakatni boshqalariga bogʻliqligini kuchaytirdi. Biroq, oltin andozasining deviz shakli koʻp amal qilmadi[1]. 1929-1931 yillardagi jahonda roʻy bergan inqiroz mazkur tizimni butunlay izdan chiqardi. Inqiroz oʻz navbatida, deviz valyutalarga ham salbiy taʼsirini koʻrsatdi. 1931-yilga kelib Buyuk Britaniya oltin andozasini bekor qilishga majbur boʻldi, funt sterling esa devalvatsiya qilindi. Shuningdek, valyuta va iqtisodiy munosabatlarda Angliyaga bogʻliq boʻlgan bir qator Evropa davlatlari,Misr, Malayziya, Hindiston kabi mamlakatlarining valyutalari muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga olib keldi.genuya jahon valyuta tizimida erkin suzuvchi valyuta kurslari tamoyili qoʻllanilgan. Genuya tizimining tamoyillariga muvofiq aʼzo mamlakatlarning markaziy banklari milliy pul birliklari valyuta kurslarining mumkin boʻlgan tebranishlarini valyutani tartibga solish usullarini (asosan valyuta interventsiyasi) qoʻllagan holda ushlab turishlari lozim edi. Bunda, barqarorlashtirish fondlari xizmat qildi, mazkur fondlardan eksportni ragʻbatlantirish maqsadlarida milliy valyuta kursini pasaytirishda foydalanilgan. Bunday fondlar Buyuk Britaniyada 1932-yilda, AQShda 1934-yilda, Belgiyada 1935-yilda, Kanadada 1935-yilda, Gollandiyada 1936-yilda tashkil etilgan. Ikkinchi jahon urushi xalqaro valyuta va iqtisodiy munosabatlarning toʻliq izdan chiqishiga sabab boʻldi. Xalqaro savdo va xalqaro moliya munosabatlarining asosi butkul oʻzgarib ketdi. Mazkur oʻzgarishlar natijasida mamlakatlar tomonidan yangi jahon valyuta tizimini tashkil etishga tashabbus qilindi. Jahon valyuta tizimi valyuta bloklariga ajraldi[2]. Valyuta bloki – xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida yagona siyosat olib boruvchi etakchi mamlakat boshchiligidagi moliyaviy, iqtisodiy munosabatlarda oʻzaro aloqador mamlakatlar guruhidir.Valyuta bloklarining xususiyatlari bu; bogʻliq boʻlgan valyutalar kursi guruhga boshchilik qiluvchi mamlakatlar valyutasiga biriktirilishi hamda blokga kiruvchi mamlakatning xalqaro xisob-kitoblari etakchi mamlakat valyutasida amalga oshirildi va blokga kiruvchi mamlakatlarning valyuta zahiralari etakchi mamlakatda saqlanishi kerak buladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.

[1] [3]

  1. 1,0 1,1 „oltin andozasi“ (uzbek). sorbon (21/07/2021). Qaraldi: 21-iyul 2024-yil.
  2. „currency bloc“ (english). dallasfed.org. Federal Reserve Bank of Dallas Globalization and Monetary Policy Institute (2011-yil 7-yanvar). Qaraldi: 21-iyul 2024-yil.
  3. „currency bloc“ (english). dallasfed.org. Federal Reserve Bank of Dallas Globalization and Monetary Policy Institute (2011-yil 7-yanvar). Qaraldi: 21-iyul 2024-yil.