Bo‘ron Ochilov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bo‘ron Mo‘minovich Ochilov
Tavalludi 1942-yil
Buxoro shahri
Vafoti 1998-yil
Fuqaroligi O‘zbekiston SSR, O‘zbekiston Respublikasi
Kasbi fizik olim
Sohasi geliofizika, geliotexnika
Ish joylari Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning Fizika-matematika fakulteti
Taʼlimi Buxoro davlat pedagogika instituti (1965)
Ilmiy darajasi texnika fanlari doktori
Tezis sarlavhasi

„Parnik va qiya pog‘onali quyosh suv chuchutkichlarini tadqiq etish va ularni O‘zbekison cho‘l-yaylov suv ta’minoti tizimida qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganish“ (nomzodlik, 1971);

„Quyosh energiyasi yordamida ishlovchi past potensialli suv chuchutkich va muzlatkich qurilmalarini yaratish va tadqiq etish“ (doktorlik, 1982)
Akademik rahbarlari akademik G‘iyos Yoqubovich Umarov
Mashhur shogirdlari bolgariyalik Z.Georgiyeva, mongoliyalik Chimet Mangoljanov
Mukofotlari Qori Niyoziy nomidagi davlat mukofoti

Bo‘ron Mo‘minovich Ochilov (1942—1998) — geliotexnika sohasida faoliyat yuritgan olim, ixtirochi, texnika fanlari doktori.

Taʼlimi va ish faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bo‘ron Ochilov 1942-yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. U 1960-yilda Buxoro shahridagi 6-o‘rta maktabni oltin medal bilan bitirib, Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning Fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirgan. 1965-yilda institutni tugatib, umrining oxirigacha shu institutda assistent, dotsent, kafedra mudiri va fakultet dekani lavozimlarida mehnat qilgan.

Nomzodlik ishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bo‘ron Ochilov 1969—1970-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida taniqli geliofizik olim, akademik G‘iyos Yoqubovich Umarov rahbarligida aspiranturada shug‘ullandi va 1971-yilda „Parnik va qiya pog‘onali quyosh suv chuchutkichlarini tadqiq etish va ularni O‘zbekison cho‘l-yaylov suv ta’minoti tizimida qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganish“ mavzusida texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli yoqladi[1].

Aslida, nisbatan kichik tajriba qurilmalarda olingan natijalar nomzodlik ishi himoyasi uchun yetarli bo‘lsa-da, u boshqa yo‘ldan bordi: 1970-yilda Buxorodan 360 km uzoqlikda joylashgan Qizilqum sahrosining „Boymurod-quduq“ aholi punktida umumiy sathi 700 kvadrat metr bo‘lgan, sutkasiga 5 tonnagacha toza ichimlik suvi hosil qilib bera oladigan ulkan quyosh suv chuchitkich qurilmasini yaratdi. Bu qurilma dunyoda mavjud bo‘lgan shu xil qurilmalardan o‘zining unumdorligi, ishlatish yo‘llarining oddiyligi bilan farq qiladi.

Mazkur qurilma geliotexnika sohasida buxorolik olimlarning ishlarini hatto amerikalik olimlarga ham manzur qildi. 1974-yilning sentyabrida Amerikaning katta bir ilmiy delegatsiyasi dunyoga mashhur geliofizik olim Lyof rahbarligida Moskva, Toshkent qatori Buxoroga ham tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari Bo‘ron Ochilov rahbarligida quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha Buxoroda o‘tkazilayotgan ilmiy tadqiqotlarning natijalarini yuqori baholadi.

Doktorlik ishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bo‘ron Ochilov pedagogik faoliyat olib borish bilan birga fan bilan shug‘ullanishni davom ettirdi. 1970-yilda bevosita o‘zi tashkil etgan ilmiy laboratoriya — geliopoligonda quyosh suv chuchitkichlarining bir necha yangi konstruksiyalari va geliomuzlatkichning original konstruksiyasini yaratib, tajribadan o‘tkazdi[2] va xalq xo‘jaligida qo‘llashga moslashtirdi[3]. 1982-yilda Qozon shahridagi D.I.Mendeleyev nomidagi Kimyo-texnologiya institutidagi ixtisoslashgan doktorlik ilmiy kengashida „Quyosh energiyasi yordamida ishlovchi past potensialli suv chuchutkich va muzlatkich qurilmalarini yaratish va tadqiq etish“ mavzusida texnika fanlari doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qildi.

Ilmiy-pedagogik faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bo‘ron Ochilov o‘zining qisqa hayoti davrida 3 ta monografiya chop ettirdi. 150 dan ortiq ilmiy maqolalarini xalqaro va respublika ilmiy jurnallarida e’lon qildi. 4 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorladi. U pedagogik faoliyatida erishgan muvaffaqiyatlari uchun Qori Niyoziy nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning bevosita rahbarligida O‘zbekistonning turli oliy o‘quv yurtlarida 10 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlandi. Bo‘ron Ochilov xorijlik ilmiy xodimlarga ham ilmiy rahbarlik qildi. Bolgariyalik Z.Georgiyeva, mongoliyalik Chimet Mangoljanovlar uning rahbarligida ishlab, fan nomzodlari ilmiy darajasini egallagan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Раҳматов И. Бухоролик гелиофизик олимлар, Бухоро, 2009 — 10 bet. 
  2. „Генератор-адсорбер гелиохолодильника“. 2023-yil 10-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyul.
  3. Ачилов Б.М. Солнечные опреснители и холодильники / Б.М. Ачилов, О.Х. Шадыев, Т.Д. Жураев; Бухар. гос. пед. ин-т им. С. Орджоникидзе. Ташкент: Фан, 1976 — 104 bet.