Xoja Davlat madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Xoja Davlat madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Xoja Davlat Saroy ibn Xoja Muhammad Xudoybaxsh
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Xoja Davlat Saroy ibn Xoja Muhammad Xudoybaxsh
Asosiy sana:
1700—1701-yillar
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 12 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Xoja Davlat madrasasi  — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Xoja Davlat madrasasi 1700—1701-yillarda Arki Basta (Qozi oʻrda) guzarida[1], ashtarxoniy hukmdor Subhonqulixon davrida, Xoja Davlat Saroy ibn Xoja Muhammad Xudoybaxsh tomonidan bunyod etilgan. Aslida ushbu bino masjid boʻlib, 12 ta hujrasi mavjud boʻlgan va xalq orasida madrasa sifatida mashhur boʻlgan. Madrasa gʻarbida Jon Muhammad ibn Abdulloh hovlisi, shimolida Zarifbek ibn Latif qutvol hovlisi, sharqida koʻcha, janubida Buxoro registoniga eltuvchi yoʻl mavjud boʻlgan. Xoja Davlat madrasasi Buxorodagi oliy toifadagi madrasalar qatoriga kirgan. Abdurauf Fitrat maʼlumotlariga koʻra madrasaning yillik vaqf mablagʻi 120 ming tangani tashkil etgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Madrasa uchun voqif Murgʻoq mavzesida 6 ta koʻl, Qorakoʻl tumanidagi Tarnagʻjoq mavzesida 19 boʻlakdan iborat xurri xolis yerni, Harqanruddagi Oʻzbekon mavzesida 15 tanob, Talli Gʻoziyon mavzesidagi 80 tanob dahyaki va Otuk mavzesida 200 tanob yerni, Xutfar tumanidagi Beruni masnok va Kushki Otabekdagi 2500 tangalik mulki xolis yer, Shirgaron mavzesida 40 tanob yer, Buxoro shahrida 2 ta baqqollik, 3 ta novvoyxona, 1 ta qassoblik va 1ta oshpazlik doʻkonini vaqf qilgan. Xoja Davlat madrasasining kutubxonasi ham mavjud boʻlgan. Madrasaga voqifning oʻzi mutavvali boʻlgan. Madrasaning hozirgi kunda ikkita vaqf hujjati mavjud. Vaqf hujjati Buxoro amiri Amir Shohmurod davrida koʻchirilgan[2]. Sadri Ziyo ushbu madrasada 12 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3]. Xoja Davlat madrasasi 12 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122 bet.