Kontent qismiga oʻtish

Parij valyuta tizimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Parij valyuta tizimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Parij valyuta tizimi(1867-1914y.) Birinchi jahon valyuta tizimi XIX asrda oltin monometallizmi asosida, oltin tanga andozasi shaklida shakllangan. Birinchi jahon valyuta tizimi 1865-yilda toʻrtta G'arbiy yevropa mamlakatlari tomonidan tashkil etilgan va „Oltin andozasi“ asosida faoliyat yuritgan – Lotin tanga ittifoqi hisoblanadi. Mazkur valyuta tizimi, rasmiy ravishda 1867-yilda Parij konferensiyasida tan olindi va dunyoning 30 dan ortiq mamlakati tomonidan maxsus xalqaro shartnomaga imzo chekildi. Bu valyuta tizimi Oltin andozasi talabiga asosan banklar milliy valyuta birligiga oltin asosini berib, milliy valyutani oltinga sotish va sotib olish majburiyatini olganlar. Shuning uchun ham Parij valyuta tizimi „Oltin tanga andozasi“ deb yuritila boshlandi. Bunga muvofiq, jahon puli oltin tangalar va oltinga konvertirlanadigan pullardan tashkil topgan edi. Oltin andoza tartibi bosqichma-bosqich uch shaklni boshdan kechirdi. 1914- yilgacha oltin tanga bosqichi, 1922-yildan 1929-yilgacha oltin qoʻyilma andozasini, 1944-yildan 1971-yilgacha oltin deviz andozasi. Oltin tanga andozasi davrida zarbxonalar oltin qoʻyilmalardan oltin tangalar ishlab chiqarish huquqiga ega edilar. Bu erkin tarzda va deyarli tekin amalga oshirilgan, shuning uchun ham, bu tangalar pul massasining asosini tashkil qilgan. Qogʻoz pullar xuddi oltin tangalar qatori muomalada boʻlgan va ular oltinga toʻla konvertirlangan. Oltin bilan konvertirlanganlik doimo taʼminlanishi uchun, qogʻoz pullar emissiyasi chegaralangan. Yangi tizimning dunyo boʻylab keng tarqalishi bilan, unga boʻlgan ishonch ortdi. Bu amalda, xalqaro hisob-kitoblarda toʻlov vositasida oltin va boshqa shu kabi qimmatbaho metallarni olish yoki berish oʻrniga, xorijiy schotni debitlash yoki kreditlash orqali toʻlovni amalga oshirishga olib keldi. Valyuta dilerlari qoʻlida telegraf, telefon, teletayp kabi vositalarning paydo boʻlishi, xalqaro valyuta savdosini professional darajada yuritishga imkoniyat berdi. Parij valyuta tizimi birinchi jahon urushigacha amalda boʻldi. Uning asosiy xususiyati, paritetlari oltinga nisbatan oʻrnatiladigan, belgilangan valyuta stavkalarida edi. Bu davlat tomonidan kafolatlangan boʻlib, „valyutaning oltin pariteti“ yoki „valyutaning oltin tarkibi“ deb nom oldi. Oltin tanga andozasi davrida, oltin hisobiga ikkiyoqlama funktsiya amalga oshirilgan. Mazkur funktsiyalar:

  • Xalqaro hisob-kitoblarda tan olingan toʻlov vositasi sifatida hamdabir vaqtning oʻzida;
  • Ichki bozorda yagona qabul qilingan almashuv va toʻlovvositasi edi.

Oltin ushbu funktsiyalarni taʼminlashi uchun, quyidagi shartlar bajarilishi shart boʻlgan:

  1. Markaziy bank oltinni, belgilangan kurs boʻyicha, chegaralangan miqdorda sotishni va sotib olishni kafolatlashi.
  2. Oltin egasiga, davlat zarbxonasida tayyorlangan oltinni tanga va quyma shaklida har qanday miqdorda saqlashi. Oltin zahiralarni saqlash jarayoni esa, tezavratsiya degan nom olgan.
  3. Oltinning import va eksporti chegaralanmaganligi.

Ushbu shartlarning bajarilishi, tangani metall qiymati va nominali har doim bir xilda boʻlishi taʼminlangan. Oʻz-oʻzidan, oltin tanga andozasi sharoitida, likvidlilik– sanoat maqsadlari uchun zarur boʻlgan oltinni ishlab chiqarish tezligi va oltinning miqdori bilan aniqlangan. Barcha valyutalar va oltin oʻrtasidagi yaqin bogʻliqlik, [[xalqaro hisob kitob]]larni amalga oshirishda, maʼlum taʼsirini oʻtkazdi.

Oltin andozasining avtomatik faoliyati deb ataladigan jarayon quyidagicha amalga oshdi: toʻlov balansida taqchillik mavjud mamlakat, maʼlum miqdordagi oltinni chet elga olib chiqishi shart boʻlgan. Bu muomaladagi pul massasini kamaytirib, deflyatsiyaga olib kelgan. Ammo, bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga oltinning olib kelinishi, ikkinchi mamlakatda inflyatsiyani keltirib chiqargan. Shu yoʻl bilan hosil qilingan narxlar oʻrtasidagi farq, oltin olib chiqilgan mamlakat uchun foydali hisoblangan. Bunday mamlakat toʻlov balansini eksportni kengaytirish hamda importni qisqartirish orqali yaxshilagan. Shuningdek, tartibga solish jarayonida oltin taqchil boʻlgan mamlakatda hisob stavkalarini oshirish va aksincha, oltin ortiqcha boʻlgan mamlakatda hisob stavkasini tushirish qoʻllanilgan. Yuqoridagilar natijasida yuzaga keladigan kapital koʻchishi, ikki mamlakat oʻrtasidagi toʻlov holati balanslanishiga yordam bergan. Oltin andozasi sharotida, birja almashuv kurslari juda tor chegarada +1%ga tebranishi mumkin edi. Bu holat yuqori va quyi „oltin nuqtalari“, deb nom oldi. Rasmiy paritetdan bunday ogʻishishni, oltin oldi-sotdisi paytida fraxt va sugʻurta bilan bogʻliq xarajatlarning kelib chiqishi, tashiladigan oltin qiymatining +1%ini tashkil etganligi bilan tushuntirish mumkin bulgan. Agar, maʼlum valyutaning almashuv kursi, oʻz paritetidan yuqori boʻlsa, xorijiy valyutani sotib olishdan, oltinni tashib keltirish arzon hisoblangan.Debitor oʻz pulini oltinga almashtirib, qarz toʻlagan. Boshqa tomondan, agar valyuta kursi tushsa, kreditor qarzni oltin bilan toʻlanishini talab qilgan. Bu tizimda valyuta munosabatlari davlatning aralashuvidan xolis tarzda amalga oshirilganligidan hamda almashuv kursining tebranishi sezilarsiz boʻlganligidan, valyuta riski past edi. Mazkur tizim 1914- yilgacha amalda boʻldi. Birinchi Jahon urushi yillarida yuzaga chiqqan iqtisodiyot uchun yirik hajmdagi zaruriy mablagʻlar, faqatgina qoʻshimcha pul chiqarish yoʻli bilan qondirilishi mumkin edi. Ichki bozorga salbiy taʼsirini inobatga olib, koʻpgina mamlakatlar oltin andozasiga asoslangan qoidalarni bekor qiluvchi chora-tadbirlarni qoʻlladilar. Bu esa, Parij Jahon valyuta tizimini amalda parokandalikka olib keldi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.