Frilanser

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Frilanser soʻzi inglizchada "freelancer — shtatsiz ishchi, xususiy mutaxassis maʼnosini anglatib, bu istiloh ilk marotaba Volter Skotning „Ayvengo“ romanida „Oʻrta asrlardagi yollanma askar“ maʼnosida qoʻllanilgan. [1]

Bugun esa internet, bosma eʼlonlar yoki shaxsiy aloqa kanallari orqali oʻz xizmatlarini taklif qiluvchi turli soha mutaxassislari frilanser deb ataladi. Ular odatda jurnalistika (yoki matn yozish bilan bogʻliq boshqa faoliyat shakllari), huquqshunoslik, kompyuter dasturlash, arxitektura, barcha yoʻnalishlardagi dizayn (reklama, veb-dizayn, interer dizayni), tarjimonlik, foto va video tasvirga olish, ekspertlik va maslahatchilikning turli shakllarini oʻz ichiga olgan sohalarda xizmat koʻrsatishadi. Qurilish sohasida ham frilanserlik keng tarqalgan boʻlib, ayrim tashkilotlar quruvchilar uchun ish oʻrni ochmasdan, mavsumiy frilanserlar mehnatidan foydalanishni maʼqul koʻrmoqda.

Ijobiy[tahrir]

Frilanserlikning koʻpgina ijobiy jihatlari bor. Ular qatoriga erkin ish tartibi, uyda mehnat qilish imkonining mavjudligi (ayniqsa yosh onalar va koʻp harakat qilishga imkonsiz kishilar uchun maqbul xizmat), katta foyda (idora ijarasi, har kunlik yoʻl va ovqatlanish xarajatlarining tejalishi), faqatgina oʻz yumushiga masʼullik, shart-sharoitlarni oʻzi istagandek qulaylashtirish, jamoat tadbirlarida faol qatnashish, loyihalarni va hamkorlarni mustaqil tanlash kabilarni sanab oʻtish mumkin. Ish beruvchilarga esa vaqt oʻtkazish yoki ishchi oʻrni emas, balki faqatgina bajarilgan ish uchun pul toʻlanishi maʼqul keladi. Shuningdek, mahalliy mutaxassislarga bogʻlanib qolmasdan, turli hududlarda yashovchi yuqori malakaga ega xodimlar bilan ishlash mumkinligi, ijtimoiy koʻmak, mehnat taʼtili va xodimlar salomatligi uchun mablagʻ sarflamaslik kabi qulayliklari ham bor.

Salbiy[tahrir]

Frilanserlikning salbiy jihatlari ham yoʻq emas. Masalan, frilanser uchun doimiy ravishda yangi buyurtmalar va muntazam daromad manbaining yoʻqligi, ishni mustaqil qidirib topish bir oz qiyinchilik tugʻdirishi mumkin.

Bugungi kun[tahrir]

Bugungi kunda taraqqiyotni frilanserlar ishtirokisiz tasavvur qilish mushkul. Buni rivojlangan Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari va AQShda frilans-xizmat koʻrsatish bozorining keng taraqqiy etgani ham isbotlab turibdi. Ular tomonidan orttirilgan boy tajriba asosida dunyoning boshqa koʻplab mamlakatlarida ham ushbu xizmatdan foydalanish tobora keng quloch yoymoqda. Bundan oʻn yil muqaddam AQSh Mehnat departamenti mamlakatda qariyb 10,3 million ishchi frilanserlik bilan shugʻullanishini maʼlum qilgan edi. Bu mehnatga jalb etilgan umumiy ishchilarning 7,4 foizini tashkil etadi. Frilanserlikka asos solingan AQSh hozirga qadar frilanser-mutaxassislar soni boʻyicha dunyoda yaqqol peshqadamlik qilib kelmoqda. AQSh Frilanserlar uyushmasi (Freelancers Union) hamda „SYeO Elance-oDesk“ kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda 53 million amerikalik frilanser sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu esa mamlakat mehnat resurslarining qariyb 34 foizini tashkil etadi. Kompaniyaning 2014 yil III choragi boʻyicha hisobotida keltirilishicha, frilanserlar dunyo miqyosida 2,9 milliard AQSh dollari miqdorida foyda koʻrishgan. Topilgan mablagʻlarning qariyb yarmi texnologiyalar sohasiga tegishli boʻlsa, mualliflik ishlari va tarjimalar orqali ham kattagina foyda koʻrilgan. Har qanday frilanser mehnat bozorida uning xizmatlariga boʻlgan talabning qay darajada ekani bilan qiziqishi tabiiy. Bu borada axborot texnologiyalari boʻyicha koʻrsatilayotgan frilans xizmatlar yaqqol peshqadam ekanini aytib oʻtish joiz. Ayniqsa, web va app-development (veb-sayt va mobil ilovalar yaratish), dizayn, shu jumladan, savdo belgilari, logotiplar yaratish, grafik dizayn, saytlar dizayni, ularga kontent — bloglar, maqolalar, marketing materiallarini joylashtirish kabilar boʻyicha masofadan turib koʻrsatiladigan xizmatlarga ehtiyoj yuqori. Buyurtma beruvchilarni jalb qilish borasida frilanserlar uchun koʻplab qulayliklar yaratilganini ham aytib oʻtish lozim. Masalan, frilanserlar uchun maxsus internet resurslar, har xil mehnat birjalarida maxsus loyihalar agregatlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular orqali buyurtma beruvchilarga masofadan turib koʻrsatiluvchi xizmatlar, turli taklif hamda yoʻl-yoʻriqlar berib boriladi. „Freelancer.com“ saytining mintaqaviy direktori Nikki Parkerning taʼkidlashicha, bu borada eng katta muammo faoliyatni boshlab olish. „Mahalliy miqyosda ish olib borish uchun yaxshigina obroʻ-eʼtibor hamda mijozlar sizni tanlashga koʻzi etadigan darajada aloqa kanallariga ega boʻlish talab etiladi. Jahon miqyosida ishlash uchun esa birinchi oʻrinda xizmatingiz uchun mijozlar tomonidan qoldirilgan fikr-mulohazalar va onlayn-reputatsiya zarur“, deydi u.

Manbalar[tahrir]

  1. Frilanser boʻlmoqchiman