Evril Turon
Evril Turon (haqiqiy ism-sharifi Mamadali Mahmudov; 1940-yil 12-dekabr, Jizzax viloyati, Forish tumani, Bogʻdon qishlogʻi - 2020-yil 16-oktabr, Toshkent shahri) — oʻzbek yozuvchisi va Oʻzbekiston madaniyat forumining sobiq raisi, ayni paytda Xalqaro Turon Yozuvchilar Ittifoqining raisi[manba kerak]. 1981-yilda yozilgan „Oʻlmas qoyalar“ romani bilan mashhur.
Tarjimai holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mamadali Mahmudov 1940-yilning 12-dekabrida Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Bogʻdon qishlogʻida tugʻilgan. Otasi Mahmud Ahmad oʻgʻli Togʻ begisi (Togʻdagi oʻrmon va hayvonlarga qarovchi) 1943-yilda urushga ketib, bedarak ketgan. Onasi Saodat opa bitta farzand bilan qolgan. Yozuvchining hikoya qilishicha, shoʻrolarga qarshi qurolli kurashda ishtirok etgan bobosi Ahmad Bek 1936-yilda osib oʻldirilgan.
Mamadali Mahmudov boshlangʻich sinfda Bogʻdon qishlogʻi, 8 sinfgacha Oltinkon shaharchasidagi maktablarda tahsil olgan.1959-yilda Sovet Armiyasiga ketib, 3 yil harbiy xizmatni oʻtagan.
1962-yilda komsomol yoʻllanmasi bilan Rossiyaning Tula viloyati, Efremov shahriga kimyo kombinati qurilishiga yoʻllangan. Voronej shahrida kimyo-mashina qurilishi kursini bitirgan.
1964-yilda Chirchiq shahridagi kimyo kombinatiga ishga kirib, mashinist yordamchisi va mashinist boʻlib ishlagan. Bir vaqtning oʻzida kechki yoshlar maktabida, 10 va 11-sinflarda tahsil olgan.
1966-yilda Toshkent Davlat Universiteti filologiya fakultetining jurnalistika boʻlimiga oʻqishga kirgan. Soʻnggi kurslarni sirtdan oʻqib, "Saodat" jurnalida ishlagan.
1974-yilda birinchi kitobi — „Togʻ ohusi“ ocherklar toʻplami nashr qilingan.
1975-yilda chop etilgan "Bogʻdon qashqiri" qissasida yozuvchi birinchi marta bosmachilik harakati ishtirokchilarini milliy-ozodlik kurashchilari sifatida tasvirlagan. Adib oʻzining 1981-yilda "Sharq Yulduzi" jurnalida chop etilgan „Oʻlmas qoyalar“ romanida ayni mavzuni davom ettirib, Oʻrta Osiyoga rus bosqinini qoralaydi. Moskvadagi muhokamalar ortidan taqiqlangan roman Turkiya va Gʻarbiy Olmoniya jurnallarida chop etiladi[1].
Yozuvchilar uyushmasidagi maslahatchilik lavozimidan ishdan olinib, DXQ (KGB) tomonidan soʻroq qilingan Mamadali Mahmudovning oʻzi aytishicha, oʻsha paytdagi Oʻzbekiston rahbari Sharof Rashidov qamoqdan asrab qolgan.
Asar toʻlaligicha faqat mustaqillikdan soʻng, 1991-yilda kitob holida dunyo yuzini koʻrgan[2] va Choʻlpon mukofotiga sazovor boʻlgan.
Mamadali Mahmudov ijod bilan birga jamoatchilik ishlari bilan ham faol shugʻullangan. U Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi, Madaniyat Jamgʻarmasi raisi lavozimlarida ishlagan.
1991-yilgi prezident saylovlarida "Erk" partiyasini qoʻllab-quvatlagan[3].
Birinchi qamoq muddati
[tahrir | manbasini tahrirlash]1994-yili 3-mart kuni oʻnlab IIV xodimlari Mamadali Mahmudovning uyiga va ofisiga bostirib keldi. 4-aprel 2003-yil uning Oʻzbekiston Prezidentiga ochiq xatida yozishicha, ular uyiga toʻpponcha, giyoxvand moddalar va "Erk" gazetasining bir nechta sonini tashlab ketgan. Giyoxvand moddalar ofisiga ham tashlab ketilgan edi. Ushbu xatida Mamadali Mahmudov uyiga gazetalarni tashlab qoʻygan odam bir necha yildan soʻng kim ekanligi bilganini va bu DXQ (KGB) xodimi Aktam Roziqov ekanligini yozdi. Oʻsha kuni Evril Turonni IIV binosiga olib ketishgan. Davlat mulkini oʻgʻirlashda aybdor, deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 5 oy va 18 kun IIV binosining yertoʻladagi hibsxonasida oʻtirgan. Soʻngra Navoiy-29, Olmaliq-45 qamoqxonalarining hibsxonalarida saqlangan[4]. Ish „PEN America“ va „Amnesty International“ tomonidan soxtalashtirilgan deb baholandi.
Ozod qilinishi uchun xalqaro kampaniyadan keyin 1996-yil 6-avgust kuni avf qoʻllanib, muddatidan oldin ozod qilingan[3].
Ikkinchi qamoq muddati
[tahrir | manbasini tahrirlash]1999-yil 19-fevral kuni, soat taxminan besh-oltilarda, kechki payt oʻz mahallasidagi doʻkonning yonida, yuzlab odamlar shohidligida qora niqobli odamlar tomonidan oʻgʻirlab ketildi. Keyinchalik bilishicha, ular unga tegishli „Tiko“ avtoulovini ham oʻgʻirlab ketishgan. Prezidentga ochiq maktubida Toshkentdan 2,5-3 soat yoʻl uzoqlikda joylashgan zindonda unga nisbatan qoʻllangan dahshatli qiynoqlar haqida yozgan[4]. Toshkent shahar prokuraturasi qoʻlga olinishidan keyin bir yarim oy oʻtibgina uni hibsga olish haqida farmon bergan. Prokurorning farmonidan soʻng IIVning zindoniga, soʻngra esa IIV 1-tergov izolyatoriga („Toshturma“ga) tashlangan.
18-avgust 1999-yili Jinoyat kodeksining 25-, 159-(band 4), 242-(band 1), 216-moddalari boʻyicha ayblanib 14 yil qamoq jazosiga hukm etildi. 1999-yilning 14-dekabrigacha „Toshturma“ning zindonida saqlangan. 15-dekabrda eas Navoiy shahridagi 46-zonaga tashlangan. U yerdagi maxbuslarga, ayniqsa 159-modda boʻyicha qamalganlarga nisbatan noinsoniy munosabatni va tahqirlashlarni keyinchalik Prezidentga yoʻllagan ochiq maktubida batafsil taʼriflab bergan[4].
2000-yilning 24-aprelida Qoraqalpogʻistonnig Kungrad tumanidagi „Jasliq“ qamoqxonasiga koʻchirildi.
2000-yilning 1-iyulida yana 46-zonaga joʻnatildi. U yerda u 16 kun tibbiy-sanitar boʻlimda yotdi. 16-kunda Sanshaharga yuborildi. Sanshaharda Mamadali Mahmudov 8 oy va 18 kun davolandi. Maʼlum boʻlishicha, „Jasliq“da u 12 kasallik, jumladan oshqozon yazvasini ham orttirgan.
2001-yil 16-iyundan Chirchiq zonasida saqlangan. Bu yerda u Sanshaharda boshlagan arab bosqini haqidagi sheʼriy roman ustida ishlashni davom ettirdi[4].
Qizi Vatan Mahmudovaning Oʻrta Osiyo inson huquqlari uyushmasiga xabar berishicha, otasi 2012-yilning 26-oktabrida boshdagi jarohat bilan gospitalga yotqizilgan[5].
2013-yilning fevralida 14 yillik qamoq muddati tugashiga qaramay, ozod etilishi oʻrniga „Toshturma“ga yuborildi. Uning xotini Gulsara Mahmudovaning xabar berishicha, yozuvchining qamoq muddatini uzaytirilishiga sabab „jazoni ijro etish maskanining ichki tartiblarini buzish“ deb koʻrsatilgan[6].
2013-yilning 19-aprelida, kechki payt 72 yoshli Mamadali Mahmudov ozod etildi va oʻzining besh nafar nabirasini birinchi martda koʻrdi[7].
Keyingi hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]2016-yilning iyun oyidan mamlakatdan chib ketmoqchi ekanligini aytdi[8].
Shu yili Amerika va Ovrupodagi turkistonlik yozuvchilar tomonidan Xalqaro Turon Yozuvchilar Ittifoqiga rais etib saylandi. 2016-yil 4-dekabr kuni oʻtadigan prezident saylovlarida Shavkat Mirziyoevga ovoz berishini va uning nomzodini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi[9].
2020-yilning 16-oktabrida Toshkent shahrida vafot etdi.[10]
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qizi Vatan, oʻgʻillari Bobur va Turon hamda beshta nabirasi bor. Uning aytishicha, oʻgʻil-qizi ishsiz, oila "chol-kampirning 450 mingga yetmaydigan" pensiyasiga tirikchilik oʻtkazmoqda. Boz ustiga oilaning 14 ming dollar qarzi ham bor. "220 ming pensiya olaman, bu pul oladigan dorilarimdan bir turining bittasiga ham yetmaydi", deydi yozuvchi[11].
2016-yil 29-oktabrida uning nabirasi Mirza Xolmedovning (Xudoyberdi Toʻxtaboyevning nabirasi) qiziga uylandi[12].
Ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1981-yilda „Oʻlmas qoyalar“ romanini yozgan. „Tumanli kunlar“ qissasini va „Oqgul“ romanini ham yozgan. Asarlari Fransiya, Olmoniya, Kanada, Turkiya, Norvegiya, Angliyada nashr etilgan[9].
2016-yilda „Dunyo oʻzbeklari“ elektron gazetasida arablar bosqini toʻgʻrisidagi "Boʻzboʻri" romani eʼlon qilingan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Mamadali Mahmudov: dunyo eʼtiqod bilan tirik, eʼtiqod bilan goʻzal! — bbc uzbek, 2016-10-13da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2016-07-10
{{citation}}
: no-break space character in|title=
at position 68 (yordam) - ↑ arxiv nusxasi, 2016-08-18da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2016-07-10
- ↑ 3,0 3,1 MAMADALI MAHMUDOV, UZBEKISTAN
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 Otkritoe pismo zaklyuchennogo pisatelya Mamadali MAXMUDOVA (Evrila TURONA) Prezidentu Respubliki Uzbekistan Islamu KARIMOVU, 2014-05-18da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2016-07-10
- ↑ Uzbekistan: jailed writer Mamadali Makhmudov receives serious head injury, 2016-08-16da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2016-07-10
- ↑ Jailed Uzbek Writer Faces New Prison Term After Serving 14 Years
- ↑ WRITER MAMADALI MAKHMUDOV RELEASED AFTER OVER 14 YEARS IN PRISON
- ↑ 17 yil qamoqda saqlangan yozuvchi Oʻzbekistondan chiqib ketmoqchi
- ↑ 9,0 9,1 Oʻzbekiston respublikasi Bosh vaziri,[sayt ishlamaydi] Muvaqqat prezident janob[sayt ishlamaydi] Sh.M. Mirziyoevga[sayt ishlamaydi]
- ↑ https://www.ozodlik.org/a/30896875.html
- ↑ Yozuvchi Mamadali Mahmudov prezidentga avgustda yozgan xatiga javob olmadi
- ↑ BOLALAR YoZUVChISI — MAShHUR SANЪATKOR BILAN QUDA BOʻLDI[sayt ishlamaydi]