Ekskavator

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ekskavator (lot. yexsauo — oʻyaman, qaziyman) — togʻ jinslari va yerni (gruntni) qazish, ularni transport vositalariga yuklash yoki toʻplash uchun moʻljallangan qazishyuklash mashinasi. Yer qazish mashinalarini yaratish gʻoyasini 16-asrda Leonardo da Vinchi E. draglayn sxemasi tarzida ilgari surdi. E.ning chizmasini birinchi marta rus muhandisi A.A. Betankur 19-asr 20- yillarida ishlab chiqqan. 1834 yilda AQSH da V. Otisom natent olgan; 1910 yilda birinchi elektr dvigatelli E., 1912 yilda dizel yonilgʻisida ishlaydigan, 1920- yillarda relsda harakatlanib, toʻla buriladigan E. ishlab chiqarildi. Keyinchalik E.ning tuzilishi takomillashtirib borildi.

E. bir kovshli (uzluksiz yoki siklli ishlaydigan) va koʻp kovshli (uzluksiz ishlaydigan) xillarga boʻlinadi. E.ning asosiy qismlari; kovsh (choʻmich), sharnirli quloch, kuch qurilmasi (dvigatel), buriladigan korpus va yurish qismi (gusenitsa, gʻildiraklar). Bir kovshli E.ning ish sikli kon jinsi yoki gruntni kesish yoki qazish, toʻlgan kovshni boʻshatish va kovshni zaboyga qaytarishdan iborat. E.ning quvvati, turi va ish sharoitiga qarab, ish sikli 15—80 sek davom etadi. Yurish qismlarining turiga koʻra, gusenitsali, gʻildirakli, odimlovchi, relsda yuradigan, suvda suzadigan, gʻildirakligusenitsali; kuch qurilmasining turiga koʻra, bir dvigatelli va koʻp dvigatelli; ichki yonuv dvigatelli, elektr, gidravlik, pnevmatik va aralash dvigatelli; boshqarish turiga qarab, qoʻlda, gidravlik, pnevmatik, elektr bilan va aralash boshqariladigan; ish organining turiga koʻra, toʻgʻri va teskari kurakli, draglaynli, greyferli va boshqa E.lar boʻladi. Toʻgʻri kurakli E. keng tarqalgan. Bunday E.lardan foydali qazilmalarni qazib olishda, qattiq va toshloq gruntlarda zovurlar qazishda foydalaniladi. Teskari kurakli E. tor zovurlar qazishda, uncha katta boʻlmagan zovurlarda inshootlar qurishda qoʻllaniladi. Draglaynli E. oʻzi turgan sathdan pastdagi gruntlarni qaziydi. Greyferli E. yuklash ishlarida, zovur qazish va boshqalar maqsadlarda ishlatiladi. Turli almashtiriladigan jihozlar (montaj ishlari, yuk ortish va tushirish, burgʻilash, ustunqoziqlar qoqish va boshqalaruchun) bilan jihozlangan E.lar universal E. deyiladi. Gidroyuritmali, yaʼni gidroekskavatorlar ham keng tarqalgan. Ularda turli ish organlari buriladigan platforma bilan sharnirli birikadi va yuqori (30—100 MPa) bosimli nasoslar bilan harakatlanadi. Vazifasiga qarab, bir kovshli E., qurilishda, karyerda, tunnelda ishlatiladigan, kon ochadigan, suzib yuruvchi va boshqalar xillarga boʻlinadi. Tunnel vashaxta E.lari aksari yer osti ishlarida qoʻllanadi. Bir kovshli E.lar kovshining sigʻimi — 160 m³gacha.

Koʻp kovshli E. ish jihozlarining turiga qarab, zanjirli va rotorli xillarga boʻlinadi. Zanjirli E.larda kovshlar (12—40 ta) yoʻnaltiruvchi rama gʻaltaklari boʻyicha harakatlanuvchi uzluksiz zanjirga mahkamlanadi. Rotorli E.larda ish organi 6—12 ta (baʼzan 24 gacha) kovsh oʻrnatilgan rotordan iborat. Bunda grunt toʻkish konveyeriga berilib 150 m gacha tashiladi. Uning kovlash balandligi 50 m gacha, chuqurligi esa 25 m gacha boʻladi. Rotorli E.lar koʻproq konlarda ishlatiladi. Harakat yoʻnalishiga qarab, koʻndalangiga, boʻylamasiga qaziydigan va buriladigan xillarga boʻlinadi. Koʻp kovshli E.larning ish unumdorligi 15000 m³/soat gacha yetadi. E.lar Rossiya, AQSH, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Polsha, Chexiya va boshqalar mamlakatlarda ishlab chiqariladi. Toshkent ekskavator zavodida ham E.lar ishlab chiqarilgan (1945—90).