Kontent qismiga oʻtish

Bretton-Vuds valyuta tizimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bretton-Vuds valyuta tizimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bretton-Vuds valyuta tizimi (Bretton Woods system) – Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan va milliy valyuta tizimlarini etakchi mamlakatlar valyuta tizimiga moslashtirishga asoslangan jahon valyuta tizimidir. Mazkur jahon valyuta tizimi 1944-yil 22-iyulda Bretton-Vudsdagi (Nyu-Xempshir shtati) xalqaro konferentsiyada qabul qilindi[1]. Shuningdek, ushbu tizim doirasida Xalqaro valyuta fondi va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki kabi tashkilotlarni tashkil etish qarori qabul qilindi.Bretton-Vuds tizimi – savdo xisob-kitoblari va pul munosabatlarini tashkil etishning xalqaro tizimidir. Bu oltin deviz andozasidan erkin savdo orqali valyutalarning talab va taklifi muvozanatini oʻrnatuvchi Yamayka tizimiga oʻtish bosqichi boʻldi.Bretton-Vuds tizimida oltin bilan bir qatorda AQSh dollariga jahon puli funktsiyasi berildi[2].

Bretton-Vuds tizimini tashkil etishning maqsadlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Xalqaro savdo hajmini qayta tiklash va oshirish;
  • Tashqi savdo balansidagi vaqtinchalik qiyinchiliklarga barham berish uchun davlatlarga moliyaviy resurslar ajratish;
  • Barqaror almashuv kurslariga ega boʻlgan, xalqaro valyuta tizimini tashkil etish;
  • Qattiq valyuta nazorati bekor qilinishi va barcha valyutalarning 'konvertirlanishiga erishish.

Bretton-Vuds tizimining tamoyillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Xalqaro xisob-kitoblarda oltin oʻzining oxirgi pul funksiyasini saqlab qoldi;
  • Dollar yoki oltindagi qaʼtiy belgilangan valyuta paritetlari oʻrnatildi;
  • Asosiy valyutaning kursi (AQSh dollari) oltinga nisbatan qaʼtiy belgilandi;
  • Asosiy valyutaga nisbatan ishtirokchi mamlakatlar valyutalari uchun qaʼtiy belgilangan almashinuv kurslari oʻrnatildi;
  • Markaziy banklar milliy valyutalarning asosiy valyutaga nisbatan barqaror kursini (±1%) valyuta interventsiyalari yordamida saqlab turishdi;
  • Valyuta kurslarini revalvatsiya yoki devalvatsiya orqali oʻzgartirish mumkin edi;
  • Tizimning tashkiliy boʻgʻinlari sifatida Xalqaro valyuta fondi va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tashkil etildi.

Bretton-Vuds tizimining oqibatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

AQSh dollari uchun 1 troya untsiya 35 dollar nisbatda oltin standarti oʻrnatildi. Natijada AQSh zaiflashgan raqobatchisi Buyuk Britaniyani ortda qoldirgan holda valyuta ustunligini oldi. Amalda xalqaro valyuta tizimining dollar ustunligiga asoslangan dollar standarti yuzaga keldi. XX asrning oʻrtalarida jami dunyo oltin zahirasining 70% AQShga tegishli boʻldi. Dollar – oltinga almashinuvchi valyuta zahira aktivlari, valyuta interventsiyalari va xalqaro xisob-kitoblarda ustunlik qiladigan vosita hamda valyuta paritetlarida asos boʻldi. Bir vaqtning oʻzida AQShning milliy valyutasi jahon puli sifatida faoliyat koʻrsatdi. AQSh dollarining barqarorligi soʻzsiz ravishda AQShning iqtisodiy etakchiligi hamda uning oltin zahiralariga monopol tarzda egaligi orqali taʼminlandi. Valyutalarning bozor kursi paritetdan 1% chegarada tebranishi mumkin edi. Bretton-Vuds valyuta tizimi barqaror, keskin tebranishlarga uchramaydigan valyuta kurslarini oʻrnatish asosida yuzaga keldi. Xalqaro valyuta fondiga aʼzo mamlakatlar oʻzlarining valyuta kurslarini dollarga yoki oltinga nisbatan belgiladilar, oʻz navbatida dollar oltinga bogʻlangan edi. Shuning uchun oltinning dollardagi bahosi barcha narx xisob-kitoblari uchun asos boʻldi. Barcha jahon narxlari dollarda belgilana boshladi. Xalqaro toʻlov vositalari asosiy zahira valyutasi sifatida AQSh dollari va oltindan tashkil topgan boʻlishi kerak edi. Odatda, Bretton-Vuds tizimi 1944-yildan 1971-yilgacha davr mobaynida mavjud boʻlgan boʻlsa ham, haqiqatda mazkur tizim 1959 va 1968-yillar oʻrtasidagina muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatgan xolos. 1946-yildan 1959-yil yanvargacha valyuta kurslari barqarorlashtirish kreditlari hisobiga ushlab turilgan. 1959-yildagina Gʻarbiy Evropa mamlakatlarining valyutalari erkin konvertatsiyalanishi bilan Bretton-Vuds tizimi toʻliq miqyosda faoliyatini boshlagan.

Bretton-Vuds tizimining inqiroz sabablari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

AQSh iqtisodiyotining berqarorligi va u bilan bogʻliq ziddiyatlarning rivojlanishi natijasida. 1967-yilda iqtisodiy oʻsishning pasayishi bilan sodir boʻlgan valyuta inqirozining boshlanishi. Inflyatsiyaning kuchayishi jahon narxlari va kompaniyalarning raqobatbardoshligiga salbiy taʼsiri koʻrsatdi hamda „issiq“ pullarning spekulyativ koʻchishini ragʻbatlantirdi. Turli mamlakatlarda inflyatsiyaning turli sur’atlari valyuta kurslari dinamikasiga taʼsir koʻrsatdi, pullarning xarid qobiliyatini pasayishi esa kurslarning keskin oʻzgarishiga sharoit yaratdi.1970-yillarda spekulyativ operatsiyalar mamlakatlar oʻrtasidagi „issiq“ pullar harakatini tezlashtirgan holda valyuta inqirozini yanada kuchayishiga sabab boʻldi. „Issiq“ pullarning shiddatli oqimi koʻrinishidagi dollar ortiqchaligi bir mamlakatdan boshqasiga kirib kelishi valyuta bozorlarida keskin oʻzgarishlarni keltirib chiqardi. Shuningdek, mazkur davrda milliy toʻlov balanslarida beqarorlik holati kuchaydi. Bitta mamlakatdagi surunkali taqchillik (ayniqsa AQSh, Buyuk Britaniya) va boshqalaridagi (Germaniya, Yaponiya) ijobiy qoldiqning yuzaga kelishi valyuta kurslarining keskin tebranishini kuchaytirdi. Bir tomondan xalqaro savdo uchun kengayib borayotgan ehtiyojlar yirik miqdordagi pul massasini talab etdi, boshqa tomondan esa, ushbu pul massasi oltin valyuta zahirasi bilan taʼminlangan boʻlishi kerak edi. Ushbu ziddiyatning mohiyati Triffen dillemasi (Triffin Dilemma) yoki paradoksi sifatida ifodalangan. 1960-yillar boshlarida Robert Triffin Bretton-Vuds tizimining muhim ziddiyatini bayon etgandi[3]. Shunday ekan, tobora jadallashib borgan qarama-qarshilik mavjud valyuta tizimi asosini isloh etish zaruriyatini yuzaga keltirdi. 1944-yilda oʻrnatilgan tuzilmaviy tamoyillar 60-yillar oxiriga kelib jahon iqtisodiyotida kuchlar nisbati oʻzgarishiga, jahon savdosi hamda ishlab chiqarish sharoitlariga javob bermay qoʻydi. Mazkur tizim AQShning oltin zahirasi xorijiy dollarlarni oltinga almashinuvini taʼminlagan holdagina faoliyat koʻrsatishi mumkin edi. AQShning oltin zahirasi mamlakatdan yirik miqdorda chiqib keta boshladi, hukumat tomonidan oltin chiqib ketishini toʻxtatishga qaratilgan turli choralarni qoʻllanilishiga qaramasdan, mazkur jarayon tashqi omillar taʼsirida yanada tezlashardi. Dollarlarni oltinga almashtirish imkoniyati butunlay cheklangan edi, uni faqat rasmiy darajada va faqat bitta joyda AQSh Gʻaznachiligida amalga oshirish mumkin edi. Xususan, 1949-yildan 1970-yilgacha boʻlgan davr oraligʻida AQSh oltin zahirasi hajmi ikki barorbardan ortiq darajada kamayib ketdi. Qoʻllanilgan barcha himoya tadbirlariga qaramasdan AQSh hukumati dollarning oltin bilan taʼminlanishi boʻyicha qabul qilingan xalqaro majburiyatini bir tomonlama bekor qildi.70-yillarning boshlarida oltin zahiralarini Evropa foydasiga qayta taqsimlash batamom sodir boʻldi, xalqaro aylanmada esa koʻp miqdorda naqd va naqdsiz koʻrinishdagi AQSh dollari muomalasi saqlanib qoldi.Bretton-vuds tizimi amal qilgan davrda jahon iqtisodiyoti juda tez sur’atlarda rivojlandi. Ushbu davr „iqtisodiy moʻjiza“ yillari boʻldi: inflyatsiya past darajada saqlandi, ishsizlik darajasi qisqardi, aholi turmush darajasi yaxshilandi. Lekin, bir vaqtning oʻzida mazkur tizimning asosi barbod boʻldi. AQSh sanoatida mehnat unumdorligi Evropa va Yaponiyaga qaraganda past boʻldi. Bu esa, AQShga Evropa va Yaponiya tovarlari eksportini oʻsishiga olib keldi. Natijada, Evropada „evrodollar“ning yirik miqdori toʻplandi. Gʻarbiy Evropa banklari esa, ularni amerika gʻaznachilik qogʻozlariga sarflashdi. Bu holat, AQShning tashqi qarzi oʻsishiga olib keldi. „Evrodollar“ning bir qismi 60-yillarning oxirida taqdim etildi, AQShning oltin zahirasi esa kamayib ketdi va natijada dollarni oltinga nisbatan erkin almashinuvi bekor boʻldi. Valyuta inqirozidan chiqishga bagʻishlab jahon miqyosida bir qator konferentsiyalar oʻtkazildi. 1972-1974 yilllarda XVF jahon valyuta tizimini isloh qilish loyihasini tayyorladi[4]. Mazkur loyiha 1976-yilda XVFga aʼzo mamlakatlarning kelishuviga koʻra Kingstonda oʻtkazilgan konferentsiyada rasmiy jihatdan kuchga kirdi. Yamayka valyuta tizimi asosiga oltin standartidan toʻliq voz kechish tamoyili qoʻllanildi.



  1. „The Bretton Woods Conference“ (eng). state.go website. U.S department of state (2001-yil 1-yanvar). Qaraldi: 22-iyul 2024-yil.
  2. JAMES, CHEN „Bretton Woods Agreement“ (english). Indestopedia (2024-yil 7-fevral). Qaraldi: 22-iyul 2024-yil.
  3. „Robert Triffin’s analysis“ (english). National bank (2023-yil yanvar). Qaraldi: 22-iyul 2024-yil.
  4. Ms. Dominique, Simard „France and the Breakdown of the Bretton Woods International Monetary System“ (english). elibrary. (1994-yil 1-oktyabr). Qaraldi: 22-iyul 2024-yil.