Kontent qismiga oʻtish

Gruna Suxareva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gruna Yefimovna Suxareva
Tavalludi 1891-yil 11-noyabr
Kiyev, Rossiya imperiyasi
Vafoti 1981-yil 26-aprel
Moskva, RSFSR, SSSR
Fuqaroligi Rossiya imperiyasining bayrogʻi Rossiya imperiyasi, SSSR bayrogʻi SSSR
Kasbi psixiatr, oʻqituvchi
Sohasi psixiatriya
Ilmiy darajasi fan doktori
Ilmiy unvoni professor
Mashhur shogirdlari K. S. Lebedinskaya, M. Sh. Vrono, V. N. Mamseva
Mukofotlari

Gruna Yefimovna Suxareva (1891-yil 11-noyabr, Kiyev, Rossiya imperiyasi – 1981-yil 26-aprel, Moskva, RSFSR, SSSR) – sovet psixiatri, SSSRda bolalar psixiatriyasining asoschisi. Ilmiy adabiyotda birinchi boʻlib bolalik autizmining alomatlarini tasvirlaganligi bilan tanilgan (1925)[1][2]. RSFSRda xizmat ko'rsatgan fan arbobi.

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gruna Yefimovna 1891-yil 11-noyabrda Kiyevda Xaim Faytelevich Suxarev (?—1941) va Raxila Iosifovna Suxareva (?—1951) oilasida tavallud topgan[3]. 1915-yilda Kiyev ayollar tibbiyot institutini tamomlagan, shundan soʻng ikki yil davomida epidemiologiya boʻlimida shifokor boʻlib faoliyat olib borgan[4]. 1917-yildan 1921-yilgacha Kiyev ruhiy kasalliklar shifoxonasida psixiatr boʻlib ishlagan. Gruna bolalar va oʻsmirlar salomatligi institutining psixonevrologik klinikasida ham ishlagan. 1921-yilda Moskvaga koʻchib oʻtdi va u yerda bolalar va oʻsmirlar uchun sanatoriy va psixonevrologik davolash muassasalarini tashkil qildi.

Gruna Suxarevna 1933-yildan 1935-yilgacha Xarkovda psixiatriya kafedrasini boshqardi. 1935-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1935-yilda Markaziy tibbiyot fanlarini oʻrganish institutida bolalar psixiatriyasi kafedrasiga asos soldi va 1965-yilgacha unga rahbarlik qildi. 1938-yildan 1969-yilgacha RSFSR Psixiatriya institutida bolalar psixozi boʻyicha klinika mudiri boʻlib faoliyat olib bordi (klinikada 1979-yilgacha ishlagan). Suxareva koʻp yillar davomida P. P. Kashchenko nomidagi psixiatriya shifoxonasining ilmiy rahbari boʻlgan. Butunittifoq, Butunrossiya va Moskva nevropatologlar va psixiatrlar jamiyati boshqaruvi aʼzosi hamda Moskva nevropatologlar va psixiatrlar jamiyati bolalar boʻlimining raisi edi.

Suxareva 1981-yil 26-aprelda Moskvada vafot etdi va Vostrakovskiy qabristoniga dafn qilindi[5]. Moskva Sogʻliqni saqlash boshqarmasining 2015-yil 26-martdagi 243-son buyrugʻi bilan 2015-yil 18-maydan boshlab Moskvadagi bolalar va oʻsmirlarning ruhiy salomatligi ilmiy-amaliy markaziga (sobiq bolalar psixozi klinikasi) G. Y. Suxareva nomi berildi. Markaz Moskva, 5-Donskoy prospekti, 21-uyda joylashgan boʻlib, 18 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlarning oʻz joniga qasd qilish holatlarini davolash boʻyicha yetakchi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasa hisoblanadi[6].

Opasi – Mariya Yefimovna Suxareva (1897—1991), pediatr-infeksionist, tibbiyot fanlari doktori (1946), professor (1947)[7][8].

Mahalliy psixiatriyaning rivojlanishiga qoʻshgan hissasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

20-asrning boshlarida bolalar psixiatriyasi fan sifatida dunyoda mavjud emas edi va bolalik psixozlariga bagʻishlangan bir nechta ilmiy ishlar asosan kazuistik kuzatishlarga asoslangan edi. Biroq, bu ilmiy ishlarning (de Sanctis, Weygandt, Geller) qiymati shundaki, ular hatto yosh bolalarda ham psixozlarning paydo boʻlishi va rivojlanishi mumkinligini tasdiqladilar. Bundan tashqari bolalar psixozlari klinikasini tizimli oʻrganishga turtki berdilar. 1920-yillardan boshlab bu tadqiqotlar yosh sovet psixiatri Grunya Suxareva[9] tomonidan ijodiy ishlab chiqildi va boyitildi.

Suxareva ruhiy kasallikning evolutsion biologik konsepsiyasini ishlab chiqdi. Bunda yoshga bogʻliq reaktivlik omilining bolalar va oʻsmirlardagi turli xil ruhiy kasalliklarning klinik koʻrinishlariga taʼsirini oʻrgandi. Gruna Yefimovna birinchi boʻlib bolalik va oʻsmirlik davridagi ruhiy kasallikning individual nozologik shakllarini tasvirlab berdi. L. Kanner va H. Asperger tomonidan bolalik autizmining klassik taʼriflaridan 20 yil oldin, Gruna shunga oʻxshash holarlarni[10][11][12] aniqladi.

Gruna Suxareva shizofreniya dinamikasining qonuniyatlarini, uning boshlanishining ogʻirligi va jarayonning rivojlanish sur’atiga taʼsirini aniqladi. Birinchi boʻlib shizofreniyaning uchta turini aniqladi: doimiy sust, hujumlar va aralash.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Sukhareva—Prior to Asperger and Kanner“. 2022-yil 6-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 17-yanvar.
  2. „Tribute to Grunya Efimovna Sukhareva, the woman who first described infantile autism“. 2021-yil 11-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 17-yanvar.
  3. „Надгробный памятник Г. Е. Сухаревой и её родителей на Востряковском еврейском кладбище“. 2015-yil 2-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 6-yanvar.
  4. „Г. Е. Сухарева. К 120-летию со дня рождения“. 2014-yil 22-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 14-fevral.
  5. „Могила Г. Е. Сухаревой на Востряковском еврейском кладбище“. 2015-yil 2-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 6-yanvar.
  6. „ГБУЗ «НПЦ ПЗДП им. Г. Е. Сухаревой ДЗМ»“. 2017-yil 5-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 11-iyun.
  7. „Российская еврейская энциклопедия“. 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 12-iyun.
  8. „Надгробный памятник М. Е. Сухаревой на Введенском кладбище“. 2015-yil 2-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 12-iyun.
  9. „Ушаков Г. К. Детская психиатрия“. 2017-yil 29-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 4-iyul.
  10. „А. В. Горюнов Г. Е. Сухарева (к 120-летию со дня рождения)//Журнал неврологии и психиатрии.- 2012.- № 4“. 2014-yil 22-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 14-fevral.
  11. „Did A Soviet Psychiatrist Discover Autism In 1925?“. 2019-yil 16-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 17-yanvar.
  12. „Jewish genius: Grunya Sukhareva, the discoverer of child autism“. 2019-yil 17-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 17-yanvar.