Vobkent minorasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Vobkent minorasi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi minora
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi tugagan 1198
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch
Vobkent minorasi

Vobkent minorasi — Buxoro viloyati Vobkent shahardagi meʼmoriy yodgorlik (XII-asr). Qoraxoniylar davrida Abdulaziz Sadr tomonidan 1198-yilda bunyod etilgan. Hozirgi kunda Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan[1].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vobkent minorasi Buxoro viloyatining Vobkent tumanida Qoraxoniylar davrida 1198-yilda sadrlar avlodidan boʻlgan Abdulaziz Sadr tomonidan qurilgan. Mazkur minoraning oldida madrasa va masjid boʻlgan va hozirgi kunda ayrim qismlari saqlanib qolgan[2]. Vobkent monorasi yuqori qismi alohida koshin havo rangdan iborat boʻlib, har birida bir nechta harf mavjud. 1989-yil minorada olib borilgan izlanishlar natijasida minora qurilishida tepadagi yozuv bloklar joylari almashtirib terilgan boʻlgan. Mazkur tepadagi yozuvda hadis keltirilgan boʻlib, Paygʻambar (unga salomlar boʻlsin!) aytdi, soʻzi bilan boshlangan. Naqshlar kufiy xatida yozilgan[3]. Bundan tashqari yuqoridagi yozuvida 1198-yil minora qurib bitkazilganligi qayd etilgan[4]. Vobkent minorasining pastki qismida ham yozuvlar mavjud boʻlib, shunday yozilgan edi: „Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). Bu minora Parvardigorning rahmatidan umidvor sadr, buyuk imom, shahid, baxtli, (millat va din hujjati) Abdulaziz ibn Muhammad ibn Sadr, buyuk imom, shahid (millat va din qilichi) Umar ibn Sadr, buyuk imom, bagʻrikeng (millat va din hujjati) Abdulaziz Umar farmoni bilan 593-yilning jumodul avval (1196-yil mart-aprel) oyida bunyod etilldi. Alloh uni qabul aylasin[5]“. Mustaqillik yillarida Vobkent minorasida taʼmirlash ishlari olib borilgan.

Kufiy uslubida yozilgan bitiklar

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vobkent minorasi 2023-yilda

Vobkent minorasi pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan bunyod etilgan. Minora oʻn ikki qirrali supa asosga oʻrnatilgan gʻoʻla (quyi qismining diametri 6,19 metr, yuqori qisminiki — 2,81 m) shaklida rangdor, pishiq gʻishtlardan qurilgan. Bir paytlar yonida mavjud boʻlgan masjid tomonidan kirib, yuqoriga aylanma zinapoya orqali chiqilgan. Boʻrtma naqshli 10 belbogʻ bilan qismlarga ajratilgan, har bir qismi bir-biriga oʻxshamaydigan qilib gʻisht terib naqshlangan, quyisidagi naqshlar orasida qurilgan yili va qurdirgan shaxs (Sadr Burhoniddin Abdulaziz II) ning nomi kufiy uslubida yozilgan. Minoraning uchi kengaytirilib, qafasa ishlangan (diametri 3,66 m), gʻisht terib ishlangan 10 ravoq orasida 10 darcha hosil qilingan, darchalarning quyisi gʻisht panjara bilan toʻsilgan. Minoraning tashqi koʻrinishi koʻp jihatdan Minorai Kalonga oʻxshaydi, lekin muqarnaslari ancha sodda. Minora supasi tuproq ostida qolgan, qurilgan paytida uning baladligi 2,3 m boʻlganini arxeologik tadqiqotlar koʻrsatadi. Minoraning umumiy balandligi esa 40,3 metrni tashkil etadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Vobkent minorasi“. Meros.uz. Qaraldi: 2023-yil 20-noyabr.
  2. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 223.
  3. Toʻrayev 2020, s. 105.
  4. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 225.
  5. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 227.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilmiy adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Toʻrayev H. Buxoro tarixi. Buxoro: Durdona nashriyoti, 2020 — 320 bet. ISBN 978-9943-6571-0-6. 
  • Каримова Г лойиҳа муаллифи, таржима ва изоҳлар муҳаррирлари Б. Бобожонов, К. Рахимов. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар. Тошкент: Ўзбекистон нашриёти, 2011 — 564 bet. ISBN 978-9943-01-716-0. 
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil