Iso Maxdum

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Hoji Mir Iso Maxdum muftiy bin Domullo Niyoz Muhammad muftiy Balxiy
Umumiy maʼlumot
Tavalludi 1826/27-yil
Buxoro
Vafoti 1887/88-yil
Fuqaroligi Buxoro amirligi
Kasbi shoir, olim, musiqashunos

Hoji Mir Iso Maxdum muftiy bin Domullo Niyoz Muhammad muftiy Balxiy (1826/27—1887/88) — Buxoroning iste’dodli shoiri, olimi va musiqashunosi. U tarixchi, olim va ma’rifatparvar Ahmad Donishning do‘sti va hamsuhbati bo‘lgan. Yozuvchi va shoir Sadriddin Ayniy o‘z „Esdaliklar“da va „Namunayi adabiyoti tojik“ asarida Iso Maxdum hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlarni bayon etgan.

Tarjimayi holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Iso Maxdum Buxoro madrasalarida tahsil ko‘rib riyoziyot, ilmi nujum va adabiyotni chuqur o‘rganadi. Musiqada ham katta iste’dodi bo‘lib, Sadriddin Ayniyning ta’kidlashicha, Shashmaqomning mushkilot qismlarini tanburda ancha mohirlik bilan chalar edi. Iso Maxdum milliy musiqa tariximizda birinchilardan bo‘lib Shashmaqomni notaga olishga harakat qildi.

Sadriddin Ayniy o‘zining esdaliklarida bayon etishicha, Iso Maxdum G‘ijduvon qozisi Abduvohid Sadr Sarir tomonidan tashkil etilgan xos yig‘inlarda faol ishtirok etgan. Bu xos yig‘inlarning bir qismida musiqa chalinib, Iso Maxdum qo‘shiq ijro etgan.[1].

Iso Maxdum mang‘itlar sulolasi hukmdori Amir Muzaffar zamonida (1860—1885) bir muddat Chorjo‘yda rais lavozimida ishlaydi. So‘ngra Buxoro shahriga qaytib, ilm bilan shug‘ullanadi, kambag‘al bolalar uchun maktab ochib, tekinga mudarrislik qiladi. Keyinchalik Amir Muzaffar uni avval Kalobod, so‘ngra Xoja Davlat madrasalariga mudarris etib tayinlaydi.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uning bayoz va tazkiralar orqali bizgacha 70 g‘azal, 9 muxammas, 2 ruboiy, 3 qit’a, shuningdek, nasriy hikoyalari meros bo‘lib qolgan. Iso Maxdumning musiqiy merosi bizgacha to‘liq yetib kelmagan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Айний С. Асарлар. Саккиз томлик. Олтинчи том. Эсдаликлар. III қисм. Тошкент: Бадиий адабиёт нашриёти, 1965. — 38 bet. 
  2. Тўраев Ф. Бухоро муғаннийлари. Тошкент: Фан, 2009 — 37 bet.