Kontent qismiga oʻtish

Husomuddin Umar ibn Abdulaziz Buxoriy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Husomuddin Umar ibn Abdulaziz Buxoriy
Tavalludi 1090-yil
Buxoro
Vafoti 1141-yil
Samarqand yaqini
Fuqaroligi Saljuqiylar davlati
Kasbi islomshunos-faqih, adib
Sohasi fiqh
Dini islom

Husomuddin Umar ibn Abdulaziz Buxoriy (1090-yil, Buxoro — 1141-yil, Samarqand yaqini) — mashhur fiqh olimi va adib.

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Husomuddin Umar ibn Abdulaziz Buxoroda tug‘ilgan. Shu yerda o‘qib ta’lim olgan. Saljuqiylar sultoni Sanjar (1118—1157) davrida butun Movarounnahrning qozilar qozisi bo‘lgan. Burhoniddin al-Marg‘inoniyning “Hidoya” asarida qayd etilishicha, Husomuddin Umar al-Marg‘inoniyga ustozlik qilgan[1]. Qoraxoniylar tomonidan sulton Sanjar mag‘lubiyatga uchratilganda, 1141-yili Husomuddin Samarqandga yaqin joyda halok bo‘lgan. Shundan keyin u „Sadri shahid“ degan laqab olgan[2]. Hozirgi kunda Tojikiston Respublikasi Isfara tumani Chorku qishlog‘ida Husomuddin Umar ibn Abdulaziz Buxoriy qadamjosi va muzeyi mavjud.

Husomuddin Buxoriy 8 ta asar yozib qoldirgan. Ulardan uchtasining qo‘lyozmasi hozirga qadar yetib kelgan:

„Al-Voqeot al-Husomiyya fi mazhabi al-hanafiyya“ (Hanafiylik mazhabi haqida Husomiy voqeotlari). Bu asar „Kitob al-voqeot“ nomi bilan mashhur. Asarda fiqh voqeotlari va ularni hal etish masalalari fiqh shaxobchalari furu’ asosida berilgan va tahorat masalasi bilan boshlanib, meros qonuni bilan tugallangan. Kitob asosan Markaziy Osiyoda fiqhning amaliy masalalarini yoritilgani uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Uning qo‘lyozmasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda (SVR, IV, № 3056).

„Jome’ as-sag‘ir“ (Kichik majmua). Asar „Jome’ Sadr ash-shahid“ nomi bilan yuritiladi. Bu kitob Muhammad ibn al-Hasan Shayboniy (vafoti 804)ning „Jome’ al-kabir“ asarining sharhlab, qayta ishlanganidir. Kitobning qo‘lyozmasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda (SVR, IV, № 3034, 3035).

„Usul al-fiqh“ (Fiqh usullari). Buning bir qo‘lyozmasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda (SVR, IV, 3057).

  1. Бурҳониддин Марғиноний. Ҳидоя. I жилд. Тошкент: Адолат, 2001 — 9-bet. 
  2. Ҳожи Исматуллоҳ Абдуллоҳ. Марказий Осиёда Ислом маданияти. Қисқача маълумотнома. Тошкент: Шарқ, 2005 — 69-bet.