Frigiya va Lidiya
Frigiya – Kichik Osiyoning shimoliy-g‘arbida joylashgan tarixiy viloyat. Frigiya aholisi - frigiyaliklar (Yevropadan ko‘chib kelganlar). Miloddan avvalgi 2 ming yillikda Frigiya gullab-yashnadi va o‘z hududini kengaytirishga erishdi. Gomer “Iliada” sida Frigiya Troyaga yunonlarga qarshi kurashishda yordam bergan, so‘ng Troya ustidan o‘z “hukmronligini o‘rnatdi” deb yozilgan[1].
Lidiya. Frigiyaning boy madaniyati Kichik Osiyoning g‘arbidagi Germa daryosi vohasida istiqomat qilgan qabilalarga jiddiy taʼsir o‘tkazgan. Ushbu voha Frigiya davlati hududida joylashgan bo‘lishi ham mumkin. Uning markaziy qismi Midiya tilida Sfart, yunoncha - Saru deb nomlangan. Miloddan avvalgi VII asrda Germa vodiysi aholisini ossuriyaliklar va yunonlar avval meonlar, so‘ng lidiyaliklar deb ataganlar. Lidiyaliklar tili xettlar tiliga o‘xshagan bo‘lishi mumkin[1].
Frigiya tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Miloddan avvalgi XII asrda Frigiya Xett davlati qulashida katta rol o‘ynadi va uning katta qismini o‘ziga qo‘shib oldi. Shu asr oxirida esa Frigiya Ossuriya bilan to‘qnash keldi. Tiglatpalasar I yozuvlarida Frigiya “mushklar davlati” deb tilga olinadi (yunoncha “mosxlar”). Miloddan avvalgi X - VIII asrda Frigiya poytaxti Gordion shahri bo‘lgan. Miloddan avvalgi IX asrda Frigiya Egey dengizida o‘z hukmronligini o‘rnatdi. Miloddan avvalgi VIII asrda esa Frigiyaning xalqaro mavqei biroz yomonlashdi. Uning shimoliy va shimoliy-g‘arbiy hududlarini Yevropadan ko‘chib kelayotgan yangi xalqlar egallay boshlashdi, Sharqda esa Ossuriya bilan to‘qnashuvlar ko‘paydi[1]
Frigiya shohi Midas (ossuriyacha - Mita) miloddan avvalgi 717 yilda Urartu bilan ittifoq tuzadi, lekin 713 yili Ossuriyadan bir necha marta mag‘lubiyatga uchragandan keyin Sargon II bilan shartnoma tuzadi va g‘olibga boj to‘lashga majbur bo‘ladi. Frigiyaga kimmer qabilalari ham xavf solar, miloddan avvalgi VII asrning 70 - yillarida ular Frigiyaning ancha qismini bosib olgan edilar. Gerodot so‘ziga ko‘ra frigiyaliklar Yevropada yashagan paytlarida o‘zlarini briglar deb atashgan. Osiyoga ko‘chib kelganlaridan keyin esa o‘z nomlarini frigiyaliklarga o‘zgartirganlar. Yozuv va ismlarga asoslangan holda aytish mumkinki, frigiyaliklar tili hind-evropa tillari turkumiga kirgan va yunon tili bilan bog‘liq.
Xett davlati bilan bevosita aloqadagi mahalliy aholi bilan yaqin frigiyaliklar tez orada Old Osiyoning qadimgi jamoalariga xos bo‘lgan sivilizatsiya darajasiga yetib oldilar. Arxeologik manbalarga asoslangan holda aytish mumkinki, dehqonchilik Frigiya jamoasining iqtisodiy asosi bo‘lgan. Frigiyaning hududi bo‘ylab ko‘plab istehkomlar qurilgan edi. Frigiyada qazishlar paytida topilgan sopol idishlar o‘tgan davrdagi hunarmandchilik anʼanalarining taraqqiyot darajasini ko‘rsatadi. Unda Xett davlati, Kichik Osiyo va hatto Kipr kulolchiligining namunalarini ko‘rish mumkin.
Shoh va amaldorlar qo‘rg‘onlarda dafn qilinib, hunarmandchilik taraqqiy etishi tufayli tosh maqbaralar qurila boshlandi. G‘arbiy sohildagi yunon shahar-davlatlari bilan Frigiya savdo aloqalarini o‘rnatgan bo‘lib, bu yunon va frigiya jamiyatlari madaniyati yaqinlashuviga olib kelgan. Ossuriya va yunon manbalarida faqat ikki Frigiya podshosi – Gordiya va Midas ismi keltiriladi. Ayrim mutaxassislar bu ismlar emas, balki shohlik amallari nomi deb xisoblashadi.
Frigiyaliklar dehqonchilik, chorvachilik bilan, shuningdek marmar qazib olish, oltin konlarini o‘zlashtirish, junni qayta ishlash bilan shug‘ullanishgan. Savdo-sotiq ishlari ko‘proq yunonlar va rimliklar bilan olib borilgan. Frigiyaliklar asosan qishloq joylarda yashashgan, lekin bir necha Gordion, Kelena, Kotiy kabi katta shaharlar ham bo‘lgan.
Frigiya madaniyatining Egey dengizi atrofida yashaydigan xalqlar madaniyati va sivilizatsiyasi bilan o‘xshash tomonlarini ko‘rish mumkin. Qadimgi Frigiya alifbosi yunon alifbosining bir varianti bo‘lib, Frigiya va Yunoniston madaniyatining yaqin aloqalarini ko‘rsatadi. Kadimgi Yunon afsonalarida Frigiya shohi Midasga katta o‘rin berilgan. Ularga ko‘ra shoh qo‘li tekkan narsa oltinga aylangan. Sakarya (Sangariy) daryosi vohasida topilgan qadimgi Frigiya yozuvlari, shuningdek G‘arbiy Kichik Osiyo va Kappadokiya shaharlaridan ham topilgan. Bularning bari, Frigiya davlati gullagan davrida uning chegaralari g‘arb va sharqqa tomon keng hududlarni egallaganligini ko‘rsatadi. Yunon madaniyati Frigiyaga Germa vohasi orqali kirib kelgan. Shu yo‘l bilan Frigiya madaniyati o‘z taʼsirini Kichik Osiyoning g‘arbiy sohilidagi yunon aholisiga o‘tkazgan. Frigiya musiqasi yunonlar tomonidan qabul qilinib, qadimgi yunon madaniyatining rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Miloddan avvalgi VIII asrda paydo bo‘lgan frigiya yozuvi alifboli bo‘lib, yunon alifbosi bilan o‘xshash joylari bor edi. Ayrim harflarning maʼnosi hali to‘liq o‘rganilmagan.
Shuningdek miloddan avvalgi VIII-VII asrlardagi qadimgi Frigiya yozuvi Tiana, Likaoniya va Kichik Osiyoning boshqa o‘lkalaridan topilgan. Bu esa Frigiya kimmeriylar bosqiniga qadar egallagan hududni aniqlashga yordam beradi. Milodiy I asrlarga oid yangi Frigiya yozuvi asosan yunon harflaridan tarkib topgan.
Frigiyaliklarning dini Kibela xudosi, uning yori, o‘lib, qayta tiriladigan xudo Attisaga eʼtiqod qilish keng tarqalishi bilan ajralib turadi. Keyinchalik bu eʼtiqod Yunoniston va Rimda ham keng tarqalib ketdi. Frigiya adabiyoti mavjud bo‘lganligini faqat antik mualliflarning qisqa maʼlumotlari orqali bilib olish mumkin. Yunon anʼanalari Gomergacha yashagan va frigiyalik yoki troyalik “Iliada”ni yozgan frigiyalik Dares, matalchi Ezop, faylasuf – ateist Diogen haqida ma’lumotlarni saqlab qolgan. Bir qator yunon rivoyatlari va afsonalarining qahramonlari (Tantal, Pelops, Niobse, Marsiy) frigiyalik bo‘lganlar. Shohlar Gordiya va Midas haqidagi afsonalar ham keng tarqalgan. Bularning barchasi frigiyaliklar va yunonlar madaniyati va ma’naviyati o‘zaro yaqinligini ko‘rsatadi.
Frigiya musiqasi va cholg‘u asboblari Sharq va G‘arbda ham mashhur bo‘lib, yunon musiqa shakllarining paydo bo‘lishi va rivojlanishida katta o‘rin tutgan.
Uylar, maqbaralar, ibodatxonalarning qoyalarda qurilganligi Frigiya me’morchiligining o‘ziga xos xususiyati edi. Bunga misol qilib, “Midas maqbarasi” ni (miloddan avvalgi VIII asr Yazil - qoya) keltirish mumkin. Frigiyaliklar inshootlarida yunon, xett meʼmorchiligi taʼsirini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Frigiya kulolchiligida ham xett va kiprliklar taʼsiri nomoyon bo‘ladi[1].
Lidiya tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yunonlarning dalolat berishicha, Germa daryosi vodiysi “jannatmakon” yurt edi. U dehqonchilik va bog‘dorchilik uchun qulay va sunʼiy sug‘orishga xojat bo‘lmagan. Bu yerda oltin konlari ham bor edi. Lidiyada hunarmandchilik yuqori rivojlanganligini oltin, tosh va fil suyaklaridan yasalgan buyumlardan bilib olsa bo‘ladi[1].
Zargarlikdan tashqari Lidiyada to‘qimachilik va terini qayta ishlash ham ravnaq topgan. Hunarmandchilikning rivoji uchun turli xom ashyo talab etilgan. Lidiya o‘z xom ashyo bazasiga ega bo‘lmaganligi sababli xom ashyo qo‘shni davlatlardan olib kelingan. Bu o‘z navbatida savdo-sotiqning ham rivojlanishiga sabab bo‘lgan.
Lidiyaning savdo yo‘llarining kesishgan joyida joylashuvi ham bu sohaning mamlakat hayotida muhim rol o‘ynaganini ko‘rsatadi. Yunonlarning tarixiy anʼanalariga ko‘ra tarixda birinchi bo‘lib lidiyaliklar tangalar zarb qilgan. Gerodot ham buni taʼkidlab “lidiyaliklar juda ko‘p tangalarga ega” deb yozadi.
Germa vodiysini egallagan Frigiyada ishlab chiqaruvchi kuchlarning o‘sishi hamda sinfiy munosabatlar taʼsirida Lidiyada quldorlik tuzumi kuchayib bordi.
Lidiya kuchli harbiy qo‘shinga ega bo‘lib, uning asosini piyodalar emas, balki uzun nayza bilan qurollangan otliqlar tashkil qilgan. Ular asosan zodagonlar, yirik va o‘rta hol quldorlardan yig‘ilar edi.
Lidiya tarixida bizga maʼlum bo‘lgan dastlabki voqealar kimmer va frakiya qabilalari bosqini (miloddan avvalgi VII asr boshlari) hamda buning natijasida ro‘y bergan sulolalar almashuvi edi. Miloddan avvalgi 692 yil yangi sulolaning birinchi shohi Giges (Guggu) taxtga o‘tirdi. Ossuriya yordamiga tayangan holda u miloddan avvalgi 665 yilda bostirib kelgan kimmeriyliklarni mamlakatdan haydab chiqaradi va ularni sharqqa chekinishga majbur qiladi. Keyinchalik Giges Misr shohi Psammetix I bilan aloqa o‘rnatdi. Misr shohi Giges yordamida Ossuriya istilosidan ozod bo‘lish maqsadida unga yordam berish uchun qo‘shin jo‘natadi.
Tez orada Lidiya yana kimmeriylar bosqini qurboni bo‘ladi. Miloddan avvalgi 654 yilda Giges jang maydonida halok bo‘ladi va bosqinchilar mamlakatning katta qismi, hatto Sardni ham bosib olishga erishadilar. Ko‘p yillik kurash natijasida Gigesning o‘g‘li Ardis (miloddan avvalgi 654 - 505 yillar) kimmeriylarni Lidiyadan quvib chiqarishga muvaffaq bo‘ladi.
Mamlakat bosqinchilardan ozod qilinganidan so‘ng, Ardis Kichik Osiyoning g‘arbiy dengiz bo‘yida joylashgan yunon shahar-davlatlarini bosib ola boshladi. Ardis sohilning markaziy qismida, yirik yunon shahri Milet va Priena shahrini istilo qiladi. Lekin Miletga qarshi harbiy yurishlarda u muvaffaqqiyatga erisha olmaydi va keyinchalik bu ishni uning o‘g‘li va nabirasi davom ettiradi. Ichki kurash va nizolar ushbu shahar-davlatlarining tez taslim bo‘lishiga yana bir sabab bo‘ldi. Lidiya shohlari bundan foydalanib, bu shaharlarni osonlikcha bosib olar, aksincha, sharoiti barqaror shaharlarda qattiq qarshilikka duch kelar edilar.
Ardis nabirasi Aliatt hukmronligi davrida sharqda yana bir xavf – Midiya davlati paydo bo‘ldi. Midiya davlati shoh Kiaksar davri – miloddan avvalgi 615 - 605 yillarda Ossuriya davlatini yakson qiladi va Urartuni egallagach, so‘ng Kichik Osiyoni istilo etishga kirishadi.
Miloddan avvalgi 591 yilda Lidiya va Midiya davlatlari o‘rtasida olti yil davom etgan urush boshlandi. Bu urush miloddan avvalgi 585 yil 28 mayda Galis daryosi bo‘yida yakunlandi. Miletlik faylasuf Falesning aytishicha, shu kuni Quyosh tutilishi sodir bo‘lgan. Gerodot “Kun birpasda tunga aylandi” deb yozadi. Bu voqea kurashayotganlarga kuchli taʼsir qilib, afsonada aytilishicha, ular bobilliklar yordamida tinchlik tuzishga shoshilishgan. Ushbu shartnomaga ko‘ra Galis daryosi Midiya va Lidiya o‘rtasidagi chegara qilib belgilangan. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash maqsadida Aliatt o‘z qizini Midiya shohi Kiaksarning o‘g‘li Astiagga beradi. Miloddan avvalgi 585 yil esa Astiag otasining o‘rnini egallab Midiya taxtiga o‘tiradi.
Shunday qilib, sharqda Midiya davlati bilan birgalikda o‘z mavqeini mustahkamlagan Aliatt yunon shahar-davlatlariga qarshi bosqinchilik yurishlarini davom ettirdi. Bundan tashqari, u Kichik Osiyodagi qabilalarni (paflagon, vifin, kariy va boshqalar) ham bo‘ysundirish niyatida edi.
Astiagning o‘g‘li Krez (miloddan avvalgi 560 - 546 yillar) oxir-oqibat Kichik Osiyo yunonlarini o‘ziga tobe qilib, ularni Lidiyaga boj to‘lashga majbur qildi. Natijada Krez Kichik Osiyoning likiyalik va kilikiyaliklar yashaydigan joylaridan boshqa barcha hududlarning yagona hokimiga aylandi. Lidiyaning Kichik Osiyodagi yunon shaharlari bilan munosabatlari madaniyatning o‘zaro mushtaraklashuvi va boyishiga sabab bo‘ldi. Lidiyaliklar ham frigiyaliklar kabi yunon alifbosini o‘rganib, o‘zlarida tatbiq etishdi. Mamlakatda yunon tili keng miqiyosda o‘rgana boshlandi.
Lidiya shohlari Gigesdan boshlab o‘z yunon qo‘shinlariga, so‘ng esa xalqiga taʼsir o‘tkazish maqsadida yunon ibodatxonalariga qimmatbaho sovg‘alar yo‘llar va ularning yordamiga suyanar edi.
Miloddan avvalgi 550 yil Krez Lidiya davlatiga qarashli Midiyani bosib olgan Eron shohi Kirga qarshi urush ochdi. Lidiya kuchli otliq qo‘shiniga ega bo‘lishiga qaramay, miloddan avvalgi 547 yil bu urushda mag‘lubiyatga uchradi. Fors qo‘shinlari hech qanday qarshilikka uchramay avval Sardni, so‘ng yunon shaharlarini ham egallashdi. Shu davrdan boshlab Kichik Osiyo Axamoniylar davlati tarkibiga kiradi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Гасратян М.А., Орешкова С.Ф., Петросян Ю.А. Очерки истории Турции. М.,, Moskva, 1983.
- Almanac Turkey.1977-1983. Ankara, Turkish Daily News, Turkiya, 1977-1983.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |