Burxoniylar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Burxoniylar XII asrda Buxoroni idora qilgan va Sadri jahon unvoni bilan mashhur boʻlgan badavlat hukmdor xonadon.[1] Burxoniylar aslida shaharning xanafiya mazhabidagi musulmonlar jamoasi boshligʻi boʻlish bilan birga shahar maʼmuriyati ham ularning qoʻlida boʻlgan. Shuning uchun Buxoroni bosib olgan ajnabiy hukmdorlar ham burxoniylarga va ularning mol-mulkiga daxl qilmaganlar. Burxoniylarning zamondoshi boʻlgan Bundoriy va Nizomi Aruzi Samarqandiylarning maʼlumot berishlaricha, 1141-yili qoraxitoylar Samarqand yonida, Qatavon choʻlida Sulton Sanjar (1118-1157) qoʻshinini tor-mor keltirib, Samarqand va Buxoroni Xorazmshoh Otsizning qarindoshi Otmtakinga topshirgan. Otmtakinni esa burxoniylar oilasidan boʻlmish imom Toj ul-islom ibn Abdulazizning ixtiyoriga topshirib, unga imomning soʻzlaridan chiqmaslikni buyurgan. Kitobi mullazoda muallifining aytishicha, burxoniylar xonadoniga Abdulaziz ibn Umar vafotidan keyin bu lavozim oʻgʻli Muhammadga berilgan. Abdulaziz ibn Umarning avlodlari 1207-yilgacha Buxoroda mustaqil hukmronlik qildilar. Soʻng Sadri jahon Burxoniddin ibn Ahmad oʻsha yili Xorazmshoh Takash (1172-1193) tarafidan mansabidan tushirildi. Burxoniylarning baʼzi namoyandalari ilgarigidek nufuzga ega boʻlmasalar-da, imtiyozlari moʻgʻullar davrida ham asosan saqlanib qolgan. Ular somoniy amirlaridek toʻq va farovon hayot kechirganlar/ Saroyi hamisha ulamo, shuaro jamoasi bilan gavjum boʻlgan.

Manbalar[tahrir]

  1. Ahmedov, Boʻriboy (1994). Tarixdan saboqlar. Toshkent: Oʻqituvchi, 404. ISBN 5-645-02198-3. 09.02.2015 da qaraldi.