Kontent qismiga oʻtish

Jaʼfar as-Sodiq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jaʼfar as-Sodiq (toʻliq ismi Jaʼfar ibn Muhammad Abu Abdulloh)(tax. 700-yil, Madina – 765-yil) — shialikdagi jaʼfariylik mazhabi asoschisi, shialarning 6-imomi, tobein, hazrat Alining nabirasi[1]. „Sodiq“ laqabini toʻgʻri soʻz boʻlganligi uchun olgan.

Jaʼfar as-Sodiq shajarasi ota tomondan hazrat Aliga, ona tomondan hazrat Abu Bakr Siddiqqa borib taqaladi. Jaʼfar as-Sodiq siyosiy faoliyatda mutlaqo qatnashmagan, imomlikka daʼvogarlik ham qilmagan. U hokimiyat uchun qurolli kurash olib borishning dushmani edi, oʻz qarindoshlarining chiqishlarini (739–740-yillarda Zayd ibn Alining Kufada, 762-yil Muhammad an-Nafs az-Zakiyning Xijozda) qoralagan. Lekin diniy fanlar (hadislar, tafsir, fiqh)ni oʻrganishda oilaviy anʼanani davom ettirdi va „moʻtadil“ shialarning maʼnaviy rahbari boʻlib qoldi. U fiqh va ilohiyot masalalari muhokama qilinadigan majlislar tashkil etardi. Muhammad paygʻambar avlodlari (axli bayt)ning eng koʻzga koʻringan olimlaridan biriga aylanadi. Jaʼfar as-Sodiq din usullarini ishlab chiqqan, uning kimyoga oid bir necha risolalari boʻlgan. Hozirgi baʼzi musulmon ulamolari Jaʼfar as-Sodiq „arab ilmiy anʼanasining otasi“ degan fikr bildiradilar[2].

  1. Ahmad Muhammad. Sharq haqni topdi..., (Sharq donishmandlari va allomalarining sara hikmatlari), Toshkent: „Sharq“ nashriyoti, 2006 — 124-bet. 
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil